O‘zbekiston | 14:36 / 17.06.2021
16912
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi.

«Innovatsionligi shundaki, bu joy ilgari tosh-shag‘al kareri bo‘lgan. Yerdan unumli foydalanish siyosati natijasida u ekinzorga aylantirildi. «Mega agro» mas'uliyati cheklangan jamiyati bu yerda Ispaniya texnologiyasi asosida issiqxona barpo etdi.

Bu texnologiyada ekin polietilen quvurchalar orqali sug‘oriladi. Eng muhimi, suv isrof bo‘lmaydi, doimiy aylanib turadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tadbirkor uchun 16 gektar yer ajratilgan. Shundan 6 gektarida ochiq va yopiq issiqxona tashkil etilgan. Yana 2 gektarda Turkiya va Ispaniyadan olib kelingan zamonaviy uskunalar o‘rnatilmoqda.

Issiqxonalarda «Aysberg» karami, pomidor, bodring, ularning ko‘chatlari va har xil ko‘katlar yetishtiriladi. Ularni yurtimiz bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, yiliga 1 million 500 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada 100ta ish o‘rni yaratilgan.

Davlat rahbari Andijonda metall konstruksiyalar korxonasi tashkil etib, chetdan sotib olinayotgan materiallarni mahalliylashtirish, xususan, issiqxona detallarini ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berdi. Andijon qishloq xo‘jaligi instituti viloyatda agrar sohani innovatsion rivojlantirishga akselerator bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid