Jahon | 16:09 / 30.04.2021
18059
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml: Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi mojaroni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyor

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara masalasida yuzaga kelgan mojaroda vositachi bo‘lishga tayyor. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qilgan.

«Kollektiv kelishuv bo‘yicha umumiylikni inobatga olsak, Putin doim keskin mojarolarni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyor. U buni bir necha marta ko‘rsatgan ham. Hozircha esa diplomatik muloqot vositasida erishilgan o‘q otishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qo‘llaymiz», degan Peskov.

29 aprel kuni Tojikiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosi yana to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Unda harbiylar ham aralashdi. 150 dan ortiq odam jabrlandi, 20 kishi halok bo‘lgani ma'lum. 29 aprel kuni kechga yaqin tomonlar o‘q otishni to‘xtatishga kelishib oldi, lekin tunda chegarada yana o‘q ovozlari eshitilgan.

Uzoq yillardan buyon tinchimayotgan chegara mojarosi bu gal «Bosh» suv taqsimlash stansiyasini talashish oqibatida kelib chiqqan. Tojikiston stansiyaga elektr uzatish ustunlariga kuzatuv kameralarini o‘rnatgani Qirg‘iziston tomoniga yoqmagan. Fuqarolarning o‘zaro bir biriga tosh otishidan boshlangan mojaro keyinchalik qurolli to‘qnashuvga aylanib ketdi.

Mavzuga oid