O‘zbekiston | 13:15 / 21.05.2021
40405
4 daqiqa o‘qiladi

Qibraydagi ekin maydonlari nega buzilgani ma'lum bo‘ldi. Dehqonlarga tovon puli to‘landi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qibray tumanidagi 9 gektar yer maydoniga ekilgan qulupnay buzib tashlanayotganiga doir video tarqaldi. Kun.uz ushbu holatni to‘lig‘icha o‘rgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, video aks etgan holatlar haqiqatda ham ro‘y bergan, voqealar tumanning Musomuhammedov massivida bo‘lib o‘tgan. Ushbu yer uchastkalari, shuningdek qo‘shni hududlarda jami 104 gektar yer maydonida yirik ijtimoiy obekt barpo etilayotgani bois, «Saidvali Hoji» fermer xo‘jaligiga qarashli 20,2 gektar yer maydoni barcha ekilgan ekinlar va bog‘ uchun qilingan xarajatlar uchun tovon puli to‘lanishi sharti bilan jamoat ehtiyoji uchun olingan.

Tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Hamidulla To‘raxo‘jayev ushbu masalaga quyidagicha oydinlik kiritdi.

Hamidulla To‘raxo‘jayev

«Fermer xo‘jaligida 20,2 gektar yer maydoni mavjud. Shu yer maydonidan 12 gektar bog‘i bor, o‘sha bog‘ning oralig‘iga 8 gektar qulupnay ekilgan. Davlat ehtiyojiga olishda fermer bilan kelishilgan edi. Dehqonlar ham bo‘shatib berishga rozi bo‘lishdi. O‘shanda terilmagan qulupnay uchun bir gektariga 50 mln so‘m, yarmidan o‘tgan, ya'ni terilgan maydonlar uchun gektariga kamida 24 mln so‘m tovon puli to‘lashga kelishildi.

8 gektar joyda 9 kishi qulupnay ekib dehqonchilik qilgan. Biz dalolatnomalar tuzilib, qiymatni chiqarish uchun ekspertizaga berilgani, narxlash ishlari yakunlanib tasdiqlangach, hujjatlar moliya bo‘limiga taqdim etilishi hamda tovon pullari to‘lanishini aytganimizda to‘g‘ri tushunishgandi. Oradan 4-5 kun o‘tgach, ishonchsizlik paydo bo‘ldimi, to‘lamayapsizlar, degan ma'noda shunday yo‘l tutishmoqda. Qolaversa, tarqagan videoda kartoshka buzilayotgani aks etgan, bog‘ oralariga ekilgan qulupnay maydonlari oldinroq buzilgan edi», - deya oydinlik kiritdi Hamidulla To‘raxo‘jayev.

Ta'kidlanishicha, asosan vodiy viloyatlaridan kelgan dehqonlar fermer xo‘jaligi rahbari bilan og‘zaki kelishuv asosida dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Ayrimlar faqat qulupnay ekkan bo‘lsa, ba'zilari sedana, fasol va kartoshka urug‘i ham qadagan.

Hokimlik mutasaddisining aytishicha, 20,2 gektar maydonidagi bog‘ va ekinlar uchun jami 850 mln so‘m tovon puli to‘lash nazarda tutilmoqda. Yakuniy raqam ekspertiza xulosasidan so‘ng aniq bo‘ladi. Qulupnay maydoni uchun ajratilgan 192 mln so‘m ham shu summaning ichida.

O‘rganishlar chog‘ida dehqonlar qurilish ishlarini olib borayotgan tashkilotning dala idorasiga chaqirtirilib, ularga jami 154 mln so‘m tovon pullari to‘landi. Shu bilan birga, ulardan qulupnay ekini uchun qilingan xarajatlari qoplangani, bu ekin uchun e'tirozlari yo‘qligi haqida tilxatlar ham olindi.

Qayd etish kerak, fermer xo‘jaligi yer maydonlarida ekilgan boshqa ekinlar uchun tovon pullari baholash ekspertizasi o‘tkazilgach, yana to‘lanadi. Bu jarayonni kuzatishda davom etamiz.

Mavzuga oid