O‘zbekiston | 13:33 / 12.05.2021
8394
3 daqiqa o‘qiladi

«Obnalchi» korxonalar soni 96taga ko‘paydi

O‘tkazilgan soliq tekshiruvlarining to‘rtinchi bosqichida yana 96ta korxona «shubhali» deb topilib, ularning soni 667taga yetdi. Shu bilan bir qatorda 7ta korxona «shubhali»lar qatoridan chiqarildi.

Davlat soliq qo‘mitasi shubhali korxonalardan iborat yangilangan ro‘yxatni e'lon qildi.

Dastlabki bosqichlarda «shubhali» deb topilgan 578ta korxonaning soliq qonunchiligiga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari natijasida 7ta korxonada «shubhali» deb topilishiga asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilganligi sababli ro‘yxatdan chiqarildi.

Shu bilan birga dastlabki uch bosqichda aniqlangan 578ta shubhali korxona qatoriga to‘rtinchi bosqichda yana 96ta korxona kiritildi.

Boshlang‘ich tahlillarga ko‘ra, mazkur 96ta shubhali korxona bilan iqtisodiy aloqaga kirgan kontragentlar soni 1 347 tani, ular tomonidan amalga oshirilgan tovar aylanma 541,3 mlrd. so‘mni, shundan asossiz hisobga olingan QQS summasi 80,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Mazkur shubhali korxonalar hisobraqamlari yopilgan va ularning kontragentlariga xabarnomalar jo‘natilgan.

Bugungi kunda «shubhali» deb topilgan korxonalar ro‘yxatidagi 667ta korxonalar kontragentlarida 98,1 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlangan.

Ta'kidlanishicha, soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni o‘rganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlari tashkil etilmoqda.

O‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvlari natijasida ogohlantirishlarda qayd etilgan xatoliklar tasdig‘ini topgan 680ta sub'yektlarga 81,7 mlrd. so‘mlik budjetga to‘lanishi lozim summalarni joriy yil dekabr oyiga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlariga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.

Mavzuga oid