Sport | 19:25 / 08.06.2021
7124
10 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020 oldidan: Angliya turnirga qay daraja tayyor?

Yevropada yilning eng katta futbol voqeasi boshlanishiga ko‘p fursat qolgani yo‘q. Bu davrga kelib, turnir favoritlari o‘zlari uchun yakuniy tarkiblarni to‘liq tanlab olgan va endi ularning potensiali, musobaqadagi imkoniyatlari xususida fikrlarni bildirib o‘tish mumkin.

Albatta, biz raqamlar, futbolchilarning umumiy holatiga qarab, tahlillarni amalga oshiramiz. Ular to‘liqligicha to‘g‘ri chiqqan taqdirda, futbolni tomosha qilishdan ma'no qolmasdi. Yevropa chempionati va bu tipdagi musobaqalar doim o‘z ichiga syurprizlarni yashirgan bo‘ladi. Biroq shunisi ma'lumki, «ko‘hna qit'a» birinchiligi oldidan Angliya favoritlardan biri. «Uch sherlar» jamoasida esa muhokamaga arziydigan mavzular mavjud.

Futbol vatani hisoblanadigan Angliya nufuzli musobaqalarda u qadar sovrindor emas. Ta'bir joiz bo‘lsa, ularni omadsiz deb ham atash mumkin. Jamoa biror marta Yevropa chempionatida zafar quchmagan. Jahon chempionatidagi yagona g‘alaba olis 1966 yilga borib taqaladi. Bugun Angliya milliy jamoasining tarkibi havas qilarli darajada. Ammo bundan avvalgi ikkita nufuzli musobaqada inglizlar juda alamli tarzda musobaqani tark etdi. Rossiyadagi mundialda «tumanli albion» vakillari 1990 yildan so‘ng, birinchi marotaba yarimfinalda qatnashdi. Raqib Xorvatiya edi. Barchasi angliyalik futbol muxlislarini xursand qiladigan holatda ketayotgan edi. Kutilmaganda, Sautgeyt shogirdlari imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun kurashda ham Belgiyaga yengildilar. Keyinroq, Millatlar ligasi yarimfinalida ham mag‘lubiyat alamini totishga majbur bo‘lishdi. Bu kabi «oltin avlod» sovrin yutmasdan faoliyatini yakunlasa, qanday achinarli…

Darvoza: Jordan Pikford

«Everton» posbonida darvozabondan talab qilinadigan barcha xislatlar mavjud. Ammo o‘ziga bo‘lgan ishonch masalasida Jordan ancha oqsaydi. Ba'zan imkonsiz to‘plarni olib chiqadigan kiper birdan arzimagan vaziyatda gol o‘tkazib yuborsa, buni qanday izohlash mumkin?! Uning baxtiga, raqobatchilari mavsumni barqaror o‘tkaza olmadi. Din Henderson asosiy vaqtini «MYu» zaxirasida sarfladi. Nik Poup «Byornli» muvaffaqiyatsizliklari soyasida yig‘inga jalb etilmadi. Jonstoun va Ramzdeyl esa, butkul chorasizlikdagina maydonga tushirilishi mumkin.

Pikford mana shu turnirda o‘zini ko‘rsatib olmasa, tobora De Xeani zaxiraga o‘tkazayotgan Henderson u bilan ham xuddi shu ishni amalga oshiradi.

Himoya chizig‘i: Jon Stounz

Harri Maguayr eng kamida guruh bosqichi bellashuvlarini o‘tkazib yuboradi. Bu holda himoyadagi eng katta yuk Jon Stounzga tushadi. Premer-ligada uning Ruben Diash bilan tashkil qilgan tandemi katta foyda keltirdi. Juda ko‘p nashrlarning talqiniga ko‘ra, Angliya chempionatida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan portugaliyalik himoyachining inersiyasi Stounzga ham ta'sir etib, bir necha mavsumlik mazmunsiz o‘yinlarini unuttirib yubordi.

Yaxshilikka yaxshi-ku, lekin Diashsiz ham 27 yoshli fulbek klubdagi darajasida o‘ynay olarmikan?!

Yarimhimoya: Jordan Henderson

Hendo mana bir necha yildirki, Angliya milliy jamoasidagi asosiy futbolchilardan biri hisoblanadi. Jordan maydon markazida yakkakurashlarda g‘olib chiqish bo‘yicha butun dunyodagi eng kuchli futbolchilardan biri. Shuningdek, unda raqib qarshi hujumlarini o‘z vaqtida to‘xtatish bo‘yicha ulkan ko‘nikma mavjud. «Uch sherlar» yarimhimoyasida tarkibdagi o‘rni u kabi kafolatlangan futbolchini topa olmaysiz.

Biroq, mavsumning katta qismini jarohat sabab o‘tkazib yuborgani uning o‘yiniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shifokorlar uning Yevropa chempionatigacha to‘liq sog‘ayishga ulgurmasligini aytishgan edi. U bugun Sautgeyt ishongan futbolchilar qatorida bor. Ammo ba'zi vaziyatlarda o‘zini ehtiyot qilmasa, kelgusi bosqichdagi muhim o‘yinlarda ishtirok eta olmasligi mumkin.

Hujum: Harri Keyn

Keyn – Angliyaga raqiblik qiluvchi jamoalar uchun jiddiy bosh og‘rig‘i. Uning sermahsulligi yildan yilga oshib bormoqda. Qit'a birinchiligidan so‘ng, katta ehtimol bilan boshqa jamoaga o‘tadigan ingliz forvardi Premer-ligada yakunlangan mavsumda eng yaxshi to‘purar va eng yaxshi assistent unvonlarini o‘ziniki qildi (23ta gol, 14ta assist). Boshqa chempionatlarda bu kabi holatlar tabiiy bir holdek qabul qilinishi mumkin. Ammo APL umuman boshqacha dunyo. Bu yerdagi sermahsullikning salmog‘i qolganlarnikidan bir bosh baland turadi.

