Sport | 15:46 / 12.06.2021
36428
10 daqiqa o‘qiladi

«Noto‘g‘ri yo‘lda yurganimni kech tushungandim». Xatolari qimmatga tushgan yulduzcha – Temur Hakimov bilan ochiq intervyu

Roppa-rossa 10 yil avval – 2011 yilning yozida Meksikada o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston (U-17) jamoasi o‘z tarixida ilk marta yarimfinal ostonasigacha yetib borib, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. O‘smirlarimiz safida yorqin porlagan 17 yoshli Temur Hakimov nafaqat O‘zbekiston, balki Meksikaning o‘zida ham muxlislar «yoqimtoyi»ga aylangandi. O‘shanda o‘zbek futboli yulduzi bo‘lishi kutilgan Hakimov hozirda «Dinamo» safida Superliga yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. #FootWeek ko‘rsatuvi ijodkorlari yaqinda Samarqandda bo‘lib, Temur Hakimov bilan suhbatlashishdi. Qahramonimiz yulduzli davridan 10 yil o‘tib, hozirgi faoliyati, maqsadlari va o‘sha paytdagi xatolari haqida ochiq gapirdi.

 «Dinamo»da yaxshi kollektiv yig‘ilgan»

- «Dinamo» jamoasiga mavsum oldidan qo‘shilgandim. Jamoa murabbiylar shtabidagi Dilshod aka Sharofetdinov bilan «Paxtakor»dagi faoliyatimda birga o‘ynaganman. U kishi jamoada o‘zimni sinab ko‘rishga chaqirgandi. Hozirda Pro ligada 1-davra yakuniga yetdi. «Dinamo» mavsumni yaxshi boshlagandi, 1-davrada uchta o‘yinda yutqazdik, o‘shanda ham o‘yin jihatdan raqibdan kuchsiz emasdik. Shunga qaramay, oxirgi o‘yinlardagi g‘alabalar evaziga yaxshi o‘ringa chiqib oldik. Eng asosiysi – Samarqandda kurashuvchan, yaxshi kollektiv yig‘ilgan. Kim asosiy tarkibda o‘ynaydi yoki zaxirada qoladi – farqi yo‘q, barcha bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, maydonda kurashadi. Jamoaga «Agromir» homiylik qiladi, maoshlar o‘z vaqtida berib boriladi, umuman bu borada hech qanday muammo yo‘q. Klubdagi bir oylik maoshim 5 million so‘m.

Mavsum boshida asosiy tarkibda edim, ammo so‘nggi o‘yinlarda asosan zaxiradan maydonga tushib yordam berishga intilyapman. Ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istardim, ammo barchasi murabbiyimizning qaroriga bog‘liq. Kim jamoaga ko‘proq yordam bersa, o‘sha maydonga tushadi. Hozirgi maqsadim klub bilan Superligaga chiqish.

 Yulduzlik kasali, hayotda yo‘l qo‘ygan xatolari va otasiz o‘sgani haqida

- O‘tgan yillar davomidagi hamma voqealarni aytib bersam, intervyu 4 soatga cho‘ziladi. Qisqaroq qilib gapiradigan bo‘lsam, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yganman. Hamma biladi, Meksikadagi turnirdan keyin o‘sha paytda futbolni tanlamay, boshqa yo‘llarni tanlaganman. Ayni mashg‘ulotlarga zo‘r berish kerak bo‘lgan paytlarda, noto‘g‘ri yo‘llarda yurganman. Misol uchun, tengdoshlarim mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘z vaqtida dam olib rejimga amal qilishsa, men mashg‘ulotlardan keyin dam olmay, restoranlarda ko‘p yurardim, qizlar, ichkilik...

Afsuski, futbolda deyarli hamma narsani yo‘qotib bo‘lganimdan keyingina noto‘g‘ri yo‘lda yurganimni tushungandim. Bu yo‘ldan qaytish haqida aytishgan, ammo quloq solmaganman. Chunki o‘sha yoshlikdagi yulduzli davr shu ketishda davom etadi, deb o‘ylaganman. Hammasi o‘zimizda o‘tgan Osiyo chempionati va 2011 yilgi Meksikadagi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin boshlangan. Otasiz o‘sganim uchun meni hech kim bu yo‘ldan qaytarib qololmagan. Uydagilarim faqat ayollar – onam, buvim, ular maydondagi muvaffaqiyatlarimga xursand bo‘lishardi, ammo ko‘chadagi yurishlarimni bilishmasdi. Murabbiylar ham nima qilib yurganimni bilishmagan, shunga qaramay gapirishgan, ammo o‘zimni katta bola bo‘lib qoldim deb o‘ylaganman.

 

«Paxtakor»dan ketgani, Babayan bilan munosabati sovuqlashgani haqida

- Ha, o‘sha paytlar «Paxtakor»da edim. Ammo klubdan ketishimga o‘zimni tutishim sabab bo‘lmagan. O‘zim klubdan ketishni istab, hujjatlarimni olganman. Samvel aka meni o‘ynatmagan. Imkoniyat bergan, ammo bundan foydalana olmaganman. O‘shandan keyin ham O‘zbekiston olimpiya jamoasiga chaqirgan, klubga ham taklif qilgandi. Ammo o‘zim o‘shanda «Paxtakor»da o‘ynamayman deganman. Bu ham mening xatoim bo‘lgan. Aslida klubga qaytishim kerak edi.

