Jamiyat | 17:20 / 08.06.2021
6857
2 daqiqa o‘qiladi

Tikkan narsalarim menga zavq bag‘ishlaydi - namanganlik tikuvchi nogiron qiz

Nigora Ergasheva Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashaydi, u bolalikdan ikkinchi guruh nogironi. Nigora tikuvchilik va zardo‘zlik bilan shug‘ullanadi, u bu hunarni xolavachchasidan o‘rgangan. 

“Birinchi choynak yopqichga zar qadaganman, oddiy guldan boshlaganman. Keyin sekin-sekin qiziqishim ortib borgan. Zar tikaman, munchoq qadayman. Men uchun qiziqarli, zavqli ish. Bitta narsam bitsa, xursand  bo‘lib ketaman. O‘zimga chiroyli ko‘ylaklar tikib olaman”, – deydi Nigora.

Qahramonimizning aytishicha, zar tikish sabr va sinchkovlik talab qiladi. U bir mahsulot tayyor bo‘lishi uchun 5-6 kun vaqt sarflaydi. Nigora tikkan narsalarini sovg‘a qilishni yaxshi ko‘radi. Buyurtma asosida ham tayyorlab beradi.

“Choynak yopqich, ovqat yopqich, yelpig‘ich tikaman. Naqsh qiyin bo‘lsa, ko‘proq vaqt ketadi, oson bo‘lsa, tez bitadi. Naqshga bog‘liq. Lekin men tez tikaman. Naqshlarini o‘zim o‘ylab topaman. Zar tikish ko‘p vaqt talab qiladi, lekin shoshilmasdan tikish kerak. Shoshib tikilsa, sifatsiz bo‘lib qoladi, orasi ochiq bo‘lib qoladi”, – deydi u.

Nigora mahalladoshlariga ham zardo‘zlik sirlarini o‘rgatmoqda. U ko‘plab shogirdlar chiqargan.

Mavzuga oid