O‘zbekiston | 12:19 / 03.06.2021
14272
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart» agentligi tugatilib, o‘rniga yangi agentlik tashkil etilmoqda

«O‘zstandart» agentligi tugatilib, uning funksiyalari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi yangi Agentlik nazoratiga o‘tmoqda.

«Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etiladi.

Qayt etilishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan ayrim turdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini baholash muvofiqlikni deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, muvofiqlikni deklaratsiyalash texnik reglament talablari asosida mahsulotning to‘liq sinovlari o‘tkazilgandan so‘ng ijobiy sinov natijalariga ko‘ra tuziladigan sinov bayonnomalari asosida muvofiqlik sertifikati berilmagan holda amalga oshiriladi.

2021 yil 1 noyabrdan boshlab import qiluvchilarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning kirib kelishini ta'minlash maqsadida:

  • xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me'yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi. Bunda ushbu mahsulotlar bojxona hududiga kelishidan kamida 15 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirilishi shart.
  • xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida bir marta rasmiylashtirgan holda yigirma to‘rt oy davomida import qilishga ruxsat etiladi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021 yil 1 iyulga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish tartibini xalqaro talablar asosida soddalashtirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilandi.

Shuningdek, mahsulotning xorijiy davlatlarning standartlariga muvofiqligini baholash uchun xorijiy davlatlar standartlarining O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi talab qilinmaydi.

Shu bilan bir qatorda, «O‘zstandart» agentligi tugatiladi.

Mavzuga oid