Ishsizlik, maosh kamligi – Senat bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash muammolari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga so‘rov yubordi
Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar Vazirlar Mahkamasiga ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashdagi dolzarb muammolar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘rib chiqdilar.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida o‘rganishlar olib bordi. O‘rganishlar nafaqat o‘rta, balki oliy ma'lumotli yoshlar bandligini ta'minlashda ham hal qilinishi zarur bo‘lgan ayrim masalalar borligini ko‘rsatgan.
«Respublikamizda 2021 yil 1 yanvar holatiga mavjud bo‘lgan 19,1 mln nafar mehnat resursining 14,8 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Shundan 13,2 mln nafari o‘z ish-joyiga ega, 1,6 mln aholi bandligini ta'minlash talab etiladi. Ulardan 805,2 ming kishidan ortig‘i 16-30 yoshdagi ishsizlar.
Shuningdek, mehnat bozoriga 2021 yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Ya'ni oliy ta'lim muassasalarini 103,1 mingdan ortiq, umumta'lim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi. Natijada 2021 yilda yoshlar bandligini ta'minlash uchun ehtiyoj 1 365,2 ming nafarni tashkil qiladi.
Respublikada 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta ta'lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 2030 yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan», deyiladi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hisobotida.
Shuningdek, hisobotda keltirilishicha, hozirda respublikada aynan tarmoqlar kesimida kvalifikatsion va oliy ma'lumotli kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganish tizimi joriy etilmagan.
Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalarini belgilash va kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talablariga yetarlicha e'tibor qaratilmayotgani oqibatida aksar bitiruvchilar o‘z kasbi bo‘yicha ishlamaydi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlarning 27,9 ming nafari ishsiz bitiruvchilardan iborat.
Bundan tashqari, taklif qilinayotgan maosh katta mablag‘ sarflab kontrakt asosida ta'lim olgan bitiruvchilarni qanoatlantirmasligi ta'kidlangan.
«Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladigan Yagona milliy mehnat tizimida korxona va tashkilotlarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq jami 116 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni qayd etilgan (Toshkent shahrida 23 417, Toshkent viloyatida 21 449, Andijon viloyatida 10 634, Farg‘ona viloyatida 9 460, Samarqand viloyatida 8 644, Buxoro viloyatida 8 524).
Biroq yoshlar tizimdan yetarli darajada xabardor emas. Qolaversa, mavjud bo‘sh ish o‘rinlarida taklif qilinayotgan maosh katta mablag‘ sarflab kontrakt asosida ta'lim olgan bitiruvchilarni qanoatlantirmaydi. Jumladan, ayni paytda oliy ma'lumot talab etadigan 19 177 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 1 mln so‘mgacha, 26 754 ta bo‘sh ish o‘rni uchun 2 mln so‘mgacha maosh taklif etilyapti.
2020 yilda respublikada jami band bo‘lganlarning 82 foizi yoki 11,1 mln nafar aholi xususiy sektorda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa tadbirkorlik sub'yektlari va oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida maqsadli kadrlar tayyorlash, kadrlarga buyurtma berish tizimida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini anglatadi», deyiladi hisobotda.
Davlat grantlari asosida tahsil olayotgan bitiruvchilarni ishga taqsimlash OTMni tamomlashdan bir oy avval komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Lekin to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotganlarni ish bilan ta'minlash masalasi bilan shug‘ullanish bo‘yicha aniq maqsadli choralar belgilanmagan.
OTMda davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilar diplom olishi uchun kelgusida faoliyat olib boradigan ish joyidan uch tomonlama (talaba, OTM, ishga qabul qiluvchi) shartnoma olib kelishi talab etilayotgan bo‘lib, mazkur jarayon ko‘p hollarda soxta ma'lumotlar ortishigagina xizmat qilyapti.
Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur qonun va huquqiy kafolatlarning hayotga to‘liq tatbiq etilmaganligi, byurokratizm, mahalliy rahbarlarning qarshiligi, korrupsiya, tanish-bilishlik, ijtimoiy adolat tamoyilining buzilishi, dastlabki mablag‘ning yo‘qligi, imtiyozli kredit mablag‘larining o‘z vaqtida berilmayotgani, bozor va biznes haqidagi ma'lumotlarning kamligi, tadbirkorlik ko‘chmas mulki obektlarini buzish holatlari mavjudligi kabi masalalar yoshlar tadbirkorligiga to‘siq bo‘layotganligi aytib o‘tildi.
«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasida aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib yoshlarni, ayniqsa qishloq joylardagi yoshlarni, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta'minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish belgilangan.
Senatorlar bitiruvchilar bandligini ta'minlash masalasida ilg‘or xorijiy davlatlardagi ijobiy tajribalarni ham o‘rganish zarurligini ta'kidladi.
Xususan, AQSh universitetlaridagi “Rekruting markazlari”, Yaponiyadagi “umrbod bandlik tizimi”, Finlandiyaning har bir oliy ta'lim muassasasi tarkibidagi maxsus bandlik xizmati, Qozog‘istondagi “Diplom bilan qishloqqa” kabi dasturlarni ham o‘rganish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash masalasida hukumatga Parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
10:51 / 30.11.2024