43 ming vonlik sug‘urta, guruchli non yoxud qishloq bolalarini o‘qitishni niyat qilgan Akmal Farmonov hikoyasi
UzbekLife xorij davlatlarida ilm olib, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan vatandoshlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni Janubiy Koreyaning Chungbuk milliy universiteti magistranti Akmal Farmonov.
Qahramonimiz Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilib-o‘sgan. 2014-2018 yillar davomida Navoiy davlat pedagogika institutining Xorijiy tillar fakultetida tahsil olgan. So‘ngra bir yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib, 2019 yilning sentabr oyidan Janubiy Koreyaning Chungbuk milliy universiteti Ingliz tili adabiyoti fakulteti ingliz tili og‘zaki nutqi (kommunikatsiya) yo‘nalishida tahsil olib kelmoqda.
“Saroy javohiri”dan ilhomlanib
Janubiy Koreyada ta’lim olish bolalikdan orzuyim edi. Yanglishmasam, 5 sinfligimda “Saroy javohiri” seriali namoyish etilgan. Ushbu serialni tarjima qilgan inson ‒ Faxriddin Nizomov qo‘shnimiz bo‘ladi. O‘sha kishiga havas qilib chet tillari, xususan koreys tilini o‘rgandim.
Otam ‒ qahramonim
Aslida, haqiqiy qahramonlar front ortidagi insonlar deyishadi-ku. Ammo ularning ishi aksariyat hollarda deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Dadamni ana shunday qahramonlardan biri, deb bilaman. Chunki bu yerda ta’lim olishimga dadam katta sababchi bo‘lgan. Magistratura haqida gap ketsa, doim qo‘llab-quvvatlar edi. Inshaalloh, xorijda o‘qiysan, deb, tinimsiz motivatsiya berardi.
Shartnoma puli arzonroq edi
Oliygohda o‘qib yurgan paytlarimda ham Koreya haqida qiziqarli ma’lumotlar qidirib yurar edim. Umuman, koreyslar mamlakati yuqori sifatli ta’lim tizimi hamda o‘qish shartnoma puli nisbatan arzon bo‘lgan davlatlardan biri. Ba’zida, koreyslarning o‘zi ham mendan nega aynan ularning davlatini tanlaganimni so‘rashadi. Men ularga to‘lov-shartnoma pulining arzonligi, yuqori ta’lim sifati, keng imkoniyatlar sababligini aytib kelaman.
Barchasi o‘zingizga bog‘liq
Hujjatlar online topshirilgan. Bu yerga o‘qishga kelish uchun o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan universitetingizning biror-bir professoridan Tavsiyanoma (Recommendation Letter) olishingiz kerak bo‘ladi. Men ham shunday Tavsiyanoma olishga erishganman. Fakultetimiz dekani bunda menga yaqindan yordam bergan edi.
IELTS balingiz 5.5 dan yuqori bo‘lsa, Koreya universitetlari talabalari safidan bemalol joy olishingiz mumkin. Kuzgi semestr uchun harakatni bahordayoq boshlaganmiz. Javoblar yoz faslida chiqqan. Rosa xursand bo‘lgandim o‘shanda. Ayniqsa, dadamning quvonchi cheksiz bo‘lgan. Sentabr oyidan esa o‘qishni boshlaganman.
IELTSdan sertifikatim bo‘lgani sababli, 30 foizlik scholarship olib, bir yarim ming dollar shartnoma puli to‘laganman. Bo‘lmasa, undan ham ancha qimmatga tushar edim. Bu bir semestr, ya’ni olti oylik to‘lov. Undan keyingi imtiyozlarni olish esa o‘qishdagi natijalarga bog‘liq.
Bepul til kurslari
Bu yerda magistratura bosqichida o‘qishning o‘ziga yarasha qulayligi, izlanishingiz, o‘z ustingizda ishlashingiz uchun vaqtingiz yetarli bo‘ladi. Darslar haftasiga bir marta, qolgan kunlar esa o‘qishingiz, izlanishingiz yoki ishlashingiz mumkin. Professor-o‘qituvchilar bilan diplom mavzungiz ustida ishlab, laboratoriyalarda mashg‘ulot olib borishingiz ham mumkin.
