«Mayda baliqlarni tutish va asl ildizlarga bolta urish – boshqa-boshqa narsalar» - ziyolilar O‘zbekistondagi korrupsiya illati haqida
Har qanday sog‘lom jamiyat boshqaruvida muammolar yechimiga ziyolilar, ulamolardan fikr olinadi, islohotlar ularning ishtiroki, maslahati bilan qilinadi.
Xo‘sh, korrupsiya ildiz otib ketgan bugungi o‘zbek jamiyati haqida ziyolilar nima deydi? Nega jamiyatimiz bu illatdan qutula olmayapti?
Amaldagi hukumat korrupsiyani imkon qadar kamaytirish uchun qanday shoshilinch choralarni ko‘rishi kerak?
Kun.uz shu kabi savollar yuzasidan qator taniqli diniy ulamo, yozuvchi va jamiyatshunos olimlardan fikr olib, xalqqa, hukumatga yetkazib kelmoqda.
Quyida yozuvchi Ulug‘bek Hamdam, Odilxon qori va sotsiolog Mansur Bekmurodovning fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.
«Bitta-ikkita «mayda baliq»larni tutib jar solish bilan asl korrupsiya ildizlariga bolta urish – boshqa-boshqa narsalar» — Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi
— Korrupsiya – jamiyat oyog‘iga urilgan tushov. U bilan uzoq va bemalol yurib bo‘lmaydi. Hamma jamiyatlar, hamma zamonlarga tegishli bu gap. Lekin ming afsuski, keyingi yillarda o‘zbek jamiyatini poraxo‘rlik illati mo‘ri malaxdek bosdi: har teshikdan uning qurtlari chiqib kelmoqda. Jamiyat o‘pkasi bunday qurtlar bilan nafas ololmay qoldi – bilib turibmiz.
Buning sababini ko‘rsatish unchalik qiyin emas: jamiyatda yaratilgan nosog‘lom muhitdir sababi!
Bunga ta'lim-tarbiyaning nuqsonlaridan tortib, to poraxo‘rlikning jazosiz qolayotganiga, ya'ni sud tizimining kamchiliklariga qadar kiradi.
Avvalo, umumiy ta'lim-tarbiya masalasiga to‘xtalsak. Biz yosh avlodni qanday tarbiya qilyapmiz, o‘qityapmiz? «Inson baxtli bo‘lishi kerak», deyapmiz va baxtning kalitini, albatta, zar (moddiy boylik) va zo‘r (hokimiyat)da deya ko‘rsatyapmiz. Bu – to‘g‘ri emas. Materializmga, matohizmga sig‘inadigan qavm paydo qildik va qilyapmiz...
Umuman, dunyo siyosatidagi bu qusurni tuzatish shart! Nafaqat bizning jamiyat, balki butun dunyo jamiyatlari bu haqda o‘ylab ko‘rishi kerak endi. Insonning insondek yashab o‘tishi uchun muayyan moddiy-ma'naviy daraja kifoya qilishini insonga yoshligidan uqtirmoq kerak. Shunda u yuzidagi insonlik pardasini shilib tashlab boy bo‘lishga intilmaydi, mansabga o‘tirish uchun otasini sotishga tayyor kun kechirmaydi. Bir kosa ovqat-u ikki uchta kiyim, bitta boshpana bilan ham baxtli bo‘lishini bilgan insonning korrupsiyaga ehtiyoji qolmaydi.
Bu – masalaning ta'lim-tarbiya bilan bog‘liq jihati. Ayni shu o‘rinda adabiyot, san'at, falsafa kabi ijtimoiy sohalar inson qalbi tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Buni aslo yoddan chiqarmaslik kerak.
Endi masalaning keyingi jihatiga kelsak, jamiyatda poraxo‘rlar darrov topilib jazo olyaptimi? Yo‘q yoki yo‘q darajada. Xo‘jako‘rsinga bitta-ikkita «mayda baliq»larni tutib jar solish bilan asl korrupsiya ildizlariga bolta urish – boshqa-boshqa narsalardir.
Agar prokuratura, sud tizimlari mustaqil ravishda o‘z ishini sidqidildan bajarganda edi, O‘zbekistonda korrupsiya bu darajada ildiz otib ketmasdi. Tamom-vassalom! Buning boshqa sirli tomonlari yo‘q: hammasi oddiy va tushunarli.
Demak, avvalo ta'lim-tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Bu – bir. Ikkinchidan – poraxo‘rni, kim bo‘lishidan qat'iy nazar, tutib jazolash kerak. Bu – ikki. Shuni qiling, jamiyat, bir necha yilda o‘ziga kelib qoladi. Shuginani qilmasak, shuginaga yaramasak, korrupsiya haqida gap sotishdan foyda yo‘q.
