Yevro-2020 ochilish o‘yinidagi yirik hisob. Turkiya - Italiya o‘yinining 5 xulosasi
Kecha, 11 iyun oqshomida Yevropa chempionati Turkiya hamda Italiya jamoalari o‘rtasidagi bellashuv bilan start oldi. Dastlabki o‘yindanoq bu kabi markaziy bahs barchani xursand qildi. O‘z guruhi g‘olibligi uchun asosiy da'vogar hisoblangan ikki jamoaning to‘qnashuvi taktik kurashlarga boy o‘tdi.
Xo‘sh, ushbu uchrashuvda eng e'tiborga molik vaziyatlar qaysi edi? Quyidagi 5ta misol orqali o‘yinni xayolingizda qayta gavdalantirishga harakat qilamiz.
1. «Yuventus» ushbu o‘yinda g‘alaba qozondi!
Tasodif, shundaymi? To‘g‘ri aytasiz, Domeniko Berardi jarima maydoniga uzatgan to‘p yo‘lidan Merih Demiralning chiqib qolishi tasodifdan boshqa narsa emas. Ammo bu avtogol Turkiya o‘yinini butkul izdan chiqardi. Butun o‘yin davomida italyanlarning hujumlariga sabot bilan chidab berib turgan turklar mana shu goldan keyin, taktik jihatdan sochilib ketdi. Shenol Guneshning ikkinchi rejasi yo‘q edi yoki futbolchilar sarosima ostida taktik ishlanmalarni ham unutib qo‘yishdi.
«Yuventus» markaziy himoyachilari ushbu bellashuvda tandem shaklida o‘ynadi. Turkiya qarshi hujumlarining birortasi Kellini-Bonuchchi juftligidan o‘tmadi. Bu orqali raqiblarning hafsalasi pir bo‘la boshladi. Demaralni ushbu vaziyatda ayblash nojoiz, futbolchi tanasini to‘p yo‘lidan olib qocha olmadi. Vaziyat shu qadar tez sodir bo‘ldiki, «Yuve» himoyachisi «Sassuolo» sardorining uzatmasi qayerdan kelayotganini-da, sezmay qoldi.
2. Yarimhimoya mo‘jizasi
Turnir avvalidagi prevyularda ta'kidlab o‘tganimizdek, Italiyada bugun yaqqol ajralib turuvchi yulduz yo‘q. E'tibor berib qarasangiz, hujum uchligidan o‘rin olgan biror bir futbolchi A Seriyaning top-3ligidagi klublardan emasdi.
Kechagi g‘alabada asosiy rolni yarimhimoya chizig‘i o‘tadi, deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi. Jorjino va Barella raqib qarshi hujumlarini pressing orqali sekinlashtirib, jamoadoshlarining taktik pozitsiyalarini egallab olishlariga katta imkoniyat yaratib bermoqdalar. Verattida kichik jarohat borligi sababli maydonga tashlangan Manuel Lokatelli o‘yin davomida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymadi va yana bir karra Manchinining ishonchini qozondi.
E'tibor berib qarasak, Italiyaning ikkita goli Barellaning yakuniy uchlikni kesuvchi pas bilan ta'minlashi oqibatida yuzaga keldi. U sifatli o‘yin namoyish etishda davom etsa, Apennin yarimoroli vakillaridan ko‘p narsalarni kutsak bo‘ladi.
3. Turkiya «avtobus»i to‘xtab qoldi
Dunyo futbolida «avtobus» uslubida himoyaviy o‘yin o‘tkazish metodi ancha mashhur. Bu taktika ko‘p hollarda ish berib, grandlardan ochko tortib olinishiga sabab bo‘ladi. Biroq, uni ham to‘g‘ri ishlata bilish masalasi bor. 11 futbolchining barchasi himoyaviy maqsadlarda ishlatilsa, qarshi hujumga kim o‘tadi? Pala-partishlik bilan hujumga o‘tib ketilsa, mudofaadagi vazifalar kimga topshiriladi? Shenol Gunesh bu savollarni o‘ziga berib ko‘rishi kerak.
Shu Fransiyaga ikkita o‘yinda ham mag‘lub bo‘lmagan Turkiyamidi? Turklar kecha shunchaki himoyasi naqadar bardoshli ekanini sinamoqchi bo‘lgan jamoadek ko‘rindi. Faollik evaziga olib qo‘yilgan to‘plarning aksariyati raqib yarimhimoyachilariga oldirib qo‘yildi. Balki, bosh murabbiy jamoasiga bunday taktik yuklamani qo‘ymagandir. Sababi, hisob 0:0 ekanligidayoq birinchi taymda umuman ko‘rinmagan Yazidji Chengiz O‘nderga almashtirildi. Aksiga olib, «Lester» yarimhimoyachisi ham himoyadagi futbolchilarning biri bo‘lishdan boshqasiga yaramadi. 36 foiz to‘pga egalik qilish, raqibdan 8 barobar kam zarba yo‘llash, birorta tepilgan to‘pning darvozaga aniq bormasligi… Turkiya mag‘lubiyatga uchrashga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. «Avtobus» bunday ishlamasligi kerak edi.
4. Spinatssola - syurpriz!
O‘yinning eng yaxshi futbolchisi - Chiro Immobile! Bunga shak-shubha yo‘q. Bitta gol va bitta assist amalga oshirgan «Latsio» futbolchisi ushbu e'tirofga haqli futbol namoyish etdi.
Ammo bahsdagi haqiqiy syurpriz Leonardo Spinatssola bo‘ldi. O‘ng oyoqli chap qanot himoyachilar top-klublarda va katta milliy jamoalarda kam uchraydi. Ammo «Roma» loteraliga bu jihat xalaqit bermaydi. Boisi, u chap oyog‘ida ham birdek zarba va paslarni ijro eta oladi. Turkiyaga qarshi bellashuvda Leonardo 3ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirdi. Bu maydondagi barcha futbolchilar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich.
Chiro Immobile gol urgan vaziyatda juda noqulay vaziyatda turganiga qaramay, darvozaga kuchli zarba bergan futbolchi Spinatssola edi. U tepgan to‘pni darvozabon bir amallab qaytardi va jamoa asosiy forvardi qarshisida deyarli bo‘sh darvoza qoldi. Bu gol Italiyaga xotirjamlik bergani va Turkiyani yanada tahlikaga solgani bilan ham ahamiyatli edi.
5. Ishtiyoq ustunligi
Italiyadan g‘alaba kutilgan edi, o‘yinoldi barcha nashrlar amalga oshirgan prognozlarda «Skuadra Adzurra» favorit sifatida qayd etilgandi. Ammo bu qadar osonlik bilan 3 ochko qo‘lga kiritilishini ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi aniq. O‘yinni ingliz OAVda ekspert sifatida kuzatgan afsonaviy hujumchi Alan Shirer «Italiyaliklar barchasini chin yurakdan bajarishdi», - deya fikr bildirdi.
93-daqiqa, hisob 3:0, Jorjio Kellini esa Burak Yilmazning gol urishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jon-jahdi bilan harakat qildi va buni uddaladi. Shundan ham bilib olishimiz mumkinki, «moviy gvardiya»da g‘alabaga bo‘lgan intilish, xohish kuchlilik qildi.
Italiya 100 yillik rekordni takrorlashiga 2tagina o‘yin qoldi. 1930 yilgi Italiya milliy jamoasi 30ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramay, rekord qo‘ygandi. Nimchorak finalga g‘alabalar bilan yetib borgan taqdirda, Manchini jamoasi tarixiy natijani qayd etadi. Ko‘ramiz, ular ushbu sinovdan qanday o‘tadilar…
«Squawka.com» saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi
Mavzuga oid
13:51
Italiyaning eng yirik banki RFdan yevroda to‘lovlar qabul qilishni to‘xtatadi
15:01 / 23.12.2024
Meloni: RF migratsiyadan YeIga putur yetkazish uchun foydalanishi mumkin
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024