O‘zbekiston | 08:20 / 01.06.2021
10717
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelini shahar markazi bilan bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich qachon foydalanishga topshirilishi ma'lum bo‘ldi

Joriy yil 31 may kuni jurnalist va blogerlar Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini birlashtiruvchi yo‘l o‘tkazgichning qurilish jarayoni bilan tanishish uchun taklif qilindi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi.

Ko‘prik Cho‘ponota ko‘chasidan, Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishgan joyidan boshlanib, Kichik halqa avtomobil yo‘li, Salar kanali, so‘ngra temir yo‘llar ustidan, Toshkent halqa avtomobil yo‘lining ustidan o‘tib, Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasiga olib chiqadi.

Ma'lum qilinishicha, ko‘prik eng zamonaviy monolit texnologiyasi asosida qurilmoqda. Loyiha qo‘shimcha tarzda ishlab chiqildi – boshida unda ko‘prikdan Kichik halqa yo‘liga tushish yo‘llari faqat Cho‘ponota ko‘chasi tarafidan bo‘lgan va bu haydovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirardi. Loyihaga qo‘shimcha tushish yo‘llari qo‘shildi.

“Temir yo‘l ustidan o‘tgan qism xalqaro standartlarga muvofiq 5,5 metr balandlikda qurilayotgan edi, lekin temiryo‘lchilar ko‘prikni yana ikki metrga ko‘tarishni talab qildi, o‘z-o‘zidan ko‘prikning qiya qismi ham uzaydi.

Ko‘prikni o‘tkazishda muhandislik kommunikatsiyalarini o‘zgartirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi: yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i yer ostiga olindi, Salar oqimi o‘zgartirildi, hozirda bir qismi yo‘l hududiga tushgan magistral gaz quvuri ko‘chirilmoqda, halqa yo‘li yaqinida tozalash inshootlari bo‘lgan edi, ularni demontaj qilishga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, loyihada qurilish bo‘ladigan barcha manzillarda buzish ishlari bo‘lmasligiga alohida e'tibor qaratildi. Bu kabi keng ko‘lamli ishlarning barchasi inshoot qiymatiga kiritildi. 

Ta'kidlash joizki, boshqa xarajatlar ham bo‘ldi: masalan, yil davomida qurilish materiallarining (armatura va beton) narxi ikki barobar oshdi. Aytib o‘tilgan faktlar qurilishning birlamchi qiymati nima uchun 236 mlrd so‘mga oshganini tushuntiradi”, deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, yo‘l o‘tkazgichning Cho‘ponota ko‘chasidan Halqa yo‘ligacha bo‘lgan birinchi qismi sentyabrda, Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan ikkinchi qismi yilning oxirigacha ishga tushadi. Yangi yo‘l o‘tkazgich shahar markazigacha bo‘lgan yo‘lni qisqartirishga va O‘zgarish ko‘chasidagi doimiy tirbandliklarni kamaytirishga imkon beradi.

Mavzuga oid