«Bir yil ichida bolalarga jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha 10ga yaqin murojaat keldi» - bolalar Ombudsmani bilan suhbat
Kun.uz Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova bilan suhbatlashdi. Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan ishlatilayotgan jinsiy zo‘ravonliklar, mehribonlik uylari faoliyatidan qoniqmasligi, vasiylik-homiylik organlari ishini takomillashtirish, farzandlikka olishdagi yillab navbatlar haqida fikrlarini bildirdi.
– Bolalar Ombudsmani faoliyati nimalardan iborat? O‘zi bu lavozim jamiyatga kerakmi?
– Xorij davlatlarida bolalar ombudsmani bolalar himoyachisi deb hisoblanadi. Biz advokatlik faoliyatini ko‘rsatmaymiz. Lekin biz bolalar manfaati uchun kerakli davlat organlariga murojaat qilishimiz mumkin. Faoliyatimiz Konstitutsiyadan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya va boshqa xalqaro hujjatlarda kelib chiqqan holda bolalar manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
– O‘zbekistonda bolalarning qanday huquqlari buzilmoqda? Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar sodir bo‘lyaptimi?
– Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchrab turibdi. Hatto 5–9, 10–14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Bu haqiqatan achinarli holat. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy hat bilan murojaat qilamiz.
Ushbu holatlar yuzasidan sud jarayoni o‘tkazilganda, Bolalar ombudsmani vakili qatnashib, jabrlangan bolani himoya qilishga kirishadi. Shu kabi vaziyat sodir bo‘lganda, qonuniy vakilimiz sudda qatnashdi va jinoyatchiga nisbatan 15 yillik qamoq jazosini tayinlashga erishildi.
– Jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bolalar nomidan bolalar ombudsmaniga qancha murojaatlar kelib tushdi?
– Murojaatlarni ko‘rib chiqishda ota-onalar, yaqinlari bilan muloqot olib boramiz. Imkon darajasida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan bolalarning o‘zi bilan ham gaplashamiz. Bir yil ichida menga 10ga yaqin shunday murojaatlar kelib tushdi. Bolalar bilan shunaqa hodisalar sodir bo‘lishi achinarli.
Bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham bergan bo‘lamiz. Shu maqsadda Bosh prokuraturaga takliflar ishlab chiqishni rejalashtirganmiz.
Boshqa xorijiy mamlakatlarga qaraydigan bo‘lsak, bu kabi jinoyatlarga 20-25 yil, hatto butun umrlik jazo tayinlanadi. O‘zbekiston Respublikasi JKda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinoyatlarga jazo muddati belgilangan. Ammo 16 yoshga to‘lgan va 5 yashar bola o‘rtasida farq katta. Demak, hali endigina 5 yoshga to‘lgan bolaga qo‘llangan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo qattiqroq bo‘lishi kerak, degan fikrdaman.
– Bolalarning shaxsan o‘zi ombudsmanga murojaat qilishi mumkinmi?
– Bolalarning o‘zi murojaat qilishgan. Ularning murojaati sud hukmidan norozilik bo‘lib, sudda ularning xohish-istaklari qondirilmagan. Qonuniy ajrashgan oila farzandi onasida qolishi kerak bo‘lgan, ammo dadasida qolishi bo‘yicha sud qarori chiqqan yoki aksincha holatlar bo‘lgan. Qaror chiqqan sudga ombudsman nomidan xat yuborib, bu holatni o‘rganib chiqishlarini so‘raganmiz.
Kelgusida bolalar shaxsan o‘zlari bolalar ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
– Bolalarning tarbiya muassasalariga tashrif buyurib turasiz. Ular sizga o‘z muammolarini aytishadi. Ayting-chi, bugungi kunda ularni qanday muammolar qiynayapti?
– Bolaning eng katta huquqlaridan biri oilasi bag‘rida yashash, tarbiya olishdir. Ota-onalar turli sabablar tufayli bolalarini mehribonlik uyiga, go‘daklar uyiga topshirishadi. Bu achinarli holat, to‘g‘rimi? Oila kodeksiga ko‘ra, bola ota-ona qaramog‘isiz qolgan bo‘lsa, uni patronatga, vasiyga yoki farzandlikka berish mumkin. Eng oxirgi chora mehribonlik uyiga joylashtirish bo‘lishi kerak. Bizda bola ota-ona qaramog‘isiz qoldirilgan bo‘lsa, uni eng avvalo, mehribonlik uyiga topshirishga harakat qilishadi.
Aslida, bunday bo‘lishi kerakmas. Bizda homiylik-vasiylik organi tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu tizimni butunlay o‘zgartirish kerak. Hududlarda homiylik-vasiylik organida bir mas'ul shaxsga ko‘p mas'uliyat yuklanadi, vazifalari ko‘p. Organning vakolatlari ko‘p va ko‘p masalalar yechilmasdan qolib ketyapti.
Homiylik-vasiylik organi faqat yetim bolalar bilan ishlaydi, degan tushuncha noto‘g‘ri. Ota-ona va bola o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lsa, ajrashgan ota-onalar farzandlari otasi yoki onasi bilan uchrashishida to‘sqinliklar bo‘lsa, homiylik-vasiylik organi ishda qatnashishi mumkin.
– Farzandlikka olish tizimi qiyinlashtirilishi kerakmi?
– Juda ko‘pchilikni qiynayotgan savol bu. Homiylik-vasiylik organlari tizimi takomillashtirilsa, bu kabi muammolar kamayadi. Bolani vasiylikka olish, patronatga olish yoki farzandlikka olish tartiblanmagan. Bolani farzandlikka olayotganda, hokim qarori kerak bo‘lardi. Bu jarayonda ko‘plab qarorlar bekor qilinardi, ya'ni bola mehribonlik uyiga qaytarib berilardi.
Farzandlikka olish jarayoni sud orqali hal qilinsin, degan takliflar berdik. Bola o‘yinchoq emas. Ota-ona bolani tarbiyalashga tayyor bo‘lishi kerak. Bola uzoq kutilgan ne'mat. Shu sababli bolani osonlikcha farzandlikka olish tizimini qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lardim.
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Doniyor Yakubov.
Mavzuga oid
11:00 / 12.12.2024
“Odamlar to‘rtburchak, dumaloq va mehribon” – dunyoni boshqacha “ko‘radigan” bolalar
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:18 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
15:58 / 03.10.2024