O‘zbekiston | 14:32 / 25.06.2021
4508
3 daqiqa o‘qiladi

Qon donorligi sohasi to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovi yuborildi

Senat o‘n oltinchi yalpi majlisida qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan hududlarda qon va uning tarkibiy qismlari donorligiga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Bugungi kunda, sog‘liqni saqlash tizimidagi qon quyish xizmati Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy ishlab-chiqarish korxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish stansiyasi va 12ta viloyatlar qon quyish stansiyasi, 2ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi muassasalari hamda 196ta qon quyish bo‘limlari (qon banklari)dan iborat.

Respublika qon quyish markazi tomonidan qon preparatlari ishlab chiqarish bo‘limi uchun budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan besh yuz milliard so‘mlikdan ortiq zarur jihozlar sotib olinib, o‘rnatilgan.

Bugungi kunda jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan pandemiya sharoitida mamlakatda qon ishlab chiqish, qon zaxirasini shakllantirish amaliyoti talab darajasida yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifalaridan ekani alohida e'tirof etildi.

Majlisda mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasida davlat siyosatini takomillashtirish maqsadida qon va uning tarkibiy qismlarini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqish, qon quyish muassasalari moddiy-texnik holatini yaxshilash, sohaga axborot-texnologiyalarni joriy etish, donorlar va qon zaxirasi haqidagi ma'lumotlar almashinuvi uchun raqamlashtirishni yo‘lga qo‘yish, respublika hududlarida mobil brigadalar tomonidan qon zaxirasini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratish, qon quyish muassasalarini ko‘chma donorlik komplekslari bilan ta'minlash muhimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, qon quyish markazlarida qon komponentlarini tayyorlovchi asbob-uskunalarni davriy ravishda ko‘rikdan o‘tkazib, uzviy ta'mirlovchi mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, ko‘ngilli va beg‘araz donorlikni targ‘ibot qilish bo‘yicha faollar (volontyorlar) harakatini rivojlantirish, qon va uning tarkibiy qismlari donorligidan xavfsiz va samarali foydalanish maqsadida zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, bunda donor qonini gemotransmissiv infeksiyalarga (OIV, gepatit V, S) zamonaviy usullarda (PZR apparati orqali) tekshirishni yo‘lga qo‘yish masalalariga urg‘u berildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Mavzuga oid