O‘zbekiston | 12:23 / 08.06.2021
27996
4 daqiqa o‘qiladi

Sabzi 7 ming so‘mgacha qimmatlashdi. Nega?

So‘nggi haftada asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri – sabzi narxi sezilarli oshdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2 iyun holatiga respublika bozorlarida 1 kg sabzi 2 500 so‘mdan 7 000 so‘mgacha sotilmoqda. Ko‘rsatilgan sanadan bir hafta oldin, 26 may kuni mahsulotning maksimal narxi 5000 so‘mgacha sotilayotgani xabar qilingan.

Ayni paytda esa sabzi asosan 5000 so‘m atrofida sotilayotgani aytilmoqda. Mutaxassislar mahsulotning ulgurji va chakana savdolarda qimmatlashganiga bir necha omillarni keltirishyapti. Xususan, bu yil sabzining kam ekilgani va unga bo‘lgan talab ortib borayotgani asosiy sabablardan biridir.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakilining ta'kidlashicha, sabzi ekish tufayli bir necha yildan buyon ko‘rilgan zarar dehqonlarni boshqa ekin ekishga majbur qilgan. Oqibatda narxlar ko‘tarila boshlagan.

«Nega sabzi narxi 5 ming so‘mga ko‘tarilgani hech kimni o‘ylantirmayotganga o‘xshaydi. Nima uchun kilosi 500 so‘mga tayyor bo‘ladigan sabzi narxi 5 ming so‘mga chiqib ketdi? Sababi dehqonlar 2-3 yildan beri zarar qilmoqda, shuning uchun sabzi ekmay qo‘yishdi. Ular hatto mahsulotni saqlash uchun sovitkich pulini ham chiqara olmaydigan darajaga kelishgan. Odam zarar qilaversa, boshqa ekin ekishga o‘tadi», dedi u.

Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasi davrida to‘y-marosimlar, turli tadbirlar to‘xtatilgani sababli to‘yxona, restoran, kafe va boshqa ovqatlanish markazlari ishlamadi va sabzavot saqlaydigan sovitkichi bor tadbirkorlarga imtiyozlar berilmadi. Shu sababli ular katta zarar ko‘rishgan.

«2019 yilda sabzilar ko‘p va tartibsiz ekilgani, qayta ishlash korxonalari xarajatlari qimmatga tushgani bois, keyingi yilgi ekishlar miqdori kamaya boshlagan. Yana bir muammo gaz narxi qimmatligi bilan bog‘liq. Masalan, aholi gaz uchun 380 so‘mdan to‘lasa, qayta ishlash korxonalari 680 so‘mdan to‘laydi. Bu noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Issiqxonalar ming so‘mdan to‘laydi.

Meva-sabzavotga hamma joyda subsidiya beriladi. Chunki uning narxi oshib ketmasligi va iste'mol uchun yetarlicha ekilishi uchun shunday qilinadi. Lekin qayta ishlash korxonalari sarflagan gaz uchun to‘lovni aholiniki bilan teng qilib qo‘yish kerak. Misol uchun, Xitoyda aholiga gaz 380 so‘m bo‘lsa, meva qayta ishlash korxonasi uchun 160 so‘m», deydi manba.

Sabzi narxi qimmatlashiga yana bir sabab sifatida uning urug‘i va mahsulot yetishtirish xarajatlari ortgani, bir necha yillar davomida xarajatlar o‘zini oqlamagani aytilmoqda.

Mutaxassislar ayni paytda e'tiborni sabzavot yetilmasidan oldin xaridor topishga, dehqon va tadbirkor o‘rtasida shartnomalar tuzishga qaratish vaqti kelganini ta'kidlashmoqda. Shunday kelishuv bo‘lgan taqdirda kim qancha daromad olishi va muhimi hosil xaridori aniq bo‘ladi. Qolaversa, kelgusidagi ekin rejalari ham shunga mos ravishda o‘zgarib boraveradi.

Mavzuga oid