Jamiyat | 16:37 / 05.06.2021
9502
3 daqiqa o‘qiladi

Bir qo‘li bilan ro‘zg‘or tebratayotgan taxiatoshlik traktorchi

Kun.uz'ning «Hayotiy hikoyalar» rukni navbatdagi qahramoni – bir qo‘li bilan ro‘zg‘or tebratayotgan qoraqalpog‘istonlik Bahodir Abdullayev. U Taxiatosh tumanining Naymanko‘l qishlog‘ida yashaydi.

Bahodir aka yoshligida bir qo‘lidan ayrilgan. 1997–1998 yillar uyi qarshisidagi g‘isht zavodi lentasiga qo‘li kirib ketadi.

«O‘sha voqeadan 15 kun o‘tib o‘zimga kelganman. Odamlar eng qiyini qo‘ldan yoki umuman qaysidir tana a'zosidan ajralish deb o‘ylaydi. Menda aksi bo‘lgan. Haqiqiy og‘riq qo‘limni yo‘qotgandan keyin boshlangan. Qo‘ldan ayrilish fojia emas. Unga ko‘nikish, odamlarning gap-so‘ziga, ruhiy bosimga dosh berish qiyin. 

2000 yildan beri traktor haydayman. Bu traktorni 2012 yilda oldim. 2018 yilgacha fermer bo‘lib ishladim. So‘ng fermerlikni to‘xtatdim. Yerimiz maqbullashtirishga tushdi. Hozirgi kunda qishloqda ish bo‘lsa, traktorda ishlaymiz», – deydi Bahodir Abdullayev. 

«Fermerlikda kultivatsiyani ham, boshqani ham o‘zim qilardim. Traktorim bilan paxtani o‘lchab oladigan ham, uni zavodga topshiradigan ham, traktorchi ham o‘zim edim.

Barchasiga ko‘nikkanman. Shunga o‘rgandim. Boshingga tushgandan keyin avval qiynalasan, keyin o‘rganib ketasan. Hozir Qozog‘istondagi Muxtar Avezov institutining 3-bosqichida o‘qiyman.

Ko‘pchilik bir qo‘ling bilan uylana olmaysan, senga hech kim qizini bermaydi, degandi. 2019 yilda uylandim. Xudoga shukr, ikki qiz, bir o‘g‘lim bor. 

Odamlarning gap-so‘ziga qarab, hech kim bilan urishib yurmadim. Foydasi yo‘q narsa baribir. Aytgan aytib-aytib qo‘yadi. Biroq hozirgi kunda mashina ham, texnikaning barcha turini ham hayday olaman. Ikki qo‘lli odam qilgan ishni bir qo‘lim bilan bemalol bajara olaman», – deydi taxiatoshlik mirishkor.

Qahramonimiz bir qo‘li yo‘qligiga qaramasdan harakatdan to‘xtamadi. Taqdir zarbalariga sabr qilib, mehnat qilishda davom etdi. Hozirda 3 nafar farzandning otasi. Qozog‘istondagi OTMlarning birida pedagogika sohasi bo‘yicha tahsil olmoqda. Shu bilan birga, u fermer xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlayapti.

«Aytgan aytib-aytib qo‘yadi...» Bu Bahodir akaning hayotdagi shioriga monand. U jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, hayotdagi maqsadi tomon tinimsiz harakat qildi. Bugunga kelib qishloqda uni hech kim bir qo‘li yo‘q deb aytmaydi. Naymanko‘lliklar nazdida u tinib-tinchimas haqiqiy bahodir.

Shuhrat Saidahmadov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid