O‘zbekiston | 14:31 / 10.05.2021
1954
2 daqiqa o‘qiladi

Yangihayot tumanida “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga 102 mln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahri Yangihayot tumanida joriy yilning 6 may kuni “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash tizimi, amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mirzohid Komilov hamda mutasaddilar ishtirok etdi.  

Hokim o‘rinbosariga ko‘ra, Yangihayot tumani aholisining 17 553 nafarini yoshlar tashkil etadi.  Ularning 7 726 nafari doimiy band bo‘lgan, 5 308 nafari rasmiy ishlayotgan, 98 nafari muddatli harbiy xizmatdagi, 32 nafari JIEMlardagi, 2 288 nafari ta'limdagi va 9 827 nafari uyushmagan yoshlardan iborat.

Tadbir davomida tumanda “Yoshlar daftari” bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirib kelinayotgani, ayni paytga qadar “Yoshlar daftari”ga 1 689 nafar yosh kiritilgan bo‘lib, ayni paytda ulardan 1 295 nafarining bandligi ta'minlangani ham ta'kidlandi. 
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi qarori ijrosi yuzasidan Yangihayot tumani hokimining qaroriga muvofiq “Yoshlar daftari jamg‘armasi” tuzildi.

  • Unga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning 20 nafariga bir martalik, jami 19 mln 600 ming so‘m moddiy yordam;
  • 8 nafar yoshga davolanishi uchun 52 mln 492 ming so‘m;
  • 7 nafar yoshlarga oliy o‘quv yurtining shartnoma to‘lovi uchun  17 mln 590 ming 748 so‘m;
  • 2 nafar yoshga noturar joy ijarasi uchun 2 mln 960 ming so‘m;
  • 10 nafar yoshga asbob-uskuna olib berish uchun 9 mln 800 ming so‘m, jami 102 mln 442 ming 748 so‘m ajratilgan. 

Bundan tashqari, tumandagi 499 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash maqsad qilingani aytib o‘tildi.

Mavzuga oid