Jamiyat | 19:00 / 10.05.2021
6575
5 daqiqa o‘qiladi

Huawei kompaniyasi va TIQXMMI hamkorligida “Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi amalga oshirilmoqda

O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi tizimlari sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish haqida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Korporativ ijtimoiy mas'uliyatni bajarish va qishloq xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi tizimlarini boshqarish sohasida innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Huawei kompaniyasi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Memorandum doirasida Huawei kompaniyasi va TIQXMMI 5G texnologiyalari, jihozlar interneti, aqlli uzatkichlar va katta xajmdagi ma'lumotlarni intellektual platforma asosida boshqarish, monitoring qilish va qayta ishlash tizimlaridan foydalangan holda aqlli qishloq xo‘jaligi loyihasini ishga tushirmoqda.

“Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasini tatbiq qilish tabiiy resurslardan oqilona foydalanish darajasini oshirish, hosilning holatini nazorat qilish va boshqarishni soddalashtirish, ob-havo haroratini, tuproqning namligini, sug‘orish tizimlarining holatini tahlil qilish hisobiga tashqi muhitning hosilga ta'sir qilish ehtimoli darajalari haqida ogohlantirish, shuningdek real vaqt tartibida «aqlli» maydondan video-ma'lumot olish imkonini beradi. Loyiha TIQXMMI mutaxassislari va professorlari tarkibi tomonidan Huawei kompaniyasining ekspert va texnik ko‘magi bilan hamda Suv va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari ko‘magi bilan, “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filiali mobil operatori tarmoqlarida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Tadbirda TIQXMMI rektori O‘ktam Umurzoqov bu kabi loyihalar kata o‘zgarishlar uchun kichik bir debocha ekanini ta'kidlab o‘tdi. O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirish ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligiga urg‘u berildi. “Mazkur yondashuv boshqa qishloq va suv xo‘jaligi korxonalarida katta maqsadlarga erishish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etishga yaqqol namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuningdek yosh avlod tarbiyasida, yuqori malakali muhandis va mutaxassislarni yetkazib berishda institutimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning bir ko‘rinishidir. O‘ylaymanki Huawei kompaniyasining innovatsion yondashuvi O‘zbekistonda ishlayotgan boshqa kompaniyalarga o‘rnak bo‘la oladi”, – deya fikr bildirdi janob Umurzoqov.

“Bizning Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorligimiz ko‘p yillik tarixga ega va shu yillar davomida biz ko‘p jihatdan o‘zaro bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Joriy yilning boshidan biz hamkorlikda institut Ma'lumotlar markazini ishga tushirdik, shuningdek o‘qituvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazdik va ularning raqamli ko‘nikmalarini oshirdik. Memorandumni imzolash marosimi bizning hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi va bizga beshinchi avlod tarmoqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalanish hisobiga qishloq va suv xo‘jaligi sektori uchun ochiladigan istiqbollarni namoyish etish imkonini beradi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekistondagi dehqonlarning ko‘p mehnat talab qiladigan ishlarini soddalashtirish va shu bilan birga ularning samaradorligini oshirish, hamda atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish, mamlakatning tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanish darajasini oshirish”, – deya ta'kidladi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining direktori Lyu Tszyasin.

Huawei Uzbekistan kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va turli iqtisodiy sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali aholining ijtimoiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish va foyda keltirishga harakat qilmoqda. 2020 yilda kompaniya bir qator ijtimoiy loyihalarni va ta'lim loyihalarini, jumladan, Toshkent shahridagi ikkita maktabni raqamlashtirish uchun uskunalar bilan ta'minlash ishlarini, IT-universitetlari talabalari uchun “Seeds for the Future” o‘quv loyihasini, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonning AKT sharhlovchisi” tanlovini, shuningdek, “Ezgu Amal” jamoatchilik fondi bilan hamkorlik ishlarini amalga oshirdi va UNDP Uzbekistan bilan birgalikda Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tashabbusda ishtirok etdi.

Huawei Uzbekistan kompaniyasi Matbuot xizmati

Mavzuga oid