Livandagi inqiroz: och qolgan armiya, hokimiyatdagi bo‘shliq va generalning iltimosi. Yevropa esa islohot talab qilmoqda
Livan harbiylari shu haftada jahon derjavalariga murojaat qilib, askarlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini so‘radi. Mamlakatda halokatli moliyaviy-siyosiy inqiroz tugamayapti, bosh qo‘mondon Jozef Aunning ma'lum qilishicha, qurolli kuchlar xodimlariga yashash va xizmatni davom ettirish uchun oziq-ovqat va dori-darmon yetishmayapti.
Armiya Livanda betaraf kuch sifatida qaraladi, harbiylar deyarli bir yildan buyon hukumatsiz yashayotgan va fuqarolik urushi yoqasiga kelib qolgan davlatda amalda tartibni saqlab kelmoqda.
2019 yil bilan taqqoslaganda milliy valuta 90 foizlik qiymatini yo‘qotgan, bu esa armiya budjeti va askarlarning maoshini deyarli yo‘qqa chiqargan.
Bu vaqtda Yevroittifoq Livan prezidenti Mishel Aun bilan (armiya bosh qo‘mondoni bilan familiyadosh) shanba kungi muzokaralarda hukumat shakllantirish yo‘lida to‘siqlar yaratishni to‘xtatishga chaqirdi, yangi hukumatsiz xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakat taraqqiyoti uchun moliyaviy yordam ajrata olmaydi.
Payshanba kuni Fransiya Livan harbiylari uchun mablag‘ to‘plashga qaratilgan virtual donorlik konferensiyasi o‘tkazdi. Unda 20 davlat, shu jumladan, AQSh, Rossiya, Yevropa va arab davlatlari ishirok etdi.
«Frans press» agentligi xabar qilishicha, Livan armiyasi rahbari do‘stona davlatlardan qurol-yarog‘ yoki harbiy mashg‘ulotlar o‘rniga «muayyan narsalar» taqdim etishni so‘ragan: sut, un, dori-darmon, yoqilg‘i, jami qiymati bir necha o‘n ming yevro chiqadigan harbiy texnika qismlari.
Livan armiyasi betaraflik saqlaydi va mamlakatdagi 18ta diniy guruhlar hamda ko‘p sonli siyosiy fraksiyalar o‘rtasida katta obro‘ga ega hisoblanadi.
G‘arb davlatlari ham armiyani mamlakatda katta ta'sirga ega bo‘lgan eronparast «Hizbulloh» guruhiga qarshi tura oladigan kuch sifatida ko‘radi. AQSh, YeI, Buyuk Britaniya va qator davlatlar ushbu harbiylashgan tashkilotni to‘liq yoki qisman terrorchi tashkilot sifatida tan olgan.
«Livan armiyasi - Livan tayanchi, harbiylar mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib ketishining oldini oladi, shunday ekan, ularga ushbu vazifani bajarishlari uchun yordam ko‘rsatishimiz kerak», degan jurnalistlarga Fransiya qurolli kuchlari vakili.
Mart oyida general Jozef Aun butun dunyoga livanlik askarlar xuddi mamlakatning boshqa fuqarolari kabi ochlikdan qiynalayotgani haqida ma'lum qilgach, Parij donorlik konferensiyasini tashkillashtirishga kirishgandi.
«Mamlakat tayanchi»
General qariyb bir yildan buyon kabinetni shakllantira olmayotgan siyosatchilarni ham ochiq tanqid qilib chiqqan. Avvalgi bosh vazir Hasan Diab 2020 yil avgustida Bayrutning katta qismini vayron qilgan ulkan portlash ro‘y berishi va bu tufayli korrupsiya ko‘lami fosh bo‘lishi ortidan butun kabineti bilan iste'fo bergandi.
«Biz qayoqqa ketyapmiz? Siz nima qilishni rejalashtiryapsiz?», - deya harakatsiz qolayotgan siyosiy yetakchilarni so‘roqqa tutadi general Aun. Seshanba kuni u G‘arbdagi do‘stona davlatlarga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgani, «armiya oyoqda turib qolishi uchun barcha narsaga tayyorligi» haqida ma'lum qildi.
«90 dollardan oshmaydigan maoshi bilan askar qanday qilib oilasini boqishi mumkin?», deydi u armiyaning tvitterdagi sahifasida e'lon qilingan videomurojaatida.
«Agar chora ko‘rilmasa, iqtisodiy va moliyaviy inqiroz tufayli davlat institutlari, shu jumladan, qurolli kuchlar, mamlakat tayanchi ham halokatga yuz tutadi», deya qo‘shimcha qilgan general Aun.
2020 yil avgustida Bayrut portida selitra saqlanayotgan omborda portlash ro‘y bergach, qariyb 200 kishi halok bo‘lgan, shusiz ham qiyin iqtisodiy sharoitda yashayotgan mamlakat chuqur inqirozga tushib qolgandi.
O‘shanda Livanni iqtisodiy va siyosiy inqirozdan olib chiqish vazifasini ushbu mamlakat bilan Yaqin Sharqdagi sobiq mustamlakalari tufayli aloqalarni saqlab qolgan Fransiya o‘z zimmasiga olgandi.
Livan armiyasining asosiy homiysi - AQSh, yaqinda amerikaliklar mamlakat armiyasini moliyalashtirishni yillik 105 million dollardan 120 million dollarga oshirishni va'da qilgandi.
Ammo ulkan inflatsiya va noqulay valuta kurslari tufayli bu pulning qiymati pasayishda davom etmoqda, shu tufayli general Aun xalqaro hamjamiyatni harbiylarga pul emas, konkret predmetlarni insonparvarlik yordami sifatida yuborishga chaqirmoqda.
Hukumat yo‘q - yordam ham yo‘q
Shanba kuni YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Livan prezidenti Mishel Aun bilan «ochiq muloqot» qilib, unga Livan moliyaviy kollaps yoqasida qolgani, siyosatchilar bir daqiqani ham boy bermasdan siyosiy boshboshdoqlikka chek qo‘yib, hukumatni shakllantirishlari kerakligini bildirgan.
«Livan boshdan kechirayotgan inqiroz - ichki masala. Bunga mahalliy hukumatning o‘zi sabab bo‘lgan», degan Borell.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeI yirik miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatishi mumkin, faqat bir shart bilan - hukumat tuzilishi, islohotlar dasturi kelishilishi va Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan kelishuvga erishilishi kerak.
Borrel Livan prezidentini yangi hukumat shakllantirilishi yana kechikadigan bo‘lsa, moliyaviy sanksiyalar ko‘rib chiqilishi ehtimoli haqida ogohlantirgan.
Tarixiy inqiroz
Jahon banki yaqinda Livan og‘ir va uzoq vaqtga cho‘zilgan iqtisodiy tanazzulga uchraganini ma'lum qilib, bu inqiroz XIX asr o‘rtalaridan keyingi davrda jahon iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan eng jiddiy inqiroz bo‘lishini ta'kidlagandi.
Bank baholariga ko‘ra, 2020 yilda mamlakat YaIMi 20,3 foizga pasaygan, 2019 yilda qisqarish 6,7 foizga teng bo‘lgandi. Joriy yil uchun prognozlar pasayish davom etishi va 9,5 foizni tashkil etishini ko‘rsatmoqda.
Livan funti qadrsizlanishi inflatsiya darajasi ortishiga olib keldi, xalqaro tashkilot hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 84 foizga yetgan.
Mamlakat aholisining yarmidan ortig‘i haddan tashqari qashshoqlik sharoitida yashaydi, mahalliy valutaning xarid qobiliyati keskin pasayishi ishchilar va xizmatchilar sinfiga og‘riqli zarba berdi. Asosiy xizmatlar, shu jumladan, sog‘liqni saqlash sohasi xizmatlaridan foydalanish imkonidan mahrum bo‘lgan oilalar soni yanada ko‘paydi.
Livan armiyasidagi oddiy askar oyiga 1,25 million Livan funti miqdorida maosh oladi. Bu rasmiy almashuv kursi bo‘yicha taxminan 800 dollarga teng, ammo ko‘chadagi kurs bo‘yicha 80 dollar bo‘lib qoladi. Shu tufayli yil boshidan buyon uch mingga yaqin harbiy xizmatchi armiyani tark etgan. Karnegi markazining Yaqin Sharq bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, hozirda armiyada 81 mingdan kamroq askar qolgan.
Mavzuga oid
11:33 / 03.12.2024
Livan va Isroil bir-birini sulhni buzganlikda aybladi
15:02 / 02.12.2024
Isroil va Livan sulhidan keyin odamlar uylariga qaytmoqda - fotosuratlar
16:42 / 01.12.2024
Livandagi sulh: «Hizbulloh» chegaradan uzoqlashishi kerak, ammo keyin nima bo‘ladi?
19:07 / 28.11.2024