Kutubxonalarda sokin muhit hukmron. Birov birovga xalaqit bermaydi. Millionlab adabiyotlardan foydalanishingiz mumkin. Izlagan kitobingizni albatta, topasiz. Ertaga keling, bu kitob bizda yo‘q, degan holat uchramaydi. Internet tezligi juda ham yuqori. Faqatgina sizdan bir narsa talab etiladi: kutubxonaga kirishdan oldin ro‘yxatdan o‘tishingiz shart.
Koreyada magistraturada o‘qiydigan talabalarga koreys tili bepul o‘qitiladigan dasturlar mavjud. Sizdan hech qanday xarajat talab qilinmaydi. Ushbu dasturlar haftasiga 3 marta 2 soatdan tashkillashtiriladi.
Arzon sug‘urta tizimi
Joriy yilning mart oyidan boshlab xorijlik talabalarga majburiy sug‘urta tizimi joriy etildi. Bu ham biz uchun ijobiy holat. Ya’ni koreyslar o‘zlari foydalanadigan sug‘urta tizimini bizlar uchun ham tatbiq qilgan. Faqat ular 130 ming von (so‘mda taxminan bir million uch yuz ming atrofida) to‘laydi. Biz ‒ xorijlik talabalar esa yanada arzonroq, bor-yo‘g‘i 43 ming von (to‘rt yuz ming so‘m atrofida) to‘laymiz.
Har semestrda sayohatlar tashkil qilinadi
Ta’til paytida talabalarning vaqtini unumli o‘tkazish uchun mehnat lagerlari tashkil qilinadi. Ularda qatnashish uchun to‘lov qilishingiz talab qilinadi. Albatta, qulay narxlarda. Taxminan 100$ atrofida. To‘lovni qilgach, a’zo bo‘lasiz. Shundan so‘ng sizga uch oy davomida biror joyga borib ishlashingiz uchun imkoniyat yaratib berishadi. Yoki ish o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lasiz. Sizga ma’lum miqdorda oylik ham to‘lanadi. Yozni samarali o‘tkazish uchun bu juda ajoyib imkoniyat.
Bundan tashqari universitetlarda sayohatlar tashkil qilinadi. Bu sayohatlar har semesterda amalga oshiriladi. Bu jarayonda siz Koreyaning mashhur joylarini tomosha qilishingiz, dengiz bo‘ylariga sayohat qilib, tarixiy joylarga borishingiz mumkin. Bular nafaqat hordiq chiqarish, balki talabalar o‘rtasida do‘stona muhitni yaratishda ham juda muhim. Do‘stona deyishimning sababi, talabalarning aksariyati xorijdan kelgan mehmonlar.
Baholash jarayonida har bir harakatingiz hisobga olinadi
Semestrlar deyarli biznikidan farq qilmaydi. Masalan, biz uchun bir semestrda 15 soat dars qo‘yilgan bo‘ladi. O‘rtada bir oraliq nazorat, so‘ngra yakuniy nazorat bo‘ladi. Hammasi yozma ravishda topshiriladi. E’tiborlisi, baholash aynan bularga qaratilmaydi. Butun semestr davomida darslardagi faolligingiz, davomatingiz, oraliq va yakuniy ishlaringizga foiz ko‘rinishida ball qo‘yib boriladi. Yakunda barchasi hisoblanib, A, A+, B, B+ ko‘rinishida natijangiz chiqarib beriladi.
Imtihonlar yozma shaklda topshiriladi. Ayrim universitetlarda esa test shaklida ham tashkillashtiriladi. Ishingizni o‘qituvchilarning gmail pochtasiga tashlab berasiz. Topshiriqlarni yakunlash sanasi belgilab qo‘yiladi. Masalan, 10 maydan 20 maygacha bo‘lgan muddat davomida topshiriqlarni gmailga yoki universitetning maxsus o‘quv tizimiga joylab qo‘yishingiz kerak bo‘ladi.
