O‘tgan yil o‘rik eksport qilish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan bo‘lgan O‘zbekiston endi ushbu meva importyoriga aylandi
Ayni paytda O‘zbekistonda o‘rik narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 baravar yuqori narxda sotilmoqda. 2020 yilda respublika ushbu meva eksporti hajmi bo‘yicha jahonda Ispaniyadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallagan.
EastFruit tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yil o‘rik eksporti deyarli amalga oshirilmayapti. Ichki bozorda o‘rik yuqori narxda ekani va qo‘shni Tojikistonda nisbatan arzonligi sababli, bu yil qo‘shni mamlakatdan ushbu meva import qilinmoqda. Shunday qilib, o‘rik eksporti bo‘yicha jahon miqyosidagi yetakchilardan biri bo‘lmish O‘zbekiston ayni damda uning importchisiga aylandi. Bunga nima sabab bo‘ldi va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Bunga asosiy sabab sifatida fevral oyi oxiri va mart oyi o‘rtalarida respublika hududlariga to‘satdan kirib kelgan sovuq havo oqimini ko‘rsatish mumkin. Bu danakli mevalar, ayniqsa, o‘rik hosiliga katta zarar yetkazdi, ammo qo‘shni respublika Tojikistonda hosilga u qadar salbiy ta'sir ko‘rsatmadi.
Mutaxassislar tomonidan, fevral oyi oxiridagi noqulay ob-havo tufayli o‘rik hosili boy berilishi ehtimoli kamida 60-65 foizga baholanib, narxlar kamida 2 baravarga oshishi prognoz qilingandi.
Ayni paytda O‘zbekistonda narxlar o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 6,5 baravar yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.
Ammo hosilga nisbatan ancha kam zarar yetgan Tojikistonda o‘rikning narxi bir kilogramm uchun 0,79-1,06 dollar atrofida, ya'ni O‘zbekistonga nisbatan 3-5 baravar past. Tojikistonda o‘rik narxining nisbatan ancha pastligiga qo‘shimcha omillardan biri (yaxshi hosildan tashqari), Qirg‘iziston bilan chegaraning to‘liq yopilishidir. Chunki, odatda, eksport Qirg‘iziston orqali amalga oshiriladi. Ammo Tojikistonda o‘rikka ko‘proq quritilgan meva tayyorlash uchun etibor qaratiladi, unga ho‘l meva bozori mahsuloti sifatida qaralmaydi. Shu sababli, Tojikiston o‘rigi eksporti, asosan, Qozog‘iston va Rossiya bozorlarida O‘zbekiston o‘rik eksportining o‘rnini bosa olmayapti.
Shuningdek, O‘zbekistondan o‘rik eksportining deyarli yo‘qligi tufayli bu yil Rossiyada o‘rikning ulgurji narxi o‘tgan yilga nisbatan yuqori, ammo bu o‘sish atigi 25 foiz, xolos. Buning sababi, jahon o‘rik bozorida yetakchi eksportchilardan biri hisoblanadigan Turkiya, Rossiya bozorida ayni paytda raqobat yo‘qligi bois asosiy yetkazib beruvchiga aylandi. Boshqacha aytganda, turkiyalik bog‘bonlar bu yil o‘rik hosilidan yaxshi daromad olishmoqda. Turkiya o‘rigining bir kilogrammi o‘rtacha 1,5-1,6 dollar atrofida sotilmoqda.
2021 yilda Yevropa Ittifoqida o‘rik hosili o‘tgan yilga nisbatan 20 foiz va 2015-2019 yilgi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 40 foiz kamayishini va Moldovada mavsum ikki hafta kechikishini hisobga olsak, bu mavsumda Turkiya uchun o‘rik bozori juda muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin. Rossiya uchun esa ushbu mavsumda Turkiyadan tashqari o‘rik import qiladigan muqobil boshqa mamlakat yo‘q.
EastFruit ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilga qadar o‘rik mevalar orasida eng tez o‘sib borayotgan O‘zbekiston eksport mahsuloti bo‘lib, uning miqdor ko‘rsatkichi har yili deyarli bir yarim baravar o‘sdi. Va bu holat o‘rik eksporti narxlarining global pasayish tendensiyasiga qaramay yuz berdi. Biroq, bu yil, albatta, hammasi keskin o‘zgarishi mumkin va o‘rikning jahondagi narxi so‘nggi bir necha mavsumga nisbatan rekord darajaga ko‘tarilishi ehtimoli bor.
Trademap ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yil O‘zbekistondan o‘rik eksporti rekord darajadagi 74,5 ming tonnani tashkil etdi. Undan avvalgi yillar ko‘rsatkichi esa quyidagicha: 2019 yil – 58 ming tonna, 2018 yil – 43 ming tonna, 2017 yil – 23 ming tonna.
Malumot uchun, 2020 yilda O‘zbekiston o‘rik eksporti hajmi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin Ispaniyaga tegishli bo‘lib, ushbu mamalakat 2020 yilda tashqi bozorlarga 96 ming tonna o‘rik eksport qildi. O‘tgan yili O‘zbekiston ushbu meva eksporti hajmi bo‘yicha ilk bor hatto Turkiyadan ham ustun keldi. Biroq, bu yil Turkiya o‘rik eksporti bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatga aylanishi mumkin.
Mavzuga oid
11:10 / 15.12.2024
O‘zbekistonga o‘tgan 10 oyda import qilingan elektromobillar soni ma’lum qilindi
10:23 / 13.12.2024
Import qilishda QQSni o‘zaro hisobga olish tartibini qo‘llash kengaytirildi
09:24 / 12.12.2024
O‘zbekiston 10 oyda qancha elektromobil import qilgani aytildi
16:02 / 29.11.2024