O‘zbekiston | 18:52 / 28.06.2021
14956
6 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Ta'mirlanayotgan Shahidlar xotirasi xiyoboni

Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” majmuasi ta'mirlanishi so‘nggi vaqtlarda jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi.

Muhokamalar xiyobonda avvaliga kafe va do‘konlar ham qurmoqchi bo‘lishganidan boshlangandi. Tanqidlardan so‘ng bular loyihadan chiqarildi. Ammo ko‘p o‘tmay, ta'mirlash ishlarini olib boruvchi pudratchi tendersiz tanlangani, bu ishlar uchun xarajatlar qisman xiyobon atrofidagi yerlarni sotish hisobiga qoplanishi ma'lum bo‘ldi.

Ushbu voqealarni yoritish bilan bir vaqtda, poytaxtdagi parklar mavzusida turkum maqolalar berib kelayotgan Kun.uz “Shahidlar xotirasi” xiyobonidagi ta'mir jarayoni bilan tanishishga qaror qildi.

Xiyobonni rekonstruksiya qilish loyihasi menejyeri Alisher Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ tashkil etilganiga 21 yil bo‘lgan bo‘lsa, ushbu davr mobaynida o‘z funksiyasini to‘laqonli bajarmagan. Misol uchun, sug‘orish tizimi atigi 35 foizi ishlagan, energiya resurslari ortiqcha isrof bo‘lgan.

“Biz hozir bu yerga hech qanday qo‘shimcha kafe yoki shunga o‘xshash obektlar qurish niyatimiz yo‘q. Parkni saqlab qolish maqsadida rekonstruksiya qilyapmiz. Buning ichiga “bruschatka”larni, chimlarni yangilash, yangi asfalt yotqizish, anhor bo‘yidagi tosh qoplamani granitga almashtirish, 1740 tup turli xildagi daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish kabi ishlar reja qilingan.

Rekonstruksiyadan keyin, bog‘ odamlar kelib toza havoda hordiq chiqaradigan maskanga aylanadi. Avval yoritish tizimi yaxshi bo‘lmagani uchun parkdan to‘la foydalanilmagan, odamlarni o‘ziga jalb etmagan. Endi esa bu yerda 250ga yaqin yoritish uskunalari qo‘yiladi.

Shuningdek, majmua ko‘rki bo‘lgan fontan ayanchli ahvolga kelib qolgan edi, biz fontanni ham rekonstruksiya qilib, chiroyli ko‘rinishga keltirishni reja qilganmiz.

Shahidlar xotirasi xiyoboni bo‘lgani sababli, bu yerga bemalol oilaviy kelib, Qur'on tilovat qilishga sharoit qilyapmiz. Prezidentimiz yilda bir marta kelib, hukumatimiz tomonidan osh berish tashkil etilishi uchun muzey ro‘parasida alohida joy qilmoqchimiz.

Mo‘ljalimiz bo‘yicha majmua 1 sentyabrda foydalanishga topshiriladi”, – dedi Alisher Jumayev.

Alisher Jumayev

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonovning aytishicha, xiyobonga ekiladigan ko‘chatlar tuvakda yetishtirilgan, shu bois ularni yilning istalgan vaqtida yerga ko‘chirib o‘tqazish mumkin.

“Bu yerga ekilishi rejalashtirilgan daraxtlar tuvakda yetishtirilgan. Biologlar tomonidan shunday xulosa berilganki, bahorda yerdan tuvakka olib o‘tqazilgan daraxtlarni yilning istalgan faslida qayta yerga o‘tqazish mumkin. Daraxt ko‘chatlarimiz yarmi xorijda, yarmi esa o‘zimizda tuvakda saqlanmoqda”, – dedi ekologiya boshqarmasi rasmiysi.

Biz, tabiiyki, ta'mirlash ishlari davomida xiyobondagi daraxtlarning kesilmayotgani masalasiga ham qiziqdik. Qurilish obekti rahbari Alisher Jumayev shu kungacha majmua hududida birorta daraxt kesilmagani va butalmaganini aytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda xiyobondagi daraxtlar kesilgani haqida yozilgan izohlarni eslatganimizda, Jumayev bu yanglish ma'lumot ekanini, daraxtlar kesilishi majmua hududidan tashqarida ro‘y berganini bildirdi.

Uning aytishicha, Ekologiya qo‘mitasi va mahalliy hokimlik ruxsati bilan, anhorning aholi yashash tarafidagi bir necha o‘n tup terak daraxti qurigan deb hisoblanib kesilgan.

Alisher Jumayev bir necha kun oldingi bu voqeaning pudratchi kompaniyaga aloqasi yo‘qligi, anhorning narigi tarafini ham obodonlashtirishi haqidagi qaror endi chiqqanini bildirdi.

“Anhorning aholi uylari tarafdagi qismini ham rekonstruksiya qiladigan bo‘ldik, bunday qaror endigina chiqdi. Bu joyda gazonlar va bruschatkalarni tartibga keltiramiz, yo‘lni qayta asfalt qilib, yoritish tizimlarini o‘rnatamiz. Buning qarori bizga yaqinda chiqdi”, – dedi qurilish menejyeri.

Yunusobod tumani bioxilma-xillik bo‘limi inspektori Orifjon Normatov park hududidagi daraxtlar obodonlashtirish bo‘limi bilan birgalikda xatlovdan o‘tkazilgani, xatlov asosidagi ro‘yxat mavjudligini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 ming tupdan ortiq daraxt ro‘yxatga olingan, rekonstruksiyadan avval 20-25 tup daraxt qurigani aniqlangan.

Biz lavhani suratga olish mobaynida hududni aylandik, keyin esa majmuaning sun'iy yo‘ldosh orqali olingan avvalgi suratlari va hozirgi holatini taqqosladik. Aytish joizki, biz guvoh bo‘lgan joylarda daraxtlar kesilgani holatini payqamadik.

Biz Toshkent bog‘laridagi holatlar haqida ma'lumot berib borishda davom etamiz. Keng jamoatchilikni ham poytaxtimizda shundog‘am kamayib borayotgan yashillikni asrashda faollikka chaqirib qolamiz.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Otaxon Yusupov

Mavzuga oid