Jahon | 21:06 / 28.06.2021
12475
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng yirik banklari reytingi e'lon qilindi

Reytingdagi dastlabki to‘rtta o‘rin Xitoyning ICBC, China Construction Bank, Agricultural Bank of China va Bank of China banklariga tegishli.

Britaniyaning The Banker jurnali dunyoning eng yirik 1000ta banki reytingini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, «dunyoning eng yirik banklari koronavirus pandemiyasi bosimiga dosh bera oldi». Ularning birgalikdagi kapitali 12,7 foizga — 9,9 trln dollargacha, aktivlari esa 148,6 trln dollargacha oshdi. 

Shu bilan birga, ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, banklarning umumiy daromadi 19,2 foizga kamaygan. Dunyoning 16 mamlakatidagina banklarning umumiy daromadi kamaymagan — ular qatoridan Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va Shveytsariya o‘rin olgan. AQSh, Kanada, Fransiya, Avstraliya va Rossiyada banklarning umumiy daromadi pasayishi qayd etilgan.

Reyting mualliflarining bildirishicha, Xitoy jahon bank sanoati drayveri bo‘lib qolmoqda: mamlakat banklarining birinchi darajadagi umumiy kapitali 18,6, aktivlari esa 18,4 foizga o‘sgan.

Xitoyning 144ta banki dunyoning eng yirik 1000ta banki reytingidan o‘rin olgan bo‘lib, ularning umumiy kapitali 2,96 trln dollarni tashkil etadi. Bu esa reytingda 178ta banki joylashgan AQShdan (1,58 trln dollar) qariyb ikki baravarga ko‘p.

Reytingdagi dastlabki to‘rtta o‘rin Xitoyning ICBC, China Construction Bank, Agricultural Bank of China va Bank of China banklariga tegishli.

Beshinchi va oltinchi o‘rinlarda AQShning JP Morgan Chase va Bank of America banklari, yettinchi o‘rinda esa AQShning yana bir banki Citigroup joylashgan.

Britaniyaning HSBC banki sakkizinchi, AQShning Wells Fargo banki to‘qqizinchi va Yaponiyaning Mitsubishi UFJ Group banki o‘ninchi o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid