Jamiyat | 15:25 / 26.05.2021
56955
5 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘l sudida bir necha mahbus o‘zlariga tan jarohati yetkazgani aks etgan videolar tarqaldi. Ularning biri Murodboy ekani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda sud zalidagi sudlanuvchilar kabinasida o‘tirgan 4 nafar erkakning bilak tomirlari kesilgani, kabina oynasi va devorlariga qon bilan turli yozuvlar yozilgani aks etgan videolar tarqaldi.

Videolarga ilova qilingan izohlarda aytilishicha, ushbu hodisa chinozlik Ahmadboyning yordamchilaridan bo‘lgan va xalq orasida Murodboy nomi bilan tanilgan Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan navbatdagi jinoyat ishi doirasida bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida sodir bo‘lgan.

Gumonlanuvchilarning bilaklari nima uchun va kim tomonidan kesilgani hozircha noma'lum. Biroq telegramdagi kanallardan birida tarqalgan videolarda sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari Murodboy va sheriklarini qo‘lga olish chog‘ida topilgan 3 kg oltin, 6 milliard so‘m pul va qimmatbaho mashinalarni organ xodimlari olib ketganini iddao qilishgan.

Kun.uz’ning sud tizimida faoliyat yurituvchi manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, ushbu hodisa kecha, 25 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi binosida yuz bergan. Oliy sud raisining matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz muxbirining qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Toshkent viloyat sudining jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo‘yicha bosh konsultanti Sherzod Xudoyberdiyev ro‘y bergan voqea yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanayotgani, unda gumonlanuvchilar nima sababdan bu ishga qo‘l urishgani, shuningdek, o‘tkir tig‘li jismlar ularga qanday borib qolganiga oydinlik kiritilishini ma'lum qildi.

Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida sudlanuvchilarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Joriy yilning 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va boshqa moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan va ayni vaqtda 1-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslar;

M.Yunusaliyev (1984 y.t., 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 27.04.2019 yildan qamoqda),

G‘.Murodjonov (1987 y.t. 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 27.04.2019 yildan qamoqda),

A.Qudratov (1980 y.t., 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda), 

E.Sharipov (1987 y.t., 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda), 

S.Yulchiyev (1989 y.t., 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 07.10.2019 yildan qamoqda) Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudining 2021 yil 25 may kunidagi so‘rovnomasiga asosan boshqa jinoyat ishi bo‘yicha JIB Yangiyo‘l shahar sudiga yuborilgan.

Sud jarayoni davomida soat 15:30 larda, M.Yunusaliyev, G‘.Murodjonov va A.Qudratov sud tomonidan qo‘yilgan ayblovlardan noroziliklarini bildirib, qo‘llaridagi lezviya bo‘laklari bilan chap qo‘l bilak qismiga tan jarohat yetkazib, turli noo‘rin talablarni qo‘yib, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan», deyiladi ma'lumotda. 

Mahbuslar soat 20:00larda 1-son Tergov hibsxonasiga olib borib topshirilgan. 

2020 yil avgustida «Murodboy ishi» bo‘yicha Mirzamurod Yunusaliyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qilgan edi.

Tergov harakatlari davomida M.Yunusaliyev 2016 yil yanvar oyida «ERKIN AVTO DILLER» nomli MChJ zamirida «moliyaviy piramida» tashkil etib, bu ishga o‘zining o‘nga yaqin jinoiy sheriklarini jalb qilgani, ular yordamida 6636ta holatda 4000 nafarga yaqin fuqaroning 26 mln 870 ming 51 AQSh dollari va 18 milliard so‘m miqdordagi pul va boshqa mol-mulklarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 8 milliard so‘mlik 18ta ko‘chmas mulk obektlari (uy, choyxona, do‘kon binosi, noturar bino va inshootlar) xatlangan. Fuqarolarga tegishli 85ta yengil avtomashinalar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ushbu avtomashinalarning barchasi belgilangan tartibda baholanib, o‘z egalariga qaytarilgan.

Mavzuga oid