O‘zbekiston | 15:28 / 22.05.2021
13634
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent ma'muriy sudidan 2 xil standart: «Obnal ishi»dagi mantiqsizlik sudda davom etmoqda

Toshkent tumanlararo ma'muriy sudi «obnal ishi» doirasida tadbirkorning arizasini ma'muriy emas, iqtisodiy sud sudloviga taalluqli deb topdi. Biroq bungacha xuddi shu mazmundagi arizalar xuddi shu sud tomonidan ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan edi.

2021 yilning fevral oyida soliq organlari tomonidan ko‘plab tadbirkorlarning shaxsiy kabinetiga QQS bo‘yicha hisobga olingan summalar bekor qilingani to‘g‘risida xabarnoma jo‘natildi. Shundan so‘ng, soliq to‘lovchilarning QQS bo‘yicha shaxsiy hisobvarag‘iga soliqlar hisoblandi.

Buning ortidan ko‘plab tadbirkorlar va soliq organlari o‘rtasida sudlashuvlar boshlanib ketdi. 2021 yilning dastlabki 3 oyida birgina Toshkent shahrining o‘zida soliq organlari ustidan berilgan 15ta ariza ma'muriy sudlar tomonidan qanoatlantirildi.

Tahririyatga murojaat qilgan «B.» MChJ vakili esa xuddi shu mavzudagi arizasi ish ma'muriy sud sudloviga taalluqli emas deb topilgani sababli ish yuritishdan tugatilganidan noroziligini bildirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 10 fevral kuni Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan jamiyat bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan, deb hisoblangan va QQS bo‘yicha hisobga olish bekor qilingan. Jamiyat esa ushbu holat bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma'muriy sudiga murojaat qilib, arizasida javobgar Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi yuqoridagi harakatni Soliq kodeksining 14- va 266-moddalari talabiga zid ravishda, dalil-isbotsiz holatda amalga oshirgan deb hisoblashini va suddan bu harakatni qonunga xilof deb topib, javobgar zimmasiga o‘zining yuqoridagi harakatini bekor qilish majburiyatini yuklashni so‘ragan.

Sud esa o‘zining 2021 yil 4 maydagi ajrimi bilan shikoyat bo‘yicha yuritilgan ishni ma'muriy sud sudloviga taalluqli emas deb topib, ish yuritishdan tugatadi.

Shu o‘rinda qaysi ishlar ma'muriy sud sudloviga taalluqli, degan savol tug‘iladi.

Ma'lumki, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasida ma'muriy sud davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishi belgilangan.

Shuningdek, Oliy Sud Plenumining 2019 yil 24 dekabrdagi «Ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida»gi qarorining 6-bandida ma'muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining harakatlari deganda, qaror shaklida ifodalanmagan bo‘lsa ham, biroq manfaatdor shaxslar huquqlari va erkinliklarining buzilishiga olib kelgan yoki ularning huquqlari va erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilgan yuridik ahamiyatga ega farmoyishlar tushunilishi nazarda tutilgan.

Ko‘rinib turibdiki, «B.» MChJning arizasi ma'muriy sudga taalluqli hisoblanadi va yuqoridagi ajrimda aytilganiday arizachining shikoyatida keltirilgan talablar iqtisodiy sud tomonidan hal etiladigan nizolar toifasiga emas, balki ma'muriy sud tomonidan hal etiladigan nizolar toifasiga kiradi.

Fikrimizni quvvatlash uchun amaliyotdan misollar ko‘rib o‘tsak.

Xuddi shu sud (Toshkent tumanlararo sudi)ga «G.» MChJ va «T.» XK tomonidan berilgan xuddi shunday mazmundagi talablar 2021 yil 26 aprel kuni chiqarilgan hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi mansabdor shaxslarining QQS bo‘yicha hisobga olishni bekor qilish harakatlari qonunga xilof deb topilgan va soliq boshqarmasiga shaxsiy hisob varaqlarga kiritilgan tuzatishlarni bekor qilish majburiyati yuklangan.

Ushbu mantiqsiz tafovutning sababi bilan qiziqib, Toshkent shahar sudi bilan bog‘landik. Shu sudning Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova hozirda sud ajrimi ustidan shahar sudiga apellyatsiya shikoyati berilgani, shu tufayli hali qonuniy kuchga kirib ulgurmagan sud hujjati bo‘yicha biror fikr bildirilmasligini ma'lum qildi.

Nega bitta sud tomonidan bir xil mazmundagi talab bo‘yicha 2 xil qaror qabul qilinyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga bizda ham hozircha javob yo‘q.

Asl vazifasi daraxt oqlab, ko‘chani obodonlashtirish emas, aksincha respublikada qonunlarning aniq va bir xilda ijro etish ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘lgan prokuratura organlari ham mazkur masalaga e'tibor qaratsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga doir:

Mavzuga oid