O‘zbekiston | 11:01 / 26.05.2021
2923
3 daqiqa o‘qiladi

«Aybdorlarga jazo muqarrar» - Surxondaryo viloyati hokimligi Termiz tumanida archalar kesilayotganiga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryoda archalar ayovsiz kesilmoqda» sarlavhasi bilan materiallar tarqalgan. Viloyat hokimligi Termiz tumanida archalar kesilayotgani holati bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, haqiqatan daraxtlar kesilib, atrof-muhitga zarar yetkazilgan.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi «Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 fevraldagi «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.

Ana shu farmon va qaror asosida Termiz tumanining O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasiga tutash Ayritom mahallasi hududida «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo zonasini barpo etish uchun viloyat hokimining 2021 yil 6 apreldagi qarori bilan 26 gektar yer maydoni ajratilgan. Hozirda Vazirlar Mahkamasi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘olib deb topilgan tadbirkorlik sub'yekti tomonidan qurilish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur tadbirkorlik sub'yekti tomonidan archalarning kesilishi holati viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida tadbirkorlik sub'yekti tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga zid xatti-harakatlar amalga oshirilgani aniqlangan. Jumladan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish ma'muriy huquqbuzarligi sodir etilgan.

Ta'kidlanishicha, hozirda aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida qonunda belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli sudlovlikka yuborish choralari ko‘rilmoqda.

Ma'lumot uchun, Prezident farmoni bilan respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan edi. Moratoriy joriy etilishiga qaramay, 2020 yilda tabiatga 9,7 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Mavzuga oid