«Biz korrupsiya illatidan bus-butun qutulmoqchi bo‘lsak, diniy bilimlarni farzandlarimiz ongiga singdirishimiz kerak» — Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
— Aslida bizda kasallik, uning zarari, bemori aniq, hatto bu kasallikning dorisini ham bilamiz. Faqat bu dori, kasallikning oldini oluvchi qoidalarga tilimiz, dilimiz, iymonimiz bilan amal qilsak bo‘lgani.
Biz diniy soha vakili o‘laroq, yechimni avvalo muqaddas dinimizdan izlaymiz. Chunki dinimiz Alloh tomonidan qiyomatga qadar insoniyat hayotini, bu hayotda navbat bilan keladigan bahor, yoz, kuz va qishni, muammolar va tugunlarning barchasini hal qilib bo‘lgan. Shifo, muolajalarini ko‘rsatib bo‘lgan.
Qur'oni karimning «Yusuf» sur'asi 11 oyatida Alloh: «Bu Qur'on to‘qima gap emas. O‘zidan avval kelgan kitobning tasdig‘i va barcha narsaning tafsiloti. Hidoyat va iymon keltirganlar uchun ramatdir», – deydi.
Bu va'da olim, akademik, faylasuf yoki biror hikmatli insonning gapi emas. Bu va'da – barchamizni yaratgan va o‘sha muammolarimizning bo‘lishini bilgan Allohning va'dasidir. Demak, biz har qanday muammomizni eng avvalo Allohning ta'limotidan qidirishimiz kerak.
Mana shu holatda bizning xatolarimiz oydinlashadi. Biz xatolarga yechimlarni boshqa joydan axtaramiz.
«Banda dedim pand yedim, Alloh dedim qand yedim», deya bejizga aytishmagan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muqaddas hadislari bor. Ulamolar, olimlar, hikmatli insonlar bu hadisni musibat bo‘lgan, janoza bo‘lgan xonadonlarda, vazima ehsonlarda, diydorlashuvlarda ko‘p aytishadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Lazzatlarni kesuvchi, buzuvchi, sindiruvchi, yo‘q qiluvchi narsani, ya'ni o‘limni ko‘p eslanglar», degan.
Xo‘sh, bu hadisning korrupsiya illati bilan qanday bog‘liqligi bor?
Ming afsuski, qonunlarimiz korrupsiyani butkul yo‘qotishda foyda bermayapti. Qancha tashkilot va jamoatlar tuzyapmiz. Lekin qani foyda bergani? Qaytanga o‘sha tashkilotlardagi eng ishonchli deyilgan ayrim xodimlarning o‘zi shu illat bilan kasallanyapti. Tashviqot, targ‘ibotlar foydasiz qolyapti.
Buning sababiki, inson Allohdan uzoqlashgan sari, kim bo‘lishidan qat'i nazar, orzu havasga ruju qo‘yadi va birovning haqidan qo‘rqmaslik illatini yuqtiradi.
«Falonchi rektor qo‘lga tushibdi, falonchi o‘qituvchi ushlanibdi, falonchi tashkilot xodimi pora olibdi», degan gaplarni kunora eshitayotganimiz sababi shundan. Bu hatto oddiy xabarga aylandi jamiyatimizda.
Pora olayotganlar va berayotganlar ko‘p narsani o‘rganishgandir, lekin Allohni, uni borligini, bizni doim ko‘rib, bilib, ishlarimizning shohidi bo‘lib turganini unutganlardir. Oxiratni eslashni unutganlardir. Diniy ta'limotni o‘zlashtirishni chetga surib qo‘yganlardir. Nafaqat chetga surganlar, balki diniy ta'limga qarshi bo‘layotganlardir.
Bizda ko‘p yillar «uni 18 yoshdan keyin o‘rganishadi», deya kelajak avlodni diniy savoddan bebahra qilishdi va bu harakatlar hamon bor. Bu haqiqat, buni tan olishimiz kerak. Alloh hammasini ko‘rib turibdi.
Hadisda «O‘limni ko‘p eslanglar», deyilishi ham shundan. Kimki, Allohni, o‘limni eslashni tark qilibdimi, uning gunoh qilishi ham muqarrardir.
Har bir kishi ertami-kechmi o‘lim topishini, ertaga Allohning qabulida, uning savol-javobida bo‘lishini unutdimi, gunoh ishlarga, birovning haqini yeyishni, birovning «eni», birovning «bo‘yi»dan urishni boshlaydi. Bechorami, g‘aribmi farqi yo‘q, zulmga beriladi.
Biz korrupsiya illatidan bus-butun qutulmoqchi bo‘lsak, diniy ta'limni, diniy bilimlarni farzandlarimiz ongiga quyishimiz kerak.
Farzandlarimiz, o‘g‘il-qizlarimizni bu ma'rifat bog‘i suvlaridan qondirishimiz kerak.
Mutaxassislar birovning haqini yeyish qanday og‘ir gunohligini o‘quvchilarga bola tilida yetkazishi, bu borada qulay darsliklar yaratilishi kerak.
