Jahon | 21:09 / 16.05.2021
11852
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi Isroil-Falastin mojarosi og‘ir inqirozga olib kelishidan ogohlantirdi 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil-Falastin mojarosini darhol to‘xtatishga chaqirdi va ikki tomon o‘rtasidagi jangovar harakatlar mintaqani nazorat qilib bo‘lmas inqirozga olib kelishidan ogohlantirdi.

«Janglar darhol to‘xtatilishi kerak», deb aytgan Guterrish BMT Xavfsizlik kengashining Yaqin Sharqdagi mojaro yuzasidan o‘tayotgan yig‘ilishida. BMT bosh kotibi so‘nggi haftada 200dan ko‘proq kishining o‘limiga olib kelgan zo‘ravonlikni «mudhish» deb atagan.

 «Bu keskinlik gumanitar inqirozga hamda nafaqat Falastinning bosib olingan yerlari va Isroilda, balki butun mintaqada ekstremizm yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin», deb aytgan Guterrish.

Avvalroq Falastinda Isroilning zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 200dan oshgani ma'lum qilingan. O‘z navbatida, Isroil tomondan qurbonlar soni 10 kishiga yetgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 18 may kuni Isroil va Falastin o‘rtasidagi qarama-qarshilik bo‘yicha videomuloqot o‘tkazadi. Ittifoqqa a'zo davlatlar mojaro bo‘yicha umumiy pozitsiyaga kelishga harakat qilmoqda. YeIning ba'zi davlatlari, jumladan, Germaniya, Avstriya va Sloveniya mojaroda Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, ba'zilari uni o‘zini bosiq tutishga chaqirmoqda.  

Mavzuga oid