O‘zbekiston | 14:44 / 25.06.2021
4710
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat ulushi mavjud 96ta korxona 411 mlrd so‘mga sotilgan

Senat o‘n oltinchi yalpi majlisida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga ko‘maklashish maqsadiga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini bozor mexanizmlari asosida boshqarishni yanada jadallashtirish maqsadida prezidentning 2020 yil 27 oktyabrdagi 6096-sonli farmoni qabul qilinib, unga ko‘ra bugungi kunga qadar 541ta davlat ulushi mavjud korxonaning 247tasi 2,3 trln so‘m qiymatda savdoga chiqarilib, 96tasi 411,6 mlrd so‘mga sotilgan.

Davlat geologiya qo‘mitasi tasarrufidagi 6ta yirik davlat korxonalari aksiyadorlik jamiyatlari sifatida qayta tashkil etilib, ularning kuzatuv kengashlariga 6 nafar chet ellik malakali ekspertlar mustaqil a'zo sifatida jalb etilgan.

Geologik izlanishlar yo‘nalishida 400 mln dollarlik kredit shartnomalari rasmiylashtirilib, xalqaro banklar bilan 900 mln dollarlik sindikatlangan kredit ajratish to‘g‘risida bitimlar tuzilgan.

Bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini (obektlar) ishlab chiqarishga jalb qilish yuzasidan o‘tkazilgan xatlovlar natijasida 27 675ta obekt aniqlanib, 1 215ta obekt bo‘sh turganlar toifasidan chiqarilib, 1 146ta obektdan kelgusida samarali foydalanish belgilanib, 744ta yangi obektdan samarali foydalanish choralari ko‘rilgan.

Iste'molchilarni elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida, o‘tgan davr ichida respublika hududida 25 ming km elektr uzatish tarmoqlari hamda 8 mingtadan ortiq transformator punktlari yangilangan, rekonstruksiya qilingani natijasida 1,7 milliondan ortiq aholi xonadonlarida elektr ta'minoti yaxshilangan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 81 ming km.ni tashkil etib, joriy yil yakuniga qadar 118,6 ming km.ga yetkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 1,7 mln.ta keng polosali internet tarmog‘iga ulanish portlari o‘rnatilib ularning umumiy sonini 2021 yil oxiriga qadar 3,9 mln.taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid