O‘zbekiston | 16:47 / 07.06.2021
7955
5 daqiqa o‘qiladi

SSV vaksinatsiya jarayonining ikki oyligi bo‘yicha hisobot berdi

O‘zbekistonda shu vaqtgacha qancha vaksina qo‘llangani, qancha odam koronavirusga qarshi to‘liq bosqichlarda emlangani, qaysi qatlamlar eng ko‘p vaksina olgani haqida ma'lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan koronavirusga qarshi chora-tadbirlar, shuningdek, vaksinatsiya jarayonining ikki oylik tahlili bo‘yicha bayonot berdi.

Furqat Sanayev / Sog‘liqni saqlash vazirligi

Shu vaqtgacha yurtimizda qancha vaksina qo‘llandi?

O‘zbekistonda mart oyi oxirida vaksinatsiyaning birinchi bosqichiga, aprel oyi oxirida ikkinchi bosqichga, may oyida esa uchinchi bosqichga start berildi.

O‘zbekistonga shu vaqtgacha:

  • AstraZeneca’ning — 660 ming doza;
  • ZF-UZ-VAC2001’ning — 3 yarim million doza;
  • «Sputnik V» vaksinasining — 170 ming doza partiyalari keltirilgan.

Aprel-may oylari davomida 2 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanib, birinchi bosqichda 1 354 785 nafar, ikkinchi bosqichda 714 239 nafar, uchinchi bosqichda esa 494 nafar fuqaro emlandi.

Shu yilning 31 may holatiga ko‘ra, ikki oy davomida O‘zbekistonda fuqarolar:

  • 646 ming 116 doza AstraZeneca;
  • 1 million 351 ming 807 doza ZF-UZ-VAC2001;
  • 71 ming 595 doza «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.

Shu vaqtgacha aholining qaysi qatlami eng ko‘p vaksina oldi?

O‘zbekistonda emlash jarayonlari boshlanganda birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlar, keyinchalik tuman markazlari va kichik shaharlar aholisini, undan so‘ng esa boshqa hududlarni ommaviy emlash tadbirlari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgandi.

Ushbu reja asosida aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda 65 yosh va undan oshgan fuqarolar va tibbiyot xodimlari ommaviy emlash tadbirlariga jalb qilingan bo‘lsa, keyinchalik tuman markazlari va kichik shaharlarda yashovchi aholi ham emlashga jalb etildi.

Keyinchalik yana uchta aholi qatlami - maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari, surunkali kasalligi bor fuqarolar ham emlanishi boshlandi.

31 may holatiga ko‘ra, ular orasida eng ko‘p emlangan aholi qatlami bu 65 yosh va undan oshgan fuqarolar bo‘lib, ularga ikki oy mobaynida 747 ming 201 doza vaksina qo‘llangan.

Ushbu aholi qatlamiga qo‘llangan vaksinalarning:

  • 418 ming 797 dozasi 1-bosqichda;
  • 328 ming 286 dozasi 2-bosqichda; 
  • 118 dozasi 3-bosqichda foydalanilgan. 

Shuningdek, tibbiyot xodimlariga qo‘llangan vaksinalar miqdori ham yarim million dozadan oshib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi.

Ikki oy davomida qaysi hududlar emlash jarayonlarida faol bo‘ldi?

Vaksinatsiyaning birinchi (aprel) oyida Farg‘ona viloyatida 123 ming doza, Namangan va Andijon viloyatlarida emlash ko‘rsatkichlari 90 ming dozadan oshgan edi. 

May oyi oxiriga kelib, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarining har birida 200 ming dozadan ortiq vaksina qo‘llandi.
 
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi,  Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda 100 ming dozadan ortiq vaksina qo‘llangan.

O‘zbekistonda necha kishi koronavirusga qarshi to‘liq bosqichlarda emlandi?

«Sputnik V» va Astra-Zeneca vaksinalari ikki bosqichli emlanish bilan inson organizmida yuqori darajada immunitet hosil qilinishiga yordam beradi.

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasida esa to‘liq uch bosqichda emlangandan so‘ng inson organizmida yetarlicha antitana hosil bo‘lishiga erishish mumkin.

Ikki oy mobaynida 2 million 69 ming 518 doza vaksina qo‘llangan bo‘lsa, shundan 348 ming 302 nafar kishi to‘liq bosqichlarda emlab bo‘lindi.

Shundan:

  • AstraZeneca bilan 321 ming 906 nafar kishi
  • ZF-UZ-VAC2001 bilan 494 nafar kishi,
  • «Sputnik V» vaksinasi bilan esa 25 ming 902 nafar kishi barcha bosqichlarda to‘liq emlandi. 

Mavzuga oid