Buxoriy, Termiziy, Navoiyning muhtarama, mastura onalari ularni qanday pok qilib tarbiyalagani, haromdan qo‘rqishga o‘rgatganini bugungi bolajonlarimizga tushuntirishimiz kerak.
Bolalarga o‘rgataylik, to‘g‘ri yo‘l qaysi, noto‘g‘ri yo‘l qaysi, halol qaysi, harom qaysiligini.
Agar shular bo‘lmasa, korrupsiyaga qarshi qonunlar yozish, tashkilotlar tuzish va ming xil jazolar ishlab chiqishning foydasi yo‘q.
Insha Alloh, agar shunday bo‘lsa, prezidentimiz jon kuydirayotganidek, jamiyatda adolat o‘rnatiladi.
«O‘zbekona oila tarbiyasidagi qusurlar ham jiddiy ahamiyatga ega» — Mansur Bekmurodov, sotsiologiya fanlari doktori, professor
— O‘ylashimcha, bugungi o‘zbek jamiyatidagi korrupsiya holatining uch ildizi mavjud. Bu ildizlar quritilsa, jamiyatimiz halol hayot kechirishga o‘tadi.
Birinchi ildiz – sobiq sovet davrida, davlat idoralarining aksariyat xodimlari «davlatdan yulishni», jamoa mulkini o‘g‘irlashni yalpi harakatga aylantirib olgan edilar. Zavodlarning ishchilari o‘zlari ishlab turgan korxonada nima ishlab chiqarilsa, ishxonasidan uyiga tashir edilar. Pripiska, tanish-bilishchilik yalpi tus olgan edi. Poraxo‘rlik esa oddiy holat bo‘lib qolgan edi. Bu holat deyarli 70 yil davom etdi. Undan oldinroq esa, ya'ni Chor Rossiyasi davrida mingboshilardan tortib yuzboshilik lavozimlariga o‘tish ham pora orqali bo‘lgan. Demak, bu ildizning umri deyarli 130 yil bo‘lgan.
Ikkinchi ildiz – keyingi 25 yil. Mustaqillikka erishilgandan so‘ng ham korrupsiyaga qarshi kurashish tizimli emasdi. Davlat va jamiyat boshqaruvida vertikal ta'sir kuchaytirilgan, gorizontal boshqaruv esa yo‘lga qo‘yilmagan edi. Odamlar qo‘rquv ostida ushlab kelindi. Qo‘rquv ostidagi fuqarolar esa davlat idoralari ishini nazorat qila olmadi.
Uchinchi ildiz – korrupsiyaga qarshi kurashishda oshkoralik, ochiqlik muhiti yo‘qligi. Shuningdek, o‘zbekona oila tarbiyasidagi qusurlar ham jiddiy ahamiyatga ega.
Oilada to‘g‘rilik tarbiyasini bola tilga kirishi bilan boshlash o‘rniga hayotga endi kirib kelayotgan bolaga vaziyatga qarab ish tutish tarbiyasi, ya'ni («Begona so‘rasa, meni uyda yo‘q deb ayt», «Puling borligini hech kimga aytma», «Bu ishlarni onang bilmasin», «Agar bu ishni qilsang, dadang kelsa aytib bermayman») qabilidagi yondashuv bilan yolg‘onchilik tarbiyasini beramiz.
Davlat va jamiyatda bu illatga qarshi samarali kurashish uchun quyidagi ishlarni ham qilish zarur.
- Davlat idoralari xodimlari va rahbarlar uchun muammolarning yechimiga noxolis yondashuvdan ko‘ra, xolis yondashuvning afzalliklarini anglatish. Bunday yondashuvni, ya'ni to‘g‘ri yashash va ishlashni ongli ravishda istamaydiganlarni egallab turgan lavozimidan chetlatish.
- Korxonalar ixtiyoridagi maxsus mablag‘larni taqsimlash ishlarini eski qoidalar asosida emas, balki jamoat kengashlari qarori bilan xodimlarga berish, nostandart rag‘batlantirish tartibini joriy etish kerak.
- Har bir rahbar uchun maslahat olib qaror qilish, buyruqlar chiqarish oldidan fikr-almashuv tizimini joriy etish zarur.
- Noxolis, yolg‘onchi, poraxo‘r iymondan chiqqan odam ekanini har kuni ijtimoiy tarmoqlar va televideniye ko‘rsatuvlari orqali berib borish lozim.
- Davlat boshqaruv organlari sonini optimallashtirish, faoliyatni takrorlash holatlariga barham berish, bir ishni bir necha tashkilot tomonidan bajarilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
- Sud-huquq tizimida lavozimlarga tayinlashda da'vogarning kasbiy mahorat, halollik, fidoyilik fazilatlari bilan birga jamoatchilik fikri asosida qaror qabul qilish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yish zarur. Poraxo‘rlikka qarshi samarali kurashishda Singapur tajribasidan keng foydalanish zarur.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024