«Tottenhem»ga sodiqligini namoyish etib bo‘lgan Keyn endi sovrinlar yutishni xohlamoqda. Bugun u 27 yoshda. Yana bir necha mavsum «shporlar» bilan titul yutishni kutib, yakunda hech narsasiz qolib ketsa, faoliyatini afsus bilan esga olishi mumkin. Yevro-2020da ham hujumchi bor imkoniyatini ishga solib, bosh sovringa jamoasini yetaklashga harakat qiladi. Yana bir musobaqa osonlikcha boy berilgan taqdirda, ingliz matbuoti «uch sherlar»ni tanqidlar yomg‘iri ostida qoldirishi tayin va bundan Harridek futbolchi ham benasib qolmaydi.

Murabbiy va uning taktikasi

Garet Sautgeyt 2016 yilda juda qisqa vaqt milliy jamoani boshqargan Sem Ellerdaysning o‘rnini egalladi. Bungacha u «Midlsbro» va Angliya yoshlar jamoasidagi faoliyati bilan tanilgan edi. Tan olish lozimki, u inglizlar murabbiyligiga kelgach, jamoaning natijalari yaxshi tarafga o‘zgardi. Uni «oltin avlod» ustiga kelib qolgan o‘rtamiyona murabbiy, deb atovchilar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ammo 50 yoshli mutaxassis Millatlar ligasida Grinvud va Foden bilan bo‘lgan voqeada qanchalik qat'iyatli va jamoasida katta o‘ringa egaligini isbotlab qo‘ydi. O‘z navbatida, yoshlar jamoasida ishlash ko‘nikmasi sabab milliy jamoadagi yangi iqtidorlar bilan ishlashda qiyinchilikka uchramayapti.

Bugun Angliya milliy jamoasi o‘yinini kuzatish ancha maroqli. O‘tgan yilning kuzida bo‘lib o‘tgan Millatlar ligasi guruh bosqichi ham bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ha, guruhda Belgiyaga imkoniyat boy berildi. Biroq, hech bir uchrashuvda Sautgeytning shogirdlari raqibga bo‘yin egmadi.

Jahon chempionatidagi uzoq yillik «qora» an'anaga barham bergan murabbiyga bugun ishonuvchilar ko‘p. Ammo chempionlik unvonlarining yo‘qligi sababli, hamon uni tanqidlar ostida ushlab turishadi. Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyatsizlik uning ishdan ketishiga sabab bo‘lishi ham mumkin.

Sautgeytning qanday taktika bilan musobaqada ishtirok etishini taxmin qilish biroz mushkul. Jahon chempionatida 3ta himoyachi bilan o‘ynab, yaxshi natijaga erishgan edi. Ammo so‘nggi ikki o‘rtoqlik o‘yinida 4-3-3 taktik sxemasidan foydalanmoqda. Maguayrning jarohati sabab ham u mana shu taktikaga murojaat etishga majbur bo‘lishi mumkin. Uning o‘rniga «Aston Villa» himoyachisi Tayron Mings o‘ynashi kutilyapti. Jismoniy imkoniyatlar jihatidan u ham Harriga o‘xshab ketadi. Lekin «MYu» yetakchisida o‘yin intellekti birmuncha ustunroq edi.

Himoyadagi muammolarni bartaraf etish uchun yarimhimoyachilar ham yordamga keladi. Deklan Rays va Jordan Henderson bu borada yaxshi tajribaga ega. Jyek Grilish ham Birmingem klubida butun maydon bo‘ylab harakat qiladi.

Keyn almashtirib bo‘lmas markaziy hujumchi. Qanotlarda unga Meyson Maunt va Rahim Sterling yordam beradi. Ulardan biri safdan chiqqan taqdirda, Fil Foden va Jyeydon Sancho tarkibni kuchaytira oladi.

Raqamlar

Angliya saralash bosqichini birgina mag‘lubiyat bilan yakunladi. Qolgan barcha o‘yinlarda inglizlar faqat g‘alabaga erishgan. Yaxshi shakllanib borayotgan tarkibga ega bo‘lgan Chexiya ularni mag‘lub etgan yagona jamoa bo‘ldi. Buni qarangki, guruh bosqichida ham «uch sherlar» Chexiya bilan kurash olib boradi. Bir tomondan, revansh olish imkoniyati sifatida ular bundan xursand bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, xavfli raqibga qarshi o‘ynash bir davralik guruh bosqichida ancha mashaqqatli bo‘lishi mumkin. Sababi, ulardan tashqari guruh g‘olibligi uchun Xorvatiya ham kurash olib boradi.

Saralash siklida inglizlar 37 marotaba raqiblari darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi. Javob tariqasida o‘z darvozasidan umumiy 8 ta gol olib chiqdi.

Millatlar Ligasining ikkinchi mavsumi Sautgeyt shogirdlari uchun omadsiz kechdi. Jamoa hatto Daniyadan ortda, 3-o‘rinda turnirni yakunladi. Demakki, ulardan aniq bir natijani kutish mushkul. Kayfiyati yaxshi bo‘lsa, inglizlar chempionlik uchun asosiy da'vogarlardan biri. Aks holda pley-offning ilk raundlaridanoq ularni uylariga kuzatib qo‘yish hech gap emas.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid