O‘zbekiston | 19:22 / 24.05.2021
9839
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir: «Yoshlarning xorijga intilishini tushunaman, ularni bizdagi ta'lim sifati qoniqtirmayapti»

«Men bilimli yoshlarning xorijga intilishini to‘g‘ri tushunaman. Ular va ularning ota-onalarini bizdagi ta'lim sifatidan to‘liq ko‘ngli to‘lmagan. Buni tan olaman», – dedi Abduqodir Toshqulov OTM bitiruvchilari orasida xorijiy davlatlarga chiqib ketish tendensiyasi ommalashib borayotgani haqidagi savolga javoban.

 

Kecha, 23 may kuni Toshkent shahrida «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulovning yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Muloqot davomida vazirga o‘zbek yoshlari, hususan, OTM bitiruvchilari orasida xorijiy davlatlarga chiqib ketish tendensiyasi ommalashib borayotgani va buning sabablari borasida savol bilan murojaat qilindi.

«Men bilimli yoshlarning xorijga intilishini to‘g‘ri tushunaman. Ular va ularning ota-onalarini bizdagi ta'lim sifatidan to‘liq ko‘ngli to‘lmagan. Buni tan olaman», – dedi Abduqodir Toshqulov savolga javoban.

Vazirga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bu borada sifatni isloh qilish yo‘lida bir qator choralarni ko‘rmoqda.

«Bu bo‘yicha ish bo‘lyapti. Biz har bir OTMda bittadan yangi prorektor lavozimi joriy qilib, unga xorijdan mutaxassis olib kelamiz. Shunday qilmasak, kredit- modul tizimi bo‘yicha arosatda yuraveramiz. U shu ishni to‘liq muvofiqlashtiradi.

Ikkinchidan, ketish masalasiga kelsak, biz uzoq muddat o‘ta yopiq davlatlar qatorida edik. Prezident O‘zbekistonni dunyoga ochdi. Shunday ekan, boshida bu to‘lqinning bo‘lishi ham tabiiy hol.

Ketayotgan yoshlarning aksariyati chetdagi hayotni ko‘rib, qaytib keladi. Chetda hamma narsani ham tayyor qilib qo‘yishgani yo‘q. Qiziqish, orzu, istak... Boradi, u yoqlarda qolgani qoladi, qaytgani qaytadi. Lekin baribir bizdagi millatparvarlik, xalqparvarlik tuyg‘ulari ustun keladi.

Biz ham endi universitetda o‘qituvchi bo‘lib qolganimizda 15 dollar oylikka ishlardik. Yetkazganmiz, harakat qilganmiz. Qo‘shimcha mehnat qilganmiz. Lekin hozir o‘qituvchilarning oyligi yaxshi-ku.

Odamni chet elga ketib qolishdan saqlashning asosiy shartlaridan biri yaxshi oylik. Hozir oyliklar ko‘tarilib boryapti-ku. Shaffoflik, demokratiya bor-ku. Bugun vazir kelib hisobot beryapti-ku. Bundan ortiq nima hayot yana?

Ha, bizda u yoqlardagidek bo‘lmasligi mumkin, lekin o‘sha yoqdagidek hayot qilishimiz uchun kelishsin, xizmat qilishsin», – dedi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri.

Mavzuga oid