O‘zbekiston | 17:54 / 27.06.2021
24731
6 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis vaksina olgandan keyin ham kasallanish holatlari bo‘lishiga izoh berdi

Zangiotadagi shifoxonada davolanayotgan bemorlarning 11 nafari birinchi vaksinatsiya bosqichidan so‘ng shifoxonaga murojaat qilgan. Shifoxona rahbari Anvar Husanov vaksina dozalarini to‘liq qabul qilishga ulgurmaganlar virusga chalinsa-da, kasallik yengil o‘tishini, pandemiyani faqat vaksinatsiya bilangina to‘xtatish mumkinligini ta'kidlagan.

Bugun butun dunyoda koronavirus infeksiyasini yengish va pandemiyani to‘xtatish uchun barcha chora-tadbirlar ishga solinmoqda, shu bilan birgalikda, kasallikka qarshi emlash u bilan kurashishning eng samarali usuli ekani tobora oydinlashib bormoqda.

COVID-19 infeksiyasiga qarshi emlash pandemiyani to‘xtatishga qodirmi? Aslida koronavirusga qarshi vaksinatsiya nima uchun kerak? Nega bugun emlash tadbirlariga bu qadar jiddiy e'tibor berilmoqda? SSV matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovga murojaat qildi.

Mutaxassis dunyo tajribasiga ko‘ra, vaksinatsiya jarayonlari kasallikning oldini olishda qanday samara berayotgani haqidagi savolga javob bergan.

«Ma'lumki, bugun COVID-19 infeksiyasi odamlarni qo‘rquv va tahlikada ushlab turgan jiddiy kasalliklardan biriga aylandi. Afsuski, o‘tgan bir yildan ortiq vaqt davomida kasallik qanchadan qancha insonlar yostig‘ini quritdi.

Aytish lozimki, shunday og‘ir va murakkab sharoitda bu xastalikka qarshi samarali kurashish uchun bir necha vaksinalar yaratilib, ayrim mamlakatlarda ushbu vosita yordamida pandemiyani jilovlashga erishilmoqda.

Misol uchun, hozirgi paytda Isroilda COVID-19 bilan kasallanish holatlari bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida eng past ko‘rsatkich qayd etilmoqda. Ushbu yurt aholisining 53 foizi koronavirusga qarshi to‘liq 2 dozada emlanishi shifoxonalarda COVID-19ni davolashga mo‘ljallangan bo‘limlarning butunlay yopilishiga sabab bo‘ldi.

Hindistonda esa aksincha emlash bilan bog‘liq tadbirlar sust ketayotgani sababli epidemik vaziyat qaltis bo‘lib turibdi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda ushbu mamlakatda kuniga 50-100 mingdan ortiq inson koronavirusni yuqtirib olmoqda. Shu bilan birga, bunday murakkab vaziyat virusning yangi mutatsiyalari paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘layotir. Shunday bo‘lsa-da, vaksina dunyo aholisi o‘rtasida virusning barcha mutatsiyaga uchragan turlariga qarshi tura oladi», deydi u.

Mutaxassis emlanishning himoyasi kasallikni boshdan o‘tkazib immunitet hosil qilishdan ko‘ra yaxshiroq ekanini aytib o‘tgan. 

«Shuni ayta olamanki, emlanishning himoyasi kasallik o‘tkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroqdir. Chunki emlashda neytrallovchi antitanachalar miqdori kasallik o‘tkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, vaksina olmagan insonlarda kasallikning og‘ir kechishi va o‘lim holati kuzatilishidan tashqari, ularni kasallikning asoratlari qiynaydi, bunday insonlarda uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin.

Ma'lumki, bugun xalqimiz salomatligini asrash, ularni bu kasallikdan himoya qilish maqsadida yurtdoshlarimiz bepul emlanmoqda. Bu ham bo‘lsa, insonparvarlikning chinakam ifodasidir.

Biroq yaratib berilgan mana shunday imkoniyatdan foydalanmaslik, nafaqat o‘zimiz, balki yaqinlarimiz salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Afsuski, emlanishga ana shunday bepisand munosabatda bo‘lgan va bugun shifoxonamizning reanimatsiya bo‘limida havo yetishmasligi va nafas qisishidan qattiq azob chekayotgan bemorlarning holatini ko‘rib, ochig‘i, yuragim eziladi. O‘rni kelganda, hatto, ularga biz shifokorlar ham yordam bera olmayotganimizdan qiynalaman. Zero, pandemiyani faqat vaksinatsiya bilangina to‘xtata olamiz», deya uning so‘zlarini keltirgan SSV matbuot xizmati.

Anvar Husanov odamlar orasida tarqalgan «koronavirusga qarshi vaksina olsa ham kasallanish mumkinligi» haqidagi gap-so‘zlarga ham izoh bergan.

«Shuni aytish kerak, hozirda olinayotan barcha vaksinalar koronavirusning mavjud shtammlaridan himoya qila oladi. Eng asosiysi, COVID-19ga qarshi emlanish kasallikning noxush va og‘ir asoratlaridan asraydi. To‘g‘ri, ayrim hollarda vaksina olgandan keyin ham kasallanish mumkin, biroq bu holat asosan vaksinatsiyaning faqatgina birinchi bosqichidan o‘tgan, ya'ni uni belgilangan tartibda to‘liq olmagan insonlarda kuzatiladi.

Xususan, ayni paytda shifoxonamizda davolanayotgan 11 nafar bemor aynan birinchi vaksinatsiya bosqichidan so‘ng shifoxonaga murojaat qilgan bo‘lib, ularning immun tizimida neytrallovchi antitanachalarning (Nab) titri hali to‘liq shakllanmagan davrda kasallanish yuz bergan. Biroq shunday bo‘lgan taqdirda ham bunday bemorlarda xastalik yengil va simptomlarsiz o‘tadi. Ya'ni, og‘ir asoratlar va o‘lim holatiga olib kelmaydi.

Aslida esa koronavirusga qarshi immunitet vaksinaning ikkinchi yoki uchinchi dozasidan so‘ng 3 hafta davomida shakllanadi. Shu davrda emlangan inson o‘zini shaxsiy muhofaza qilishi o‘ta muhimdir.

Shu ma'noda, koronavirus infeksiyasi tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan bemorlarni davolayotgan shifokor sifatida barcha yurtdoshlarimizdan vaksinatsiya tadbirlariga jiddiy e'tibor berishlarini so‘ragan bo‘lardim», degan mutaxassis.

SSV ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi sutkadagi emlash jarayonida koronavirusga qarshi 100 ming dozadan ortiq vaksina qo‘llangan. Ulardan 66 827 dozasi birinchi bosqichda, 17 034 dozasi ikkinchi bosqichda hamda 16 319 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llangan.

Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi jami 3 280 736 doza vaksinadan foydalanilgan, ularning 1 145 294  dozasi ikkinchi va 202 467 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llangan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 1 932 975 kishini tashkil etmoqda.

Mavzuga oid