Koreyada o‘qish xarajatlari
Janubiy Koreya universitetlarida to‘lov-shartnoma puli o‘rtacha 2000 AQSh dollaridan boshlanadi. Bu summa universitetning darajasiga qarab ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi mumkin. Odatda, bir yillik shartnoma puli ikki mingdan to‘rt ming dollar atrofida bo‘ladi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, bir oyda 43 ming von sug‘urta puli to‘laysiz. Ijarada turish uchun o‘rtacha 200 ming, yeb-ichishga esa 150 ming von atrofida xarajat qilasiz. Mayda-chuyda xarajatlarga 100 ming von sarflaysiz. Jami bir oyda talaba 400 $ atrofida pul ishlatadi.
Talaba va magistrlarga qonuniy ish soatlari belgilab berilgan
Ushbu davlatda bakalavrlarga alohida, magistrantlarga alohida qonuniy ish soati belgilab beriladi. Bakalavr bosqichida o‘qiydigan talabalar haftasiga 20 soat, magistraturada o‘qiydiganlar esa 30 soat ishlash huquqiga ega.
Bu talabaning xarajatlarini o‘zi qoplay olishiga yetadi. O‘zining to‘lov-shartnoma pulini to‘lashi mumkin. Faqatgina ishlash uchun Immigratsiya markazidan ruxsatnoma olishi kerak.
Ruxsatnoma olganingizdan keyin bemalol talabalarga mos ishlarni qilishingiz mumkin. Ta’til paytlari “full time” ishlansa, o‘qish paytida “part time” rejimida ishlanadi. Agar ushbu qoidani buzsangiz, immigratsiya xodimlari tomonidan bir million von miqdorida jarimaga tortilasiz.
Talabalarning hayoti
Yuqorida aytganimdek, darslar haftada bir yoki ikki kun bo‘ladi. Agar ertalab bo‘ladigan bo‘lsa, uzog‘i soat birgacha davom etadi. Peshin payti boshlansa, soat 5 gacha davom etadi. Darsdan tashqari holatlar esa, talabaning o‘ziga bog‘liq. Xohlasa uyda, xohlasa ruxsatnomani olib, “part time job” qilsa bo‘ladi. Yo bo‘lmasa, yuqorida aytilgan til kurslariga borishi mumkin. Odatda, talabalar butun Koreya bo‘ylab sayohat qilishni yoqtirishadi.
Qo‘shimcha semestr olish imkoniyatiga egasiz
Magistrant uchun tugallanishi kerak bo‘lgan fanlar bor. Masalan, men 8 ta fanni tugatishim kerak. Har bir fanga uch balldan beriladi. Shunda men 24 ball yig‘ishim kerak bo‘ladi. Agar 4 semestr davomida talab qilinadigan ballni yig‘a olmasangiz, ya’ni fanlarning hammasini o‘qib tugatolmasangiz qo‘shimcha semestr olish huquqiga egasiz.
Hozirda menda ham bitta fan qolib ketgan. Shu bois kuzda qo‘shimcha semestr olaman. Undan so‘ng diplom yozish boshlanadi.
Diplom ishi yozish uchun professor tanlashingiz kerak. Shuningdek, barcha fanlarni tugatgan bo‘lishingiz lozim. Bundan tashqari, tanlagan diplom rahbaringiz o‘tadigan fanini tugatishingiz kerak bo‘ladi.
Ana undan so‘ng qaysi mavzuda yozishingiz haqida ustozingiz bilan maslahatlashasiz. Diplom mavzusi ixtiyoriy bo‘ladi. Faqat ma’lum doiradan chiqib ketmasligingiz kerak. O‘qituvchi yo‘nalish beradi. Shundan kelib chiqib, siz mustaqil ishlaysiz.
