O‘zbekiston | 17:37 / 20.06.2021
29383
9 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yer ajratishdagi qonunbuzarliklar, o‘zini oqlamagan tajriba va boshlangan tekshiruvlar. Prokurorlar bilan yangi farmon bo‘yicha suhbat

O‘zbekistonda yer ajratish tartibi takomillashtirilmoqda. Unga ko‘ra, hokimlarning fuqarolar va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish va olib qo‘yish vakolati bekor qilinmoqda, bundan buyon barcha hududlarda yer maydonlari auksion orqali sotiladi. Shuningdek, davlat organlari endilikda qaysidir tashkilotga yer ajratilishi uchun imtiyoz berilishini so‘rab chiqa olmaydi.

Kun.uz kutilayotgan shu va boshqa o‘zgarishlar, umuman, yangi tartib joriy etilishiga olib kelgan sabablar haqida Bosh prokuratura mutasaddilaridan intervyu oldi.

– Prezidentning yer munosabatlarini tartibga solishga oid yangi farmoni qabul qilinishiga qanday ehtiyoj bor edi? Yangi tartibga ko‘ra, amalda nimalar o‘zgaradi va bu nima beradi?

Eldor A'zamov,
Bosh prokuraturaning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Yer sohasiga oid qonunchilik prokurorlarning kundalik ish yurituvidagi sohalardan hisoblanadi. Farmon qabul qilinishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Ma'lumki, yer munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tilyapti. 2019 yilda qabul qilingan 5742-sonli farmonda ayniqsa, sug‘oriladigan yerlarni muhofaza qilishga alohida e'tibor qaratildi. Ya'ni farmonning 5-bandida sug‘oriladigan yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish faqat prezident qarori bilangina amalga oshirilishi belgilandi.

Eldor A'zamov

Yangi farmon qabul qilinishiga asos bo‘luvchi omillardan biri qishloq xo‘jalik yerlari o‘zlashtirilishi hisoblanadi. 2020 yil va joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida butun respublika miqyosida prokuratura va boshqa vazirliklar bilan o‘tkazilgan o‘rganishlar olib borildi. Natijada 7,1 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jalik yerlari o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlandi. 8,7 ming gektar yerda noqonuniy qurilish qilingani fosh etilgan. Shuningdek, 5,3 ming gektar qishloq xo‘jalik yerlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanib, mazkur yerlar tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan.

Ushbu belgilangan davrda tuman hokimliklari tomonidan yer ajratishga oid 7,5 mingta qaror qonunga zid ravishda qabul qilingani hamda 120 ming gektar yer noqonuniy ajratilgani ma'lum bo‘ldi.

O‘tgan yilda ma'muriy sudlarda tuman hokimlarining yer berish bilan bog‘liq 2200dan ortiq qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.

Yangi farmon qabul qilinishiga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini ajratish, olib qo‘yish, yerlarning toifasini o‘zgartirish jarayonida ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘ldi. Shunga ko‘ra, amaldagi yer ajratish tartibi bekor qilinib, mutlaqo yangi tizim joriy qilinmoqda. Yangi tartib ochiq va shaffofligi, barchaga teng imkoniyat berishi bilan ahamiyatlidir.

Azim Sattorov,
Bosh prokuraturaning Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori:

– Ilgari normativ-huquqiy hujjatlarda poytaxtda eksperiment tariqasida shahar hokimiga investitsion jozibadorlikni ko‘tarish, xorijiy investorlarni ko‘proq jalb etish maqsadida yer maydonlarini tanlovsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish huquqi berilgan edi. Lekin ikki yil davom etgan bu eksperiment o‘zini oqlamadi, hokimliklar tomonidan yer ajratish jarayonida juda ko‘p qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Eng achinarlisi, nazorat kuchli bo‘lganiga qaramasdan, suiiste'mol qilish va korrupsiya avj olib ketdi.

Azim Sattorov

Shu sababli yer huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, uni bozor aktiviga aylantirish maqsadida bu tarixiy farmonga imzo chekildi. Bu bilan barcha viloyat va tuman hokimliklari singari Toshkent shahrida ham hokimlik tomonidan yer ajratish tizimi vakolati bekor qilindi. Natijada Toshkent shahrida ham yerni auksion orqali berish tartibi joriy etildi.

Bu sinab ko‘rilgan eksperiment nimasi bilan o‘zini oqlamadi, desangiz, aytish kerakki, bu yerda tenglik prinsipi buzildi, shaffoflik yo‘qoldi. Buni qonunga zid qarorlarni qabul qilishda, yerlarning talon-toroj qilingani kabi holatlarda ko‘rish mumkin.

Farmon chiqqandan keyin prezident administratsiyasi tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda farmondan kelib chiqib, muayyan ishlarni bajarish vazifalari yuklatildi. Shu jumladan, prokuratura, DXX va boshqa vakolatli idoralar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tumanlar bo‘yicha 13ta ishchi guruh tuzildi. Hokimlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish vakolati olinganidan so‘ng, ularning qarorlarni qabul qilish reyestr kitoblari olib qo‘yildi va oxirgi 2,5 yillikda qabul qilingan 49,5 mingdan ziyod qarorlari qonunga zid yoki muvofiqligi ishchi guruhlar tomonidan o‘rganilmoqda.

Eldor A'zamov:

– Yuqorida ta'kidlanganidek, sug‘oriladigan yer maydonlari alohida muhofaza qilinadi. 2020 yilda 2,2 ming gektar sug‘oriladigan yer AYoQSh, savdo do‘koni va boshqa obektlar qurish uchun berib yuborilgan. Bundan tashqari, 609 gektar yer ishlab chiqarish obektlari, 800 gektardan ortiq yer uy-joy qurish uchun noqonuniy ajratilib, ekin yerlari muomaladan chiqib ketgan. Yer qonunchiligini buzgani uchun 588 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgan, ularning bir qanchasiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlangan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasiga ko‘ra, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 400ga yaqin taqdimnoma kiritilgan. Noqonuniy qarorlarni bekor qilish uchun 7000dan ortiq protestlar keltirilgan. 1300 nafardan ortiq mansabdor shaxs ma'muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan. O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni qaytarish, noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga 2 mingga yaqin da'vo arizalari kiritilgan.

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallangan 5700 gektardan ortiq yerlar qaytarilishi, 2,1 ming gektardan ortiq maydondagi noqonuniy qurilmalar buzdirilishi ta'minlangan.

– Sug‘oriladigan yerda barpo etilgan har qanday inshootlar buzilib, avvalgi holiga qaytganmi, foydalanishga yaroqlimi?

Eldor A'zamov:

– Yuqorida keltirilgan raqamlar noqonuniy qurilmalar to‘liq yo‘qotildi degani emas. Sababi o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarda fuqarolar uy-joylar qurib yashab kelmoqda. Bularni buzdirish uchun sudlarga da'vo arizalari kiritilgan. Shu nuqtayi nazardan jarayon hali davom etyapti.

– Ishchi guruh o‘rganishi davomida qo‘pol qonunbuzilish holatlari yoki korrupsiya alomatlari aniqlansa, buning huquqiy oqibatlari qanday bo‘ladi? Misol uchun, qing‘ir yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan yerlar olib qo‘yilishi mumkinmi?

Azim Sattorov:

– Ishchi guruh Uchtepa tumani hokimligi qarorlarini o‘rganmoqda. Tumanda 4-5ta qaror qabul qilingan. Bundan tashqari, prokuratura tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida yerni noqonuniy berish bo‘yicha o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan qisqa muddat ichida Toshkent shahrining Sergeli va Yashnobod tumanlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Toshkent shahar hokimining 2017 yil 705-sonli qarori bilan Sergeli hokimligi uchun zamonaviy mahalla qurish maqsadida 0,2 gektar yer berilgani aniqlandi. Lekin bu yer Sergeli tuman hokimi qarori bilan xususiy tadbirkorga noqonuniy berib yuborilgan. Ushbu holat bo‘yicha 205-modda bilan tuman hokimligining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochildi.

Yana bir misol, Yashnobod tuman hokimining 2017 yil 16 iyundagi qarori ilovasida tadbirkorga Donishmand mahallasidan 0,4 gektar yer maydoni ajratib berilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, qaror ilovasi qalbakilashtirilib, boshqa hududdan yer berilgani aniqlangan. Bu bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Shunday noqonuniy ravishda egallangan yerlar davlat tasarrufiga qaytariladi. Agar u yerda qurilish ishlari olib borilgan bo‘lsa, sudga murojaat qilish orqali ularni buzdirish choralari ko‘riladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid