Jahon | 10:48 / 26.05.2021
13263
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil-Falastin o‘rtasidagi sulh qancha davom etishi mumkin?

O‘lim xavfi mavjudligi sabab iloji boricha tashqariga chiqmayotgan G‘azodagi falastinliklar o‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng Isroil nimalar qilganini yaxshiroq ko‘rish uchun o‘z mahallalari bo‘ylab kezishdi.

Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Odamlar Isroil tomonidan vayron qilingan xonadonlardan qolgan ulkan beton uyumlarini ko‘rish uchun to‘xtashar, ba'zi joylarda chiqindilar hatto ko‘chalarni to‘sib qo‘ygandi.

Ular ko‘rgan narsalar, aslida, hayratlanarli emasdi. Chunki nimalar ro‘y berayotgani televizorda ham namoyish etilgan edi.

Isroil siyosatchilari va qo‘mondonlari G‘azodagi «terror infratuzilmasi» deb bilganlari – HAMAS va boshqa kichik tashkilotlarga jiddiy zarar berganliklarini da'vo qilishmoqda.

Han Yunus shahridagi hayotni dafn marosimlari to‘xtatib qo‘ydi. Bir necha ming kishi sport maydonchasida namoz o‘qishadi va Falastin bayrog‘iga o‘ralgan jasadlarni ko‘tarib zambillarga ergashishadi.

Isroil ham, HAMAS ham g‘alaba qozongani haqida e'lon qildi.

Isroil rahbarlari vayron qilingan binolar va nishonga olingan HAMAS qo‘mondonlari hamda raketaga qarshi mudofaa tizimi – «Temir gumbaz»ning muhim yutuqlarini qayd etishmoqda.

HAMAS esa g‘alabani tirik qolish, deb ta'riflamoqda. Tashkilotning G‘azodagi yetakchisi Yahyo Sinvar sulhdan bir kun o‘tib, g‘alaba qozongan kabi yashiringan joyidan chiqib keldi. Chunki HAMAS ham siyosiy tabloga mamnuniyat bilan qarashi mumkin.

G‘azodan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Quddusdagi Al-Aqso masjidida HAMAS shiorlari yangradi. HAMAS falastinliklarga Quddusda kurashishga va ularning huquqlari uchun badal to‘lashga tayyor ekanligini baralla aytdi.

Falastin rahbari Mahmud Abbos xalqaro miqyosda Falastinni ozod qilish tashkiloti va Falastin ma'muriyati raisligi orqali o‘z xalqining ovozi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, falastinliklar o‘z prezidentlarining faoliyatidan mamnun emaslar. U may oyida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ammo o‘zi mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib qolgan saylovlarni bekor qildi. Falastinliklar 2006 yildan beri prezidentlik va parlament saylovlarida ovoz bermaydi.

Boshqa tomondan, HAMASning Quddus uchun oxirigacha kurashish haqidagi oddiy shiori istilo qilingan hududlarda yahudiy aholi punktlarining qurilishini to‘xtatish tugul, sekinlatishni ham uddalay olmagan Abbosdan hafsalasi pir bo‘lgan falastinliklar qalbida umid olovini yoqmoqda.    

Isroilda ham bosh vazir Binyamin Netanyahu HAMAS bilan 11 kunlik to‘qnashuvdan oldingi siyosiy jihatdan omon qolish kurashiga yana qaytadi.

Netanyahu shu qadar jiddiy korrupsiya ayblovlari bilan ayblanmoqdaki, u hatto Isroilning o‘n oltinchi bosh vaziri Exud Olmert singari qamoqqa tushishi ham mumkin. HAMAS Quddusga raketa otib, mojaroni juda kuchaytirib yuborgan 10 may kuni Netanyahu o‘z kursisini yo‘qotish arafasida edi.

So‘nggi ikki yil ichida o‘tkazilgan to‘rt saylovda na Netanyahu va na uning raqiblari parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olgan. Netanyahu bir oy kurash olib borganiga qaramay, parlamentda koalitsion hukumat tuzish uchun zarur bo‘lgan 61 ovozni ololmadi.

Navbat uning asosiy raqibi Yair Lapidga kelganday, hukumat ko‘pchilikni tashkil etayotganini e'lon qilishiga bir necha kun, hatto bir necha soatlar qolganday tuyulmoqda edi. Ovoz yig‘ish uchun hali ham vaqti bor, ammo beshinchi umumiy saylov o‘tkazilishi ehtimoli yuqori.

Isroil, shuningdek, yahudiy ko‘pchilik va aholining 20 foizini tashkil etuvchi arablar masalasi bilan ham shug‘ullanishi kerak.

Netanyahuning qutblantiruvchi ritorikasi va ekstremist yahudiy millatchilarini quchoqlashi murakkab vaziyatni yanada murakkablashtirib yubordi.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi avvalgi to‘qnashuvlarda bo‘lgani kabi bu safargi  sulh ham faqat tanaffusdir. Chunki muammo hal qilinishi tugul, muzlatib qo‘yilmadi hatto. Sulh navbatdagi inqiroz bilan sinovdan o‘tkazilguncha davom etadi. Bu – G‘azoga otilgan bir raketa yoki Quddusda Isroil politsiyasining falastinliklarga qarshi zo‘ravonligi yoki Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarrohda yahudiylar tomonidan falastinliklarni uylaridan haydashga urinish ham bo‘lishi mumkin. Qolaversa, uylaridan chiqarib yuborilgan falastinlik oilalar o‘rniga ko‘proq yahudiylarning joylashtirilishi Quddusdagi zo‘ravonlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lgandi.

Bu bo‘yicha Isroil tomonidan amalga oshiriladigan ishlar vaziyatni tinchlantirish uchun kechiktirildi. Biroq da'vo to‘xtatilmadi va oxir-oqibat hukm chiqariladi. Shu nuqtayi nazardan, Isroildagi huquqiy jarayon xronologiyasi sulhning birinchi yirik sinovi bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid