Jahon | 22:13 / 15.05.2021
11231
3 daqiqa o‘qiladi

Parijda politsiya Falastinni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalandi

Avvalroq Parij sudi tartibsizliklar yuz berishidan xavfsirab namoyishlarga ruxsat bermagandi. Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishlari Fransiyaning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: AFP

Parijda politsiya va G‘azo sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan namoyishlar qatnashchilari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bu haqda La Depeche xabar bermoqda.

Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkaydigan texnikadan foydalandi. Politsiya boshqarmasining ma'lumot berishicha, namoyishlar o‘tkazilayotgan hududlarga 4,2 ming nafar politsiyachi va jandarm jalb etildi. 

Foto: AFP

Avvalroq Parij sudi tartibsizliklar yuz berishidan xavfsirab namoyishlarga ruxsat bermagandi.

«Biz falastinliklar bilan hamjihatligimizni bildirmay turishga qarshimiz va namoyish o‘tkazishimizga xalaqit bera olishmaydi», — deya javob qaytardi namoyish tashkilotchilari.

France 24 kanalining xabariga ko‘ra, ular orasida falastinliklar assotsiatsiyasi, antifashist assotsiatsiyalar, New Anti-Capitalist partiyasi bor. Ma'lumot berilishicha, namoyish ishtirokchilari Isroilni «qotil» deb atagan va «Ozod Falastin» deb hayqirgan.

Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishlari Fransiyaning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tmoqda. Parijdan farqli o‘laroq, bu shaharlarda namoyishlarga ruxsat berilgan. Tuluza va Monpeleda bir necha yuz kishi ishtirokida namoyish o‘tkazildi. Shuningdek, Lion, Bordo, Marsel, Nant, Renn, Strasburg, Lill, Mets shaharlarida mitinglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 10 maydan buyon davom etmoqda.

Mavzuga oid