O‘zbekiston | 11:46 / 04.06.2021
13912
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yilida ijod maktablarining qaysi sinflariga o‘quvchi qabul qilinishi haqida ma'lumot berildi

Aksar ijod maktablariga 7- va 8-sinfdan o‘quvchi qabul qilinadi. Ijod maktablariga hujjat topshirishda hududiy chegara qo‘yilmaydi, ya'ni bola o‘zi qiziqqan ijod maktabiga hujjat topshirishi mumkin, deya ma'lum qildi agentlik vakili.

2021/2022 o‘quv yili uchun respublikadagi ijod maktablarining qaysi sinflariga o‘quvchi qabul qilinishi haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi ijod maktablari bo‘limi boshlig‘i Saidbek Ashirov ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

«2021/2022 o‘quv yili uchun respublikadagi 9ta ijod maktabiga qabul kvotalari belgilangan. Qarshi shahridagi Abdulla Oripov, Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov, Namangan viloyatidagi Ishoqxon Ibrat, Andijon shahridagi Muhammad Yusuf, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktablariga 7- va 8-sinflarga o‘quvchi qabul qilinadi. Xorazm viloyatidagi Muhammad Rizo Ogahiy, Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabiga 7—9-sinfga o‘quvchi qabul qilinadi. Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga esa 7—10-sinflarga, Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabiga faqat 7-sinfga o‘quvchi qabul qilish reja qilingan», dedi Saidbek Ashirov.

Agentlik vakilining izohlashicha, qabul kvotalari maktab imkoniyatidan kelib chiqib, ya'ni ta'lim-tarbiya jarayoni, darsdan tashqari mashg‘ulotlar 2 smenaga bo‘linib ketmasligi, sifatli ta'limni tashkillashtirish maqsadida belgilangan. Shuning uchun ayrim maktablarda sinflarda nomutanosibliklar bor.

Shuningdek, agentlikning ijod maktablari bo‘limi boshlig‘i ijod maktablariga hujjat topshirish va imtihon qay shaklda o‘tishi haqida ham ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, ijod maktablariga hujjat topshirishda hududiy chegara qo‘yilmaydi, ya'ni bola o‘zi qiziqqan ijod maktabiga hujjat topshirishi mumkin. Bundan tashqari, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ham alohida talab belgilanmaydi.

«Saralash imtihonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqichda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ijod maktablariga hujjat topshirgan nomzodlarning ijodiy qobiliyatlari tekshiriladi. Bu yozma va og‘zaki shaklda o‘rganiladi. 2-bosqichda Davlat test markazi bilan hamkorlikda ona tili va adabiyot hamda ingliz tilidan o‘zlashtirishini aniqlash maqsadida test sinovlari o‘tkaziladi», dedi Ashirov.

Oldinroq Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda imtihon kunlari hamda tartibi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid