Jahon | 08:48 / 17.06.2021
89333
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an va Baydenning NATO sammitidagi surati mojaro keltirib chiqardi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan NATO sammitidagi «omadsiz chiqqan» surati G‘arb OAV tomonidan qo‘llanishi Turkiyada mojaro chiqishiga sabab bo‘ldi.

Bianet nashrining xabar berishicha, avvalroq France-Presse va Reuters axborot agentligi e'lon qilgan ushbu suratda kursida o‘tirgan Erdo‘g‘an uning yoniga kelgan Bayden bilan pandemiya sharoitida sanitar-epidemiologik protokol talab qilgandek musht urib salomlashish uchun o‘rnidan turayotgani aks etgan. G‘arb OAVlari bunda Erdo‘g‘an Baydendan farqli o‘laroq, niqobsiz bo‘lganiga e'tibor qaratgan.  

Foto: Reuters

Biroq Anqarada G‘arb matbuoti sahifalarida Erdo‘g‘anning niqobsiz bo‘lgani qayd qilinishi emas, balki u go‘yoki Baydenga «ta'zim qilib», uning mushtini o‘pmoqchi bo‘layotgandek tasvirlangan surati chop etilgani mojarolarga olib kelgan.  

Turkiya prezidenti maslahatchilaridan biri Ismoil Sesur Britaniyaning Financial Times nashrini NATO sammitida olingan Erdo‘g‘an va Baydenning o‘nlab boshqa umumiy suratlari bo‘lsa-da, o‘zining birinchi sahifasida aynan o‘sha mojaroli suratni chop etib, Erdo‘g‘anni kamsitishga urinmoqchi bo‘lganlikda ayblagan.

«Financial Times tomonidan NATOning o‘nlab boshqa suratlari ichidan ushbu suratni qo‘llagani Erdo‘g‘an haqida muayyan tasavvur paydo qilishga qaratilgan. Vaholanki, Turkiya yetakchisining NATO sammitidagi ishining o‘zi uning o‘z kurashini davom ettirayotgan maydonlar va ko‘lamlar qanchalik kattaligini ko‘rsatadi. Biz sizni doim qo‘llab-quvvatlaymiz, jahon yetakchisi», deb yozgan Sesur.

Foto: Reuters

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu surat yuzasidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan keyin Reuters surat keltirib chiqargan tushunmovchilikdan afsus bildirgan hamda o‘sha surat Erdo‘g‘an Baydenni qarshilash uchun o‘rnidan turayotganda olinganini qo‘shimcha qilgan.

Ikki davlat yetakchisining Bryusseldagi uchrashuvi AQSh prezidenti Usmoniylar imperiyasida XX asr boshida sodir bo‘lgan voqealarni armanlar genotsidi deb tan olgandan keyin bo‘lib o‘tdi. O‘shanda Baydenning bayonotidan keyin AQShning Anqaradagi elchisi Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga AQSh prezidenti bayonoti yuzasidan norozilik bildirilgan. O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Bayden bir asr avval yuz bergan voqealar yuzasidan asossiz va haqiqatdan yiroq bayonot berganini aytgan.

Mavzuga oid