Ha, Samvel Babayan bilan oramizda kelishmovchilik bor edi. Sababi, boshqa klublar meni chaqirganida xorij jamoalariga qo‘yib yubormay, Qozonning «Rubin» klubi o‘rinbosarlariga jo‘natgandi. U yerdan o‘zim qaytib keldim. Chunki ungacha men «Paxtakor» asosiy tarkibida edim, meni esa «Rubin»dagi yosh bolalar bilan o‘ynashga yuborishgandi. 17-18 yoshda edim, o‘zim ham zerikkanman va qaytgandim. O‘shandan keyin «Paxtakor»da mashg‘ulot o‘tkazib yurdim, o‘ynatmadi, o‘rnimga Igoryokni (Igor Sergeyev) o‘ynatdi. To‘g‘ri qilgan ekan.

O‘shanda «Zenit»dan, «Rubin»dan va boshqa klublardan aloqaga chiqib, meni jamoalariga taklif qilishgan, ammo o‘zimga emas, asosan klubimizdan Samvel Babayan va yoshlar jamoamizdagi Aleksey Yevstafeyevga chiqishgan. O‘sha paytlardagi faoliyatimda murabbiylarning ham xatosi bo‘lgan. Masalan, 1-2 uchrashuvda o‘yinim o‘xshamay qolganida ham, «tortishmagan». Aksariyat murabbiylar ko‘pgina futbolchilarning o‘yini o‘xshamasa ham, 5-10ta o‘yinda ham imkoniyat beraveradi va bir kun kelib o‘sha o‘yinchi o‘z aravasini tortib ketadi. Meni faoliyatimda esa shunaqa murabbiy bo‘lmagan. Yevstafeyev o‘smirlar jamoasidagi faoliyatimizdan keyin hayotimizdan yo‘qolib qolgandi. Aytaylik, o‘zim murabbiy bo‘lsam, yosh bolani Oliy ligaga yetib borishigacha shogirdim sifatida qo‘llab-quvvatlayman, Oliy ligada o‘ynab ketgach, bo‘ldi, deyman. Yevstafeyev yaxshi murabbiy, yaxshi inson, ammo kerakli joyda Oliy ligada moslashishimizga yordam bera olmagan, deb o‘ylayman. Ammo katta ayb baribir o‘zimda deb bilaman.

 Vaqtni ortga surish imkoni bo‘lganida nimani o‘zgartirardi?

- O‘zi oxirgi paytlarda faoliyatim aslida qanday kechishi kerak edi, deb ko‘p o‘ylayman. Hozir 27 yoshdaman, o‘sha voqealardan keyin ham 10 yil vaqt o‘tdi. Taqdir ekan, ehtimol hammasi shunday bo‘lishi kerakdir. Vaqtni ortga surishning imkoni bo‘lganida nimani o‘zgartirardim? Ko‘p narsani. Misol uchun, birinchi navbatda namoz o‘qishni avvalroq boshlagan bo‘lardim. Keyingi navbatda bor e'tiborimni faqat va faqat futbolga qaratgan bo‘lardim. Chunki futbol beradiganini menga boshqa hech narsa bera olmaydi. Futbol – hayotim. Bu tirikchilik emas, futbolni faqat pul uchun o‘ynamayman. Yaxshi ko‘rganim uchun o‘ynayman. Hozirgi yoshimda ko‘proq o‘ynashim kerak, o‘shanda buyog‘iga ham eplab ketaman. Boshqa klublardan hozircha taklifim yo‘q. Yil boshida esa «Dinamo»ga o‘tganimdan keyin «Mash'al» va «Lokomotiv» ham chaqirgan edi. Avvalgi yillar esa «Oqtepa», «Qo‘qon-1912», «Neftchi», «So‘g‘diyona» klublarida to‘p surdim.

Yoshni qisqartirish, yoshlar nega jahon chempionatiga chiqa olmayotgani haqida

- Yoshim haqiqiymi? Albatta, buni istalgan joyda bemalol ayta olaman. O‘sha paytlarda yoshni qisqartirish o‘zbek futbolidagi kasallik edi, ammo menda unday bo‘lmagan. Hozir ham bunday ishlar bor yoki yo‘qligini bilmayman. Umuman olganda, hozirda O‘zbekistonda yaqqol ajralib chiqqan yosh iqtidorlarning o‘zi yo‘q, deb o‘ylayman. Bizdan keyin yana ikkita jamoa jahon chempionatlarida qatnashdi, ammo so‘nggi yillarda 16, 17 yoki 20 yoshli jamoalarimiz jahon chempionatiga chiqa olishmayapti. Muammo murabbiylardami? Yo‘q, yaxshi yosh murabbiylar ham chiqishmoqda. Olimpiya jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadzeni ko‘rsatish mumkin. Temur aka kelajakda O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarishiga ishonaman.

Xatolarini takrorlamaslik haqida yosh o‘yinchilarga maslahati

- To‘g‘ri, hali maslahat beradigan yoshda emasman, ammo o‘tgan yillar davomida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yganim bois, o‘sayotgan yosh o‘yinchilar mendek xatolarni qilmasliklari uchun ularga maslahatim – bor e'tiborlarini faqat futbolga qaratishsin. Faqat bir kunni o‘ylamay, ertasi bilan ham yashashsin. Nimadir o‘xshamay qolgan taqdirda ham hech qachon o‘z ustida ishlashdan to‘xtashmasin. O‘shanda Alloh unga albatta beradi. Qo‘limda chizilgan «tatu»lar ham o‘sha davrdagi xatolarimni eslatadi. O‘chirishga harakat qildim, ammo qo‘lim kuyib, qiynaldim. Texnologiyalar rivojlanaversa, tez orada o‘chirib tashlayman. Yoshlar bunday xatolar qilishmasin.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Mavzuga oid