Romanlarni muqoyasa qilmoqchiman
Hali diplom mavzum aniq emas. Ammo ko‘nglimga tugib qo‘ygan mavzu bor. Turkiy tilda yozilgan xat shaklidagi romanlarni ingliz tilidagi xuddi shunday romanlar bilan taqqoslamoqchiman. Ularning o‘xshash va farqli jihatlarini o‘rganish niyatidaman. Balki bu mavzu o‘zgarishi ham mumkin. Diplom ishini ingliz yoxud koreys tilida yozish, sizning ixtiyoringizda.
Diplom himoyasi yilda ikki marta: avgust va fevral oylarida bo‘ladi
Xorijliklar uchun Koreya oliygohlariga kirish unchalik qiyin emas. Til bo‘yicha sertifikatlari bo‘lsa, deyarli o‘qishga kirdi hisob. Lekin o‘qish qiyinroq. Bitirish ikki xil shaklda. Ayrim universitetlarda qo‘shimcha semestr (5-semestr) olinadi. Ba’zilarida diplom ishi yozmasa ham bo‘ladi.
Boshqa universitetlarda esa fanlar tugagandan keyin diplom ishi yozish kerak bo‘ladi. Ammo bu jarayon sal uzoqroq davom etadi. Sababi bitta xorijiy tildan va o‘zi o‘qigan fanlarning istalgan 3 tasidan imtihon topshiradi. Ana shu sinovlardan o‘tganingizdan keyin, diplom yozishga ruxsat beriladi.
Diplom ishini yozish uchun beriladigan muddat uzog‘i bilan 1 yil. Ishingizning 80 foizi tayyor bo‘lsa, yoqlashga ruxsat beriladi. Bu yerda himoya yilda ikki marta: avgust va fevral oyida bo‘ladi. Shunga qarab ishni pishitib borish kerak.
Magazindagi go‘shtlarni yeb bo‘lmaydi
Koreyslarning taomlarini sevib iste’mol qilmayman. Sababi, aksariyati juda ham achchiq. Lekin o‘zlari ovqatlarini ko‘p iste’mol qilishadi. Dengiz mahsulotlari va lamyon ularning jonu dili. Ovqatlarida go‘sht ko‘p. Shu bois, ovqatlarini yeyishga ikkilanasiz. Har bir taom yoki yegulikni yeyishdan oldin tarkibini so‘raymiz. Magazindagi go‘shtlarni yeb bo‘lmaydi. Avstraliyadan halol go‘shtlar olib kelinadi. O‘shanda ham halollik sertifikatini ko‘rib, ishonch hosil qilgachgina yeyish mumkin.
Birinchi kelgan kunlarim non kelishini shunaqangi kutganman. O‘zimizning dasturxonlarni nonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi-ku. Bir safar do‘stim ziyofatda hozir senga issiqqina non olib kelishadi, dedi. Xursand bo‘lib kutib tursam, issiqqina guruch ko‘tarib kelsa bo‘ladimi! Juda xafa bo‘lgan edim o‘shanda.
Xususiy maktab ochish orzuyim bor
Pedagog bo‘lganim sababli, o‘qishlarni tugatib, til bo‘yicha darajamni yanada oshirmoqchiman. O‘qishni boshqa davom ettirish niyatim yo‘q. O‘zbekistonga qaytib, bu yerda o‘rganganlarimni o‘zimizda tatbiq etish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishni istayman. Tuman markazidan xususiy maktab ochish orzuyim bor. Unga eng chekka qishloqlarda yashaydigan bolalarni olib kelib o‘qitmoqchiman.
Sababi, o‘zim ham tuman markazidan ancha olisda ulg‘ayganman. Oliygohni tugatganimdan keyin, o‘sha yerga borib ishlaganman ham. U yerdagi bolalarning zehni ancha o‘tkir, bilimga chanqoq. Ular safidan kelgusida chinakam bilim egalari chiqishida o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
Mirjalol Abdurasulov suhbatlashdi
Mavzuga oid
17:43 / 25.12.2024
Janubiy Koreya “o‘ta qari jamiyat” deb tan olindi
17:35 / 25.12.2024
Janubiy Koreyaning lavozimidan vaqtincha chetlatilgan prezidenti yana so‘roqqa kelmadi
19:15 / 23.12.2024
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
16:31 / 18.12.2024