Jahon | 09:51 / 17.06.2021
5357
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy 5 yillik tanaffusdan keyin orbitaga fazogirlarni jo‘natdi

Foto: AP

Xitoy bortida “Shenchjou-12” kemasi bo‘lgan “Chanchjen-2F” raketasini orbitada qurilayotgan “Tyangun” koinot stansiyasi tomon jo‘natdi. Kema bortida stansiya tomon 3 taykonavt – 56 yoshli Ni Xayshen, 54 yoshli Lyu Bomin va 45 yoshli Tan Xunbo yo‘l oldi. E'tiborlisi, Xitoy 5 yil ichida ilk bor orbitaga fazogirlarni jo‘natmoqda.

Raketa mahalliy vaqt bilan soat 9.22da Xitoy shimolida joylashgan “Tszyutsyuan” kosmodromidan uchirilgan. Keyinroq “Shenchjou-12” Yer yaqinidagi orbitaga muvaffaqiyatli chiqqani ma'lum qilingan.

Kema belgilangan orbitaga chiqqach, stansiyaning asosiy moduli “Tyanxe” bilan birikadi va u hamda may oyida uchirilgan “Tyanchjou-2” yuk kemasi bilan birga umumiy konstruksiyani hosil qiladi. Shundan keyin fazogirlar “Tyanxe”ga o‘tib, u yerda 3 oy qolishadi. Ular bu vaqt davomida stansiyadagi qurilmalarni yig‘ish, ishga tushirish va ochiq fazoda turli vazifalarni bajarish bilan shug‘ullanishadi. Ekipaj Yerga sentyabrda qaytadi.    

Foto: Carlos Garcia Rawlins / Reuters

Ushbu missiya Xitoyning 2016 yildan beri fazogirlar bilan amalga oshirilayotgan ilk missiyasi hisoblanadi. 2016 yil oktyabrda “Tszyutsyuan” kosmodromidan fazoga “Shenchjou-11” kemasida 2 taykonavt jo‘natilgandi.

“Tyangun” Xitoyning uchinchi orbital stansiyasi hisoblanadi. Stansiyani 2022 yil oxirigacha to‘liq yoyish rejalashtirilgan. Buning uchun bir yildan ko‘proq vaqt ichida 11ta missiyani amalga oshirish kerak bo‘ladi. Stansiyaning asosiy moduli orbitaga aprel oyida chiqarilgandi.

Xitoyning avvalgi orbital stansiyalari – “Tyangun-1” 2011 yilda, “Tyangun-2” esa 2016 yil sentyabrda orbitaga chiqarilgan. “Tyangun-2” 2019 yil martida orbitadan chiqarilib, okeanda cho‘ktirib yuborilgan.

Mavzuga oid