O‘zbekiston | 11:06 / 26.06.2021
13727
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga kirishda aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlariga cheklov o‘rnatilmagan - Transport vazirligi

So‘nggi kunlarda mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligi sababli Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Toshkent shahriga kirishda bir qator cheklovlar o‘rnatildi.

Ikki hafta davomida, ya'ni joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish taqiqlanadi.

Kun.uz muxbirining Transport vazirligi axborot xizmati orqali aniqlashicha, Toshkentga kirishda o‘rnatilgan cheklovlar aviaqatnovlar va temir yo‘l xizmatiga tegishli emas.

“O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan poytaxtga kirishda aviaqatnovlar hamda temir yo‘l qatnovlari bekor qilinmagan. Ushbu transport vositalarida barcha sanitariya va epidemiologiya tartib-qoidalariga amal qilgan holda qatnovni amalga oshirish mumkin”, deya ma'lum qildi vazirlik axborot xizmati.

Shuningdek, Toshkent shahriga kirishda cheklov quyidagi holatlarga tatbiq etilmaydi:

  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) chet el fuqarolariga;
  • davolanish uchun tashrif buyurayotgan shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hududlardan keluvchi shaxslarga (ish joyi to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjat bo‘lgan taqdirda);
  • Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketuvchi shaxslarga (aviachipta bo‘lgan taqdirda);
  • O‘zbekiston Respublikasiga turist bo‘lib kelgan chet el fuqarolariga va ularni olib kelayotgan avtotransport vositasining haydovchisi hamda agar guruhli jamoa bo‘lsa, tarjimon yoki turistik firma vakiliga;
  • barcha turdagi yuk tashish, shuningdek, qurilish materiallari (qum, shag‘al va boshqalar) bilan bog‘liq hollarda, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini har qanday avtotransport vositalarida hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta jo‘natmalarini tashish bilan bog‘liq hollarda;
  • sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga.

Mavzuga oid