Sport | 18:33 / 29.06.2021
14531
11 daqiqa o‘qiladi

Kopa Amerika: Messida dubl va mutlaq rekord. Argentina Braziliya bilan finalgacha to‘qnashmaydi

Amerika Kubogi mezbonlari guruh turnirini Ekvadorga qarshi durang bilan yakunladi.

Amerika Kubogi. V guruhi
Braziliya — Ekvador — 1:1 (1:0)
Gollar: Eder Militau, 37 (1:0). Mena, 53 (1:1).
Braziliya: Alisson, Markinos, Eder Militao, Emerson, Lodi (Danilo, 49), Fabino, Duglas Luis (Kazemiro, 64), Lukas Paketa (Everton Ribeyru, 78), Roberto Firmino (Vinisius Junior, 63), Gabriel Barboza, Everton (Risharlison, 78).
Ekvador: Galindes, Arboleda, Estupinyan, Anx.Presiado (Pineyda, 84), Palasios (Plata, 72), Xinkape, Ayr.Presiado, Franko, Mendes, Moy.Kaysedo (Mena, 17), Valensiya.
Ogohlantirish: Estupinyan, 83.
27 iyun. Goyaniya. Olimpiko» stadioni.

Guruhda birinchi o‘rinni kafolatlab bo‘lgan Braziliya uchun turnir nuqtayi nazaridan ahamiyatsiz bo‘lsa-da, bu brazillar uchun tarixiy voqea edi. Pentakampeonlar milliy terma jamoa darajasida 1000-rasmiy o‘yinni o‘tkazishdi. Va bu o‘yin Neymarning ishtirokisiz kechdi, u zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. O‘tgan safar jarohatlangan yulduzsiz ham Amerika Kubogini qo‘lga kiritgan Tite, birinchidan «o‘nlik» futbolchisiga pley-offdan oldin dam berdi. JCh-2022 saralashida ham o‘ynagan Neymar va 20 kun ichida besh o‘yinda to‘liq harakat qilgan yana bir necha yetakchilar hordiq chiqarish imkoniga ega bo‘lishdi.

Ikkinchidan, murabbiylar shtabi eksperimentlarni davom ettirishga qaror qilishdi. Ulardan eng ko‘zga tashlangani «Barselona»ga qaytgan Emerson o‘ng qanot himoyasidan o‘rin olgani, tayanch yarimhimoyasida Duglas Luiz — Fabino juftligi, Roberto Firmino hujum markazida va Everton chap qanot hujumida o‘ynagani bo‘ldi. Ikki yil muqaddam Neymar yo‘qligida u bu pozitsiyada ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgandi. Ochko suv va havodek zarur bo‘lgan ekvadorliklar ilk daqiqalardan oldinga tashlanishdi va Alisson darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratishdi.

Ammo Moyses Kaysedo jarohat olib safdan chiqqach, o‘yin ekvadorliklar darvozasi oldida kecha boshladi. Brazillar jon-jahdi bilan o‘ynamagan bo‘lsa-da, jamoa bajargan ish hajmi o‘yinda to‘liq ustunlik qilish uchun yetarli bo‘ldi. Bundan tashqari, pley-off arafasida standart vaziyatlardan foydalanishdagi muvaffaqiyat Titeni xursand qilmay qolmasdi. O‘tgan turda ham burchak zarbasi g‘alabani ta'minlagandi. Bu safargi o‘yinda Everton jarima zarbasidan keyin to‘pni Eder Militaoning boshiga qo‘ndirib qo‘ydi va Eder «Real»dagi jamoadoshi Serxio Ramos uslubida darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga oldi.

O‘yinda Braziliya uchun yoqimsiz holatlar ham ro‘y berdi. Ikkinchi bo‘limda Renan Lodi jarohat olib, Daniloning dam olishiga qo‘ymadi - «Atletiko» himoyachisining jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi. U maydonni ko‘zda yosh bilan qiynalib tark etdi, uning holati qanchadir vaqt davomida jamoaga ham ta'sir qildi va bundan raqib foydalanib qoldi. Burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda brazillar to‘pni uzoqlashtira olishmadi va Valensiya himoyachilar ortida ochilgan Menaga bosh bilan to‘pni tashlab berdi, unga esa Markinos ham, Alisson ham xalal bera olmadi.

Bu yagona epizod emasdi. Goldan ilhomlangan mehmonlar brazillarni jarima maydoniga qamab qo‘ydi, Tite Kazemironi o‘yinga tashlash orqali tayanch zonasini mustahkamlashga majbur bo‘ldi. Bu vaqtga kelib toliqib qolgan Firmino o‘rnini Vinisius Junior egalladi. Ammo yosh forvard xuddi «Real»da bo‘lgani kabi yaqqol golli vaziyatni yo‘qqa chiqardi, Lukas Paketaning ajoyib pasi golga aylanmay qoldi.

Yakundagi durang hech kimni xafa qilmadi. Braziliya birinchi o‘rinda qoldi va chorak finalda keyingi guruhning eng kuchsiz jamoasiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, Ekvador guruh jadvalida koronavirusdan jabrlangan Venesuelani ortda qoldirdi va pley-offda Argentinaga raqib bo‘ladigan bo‘ldi.

Venesuela — Peru — 0:1 (0:0)
Gol: Karrilo, 48.
Venesuela: Farines, Rosales (Gonsales, 69), Vilyanueva, Ferraresi, Ernandes, Mago, Moreno, Savarino (Otero, 59), Kasseres (X.Martines, 59), Kastilo (Soteldo, 69), Kordova (Urtado, 78).
Peru: Galese, Korso, Kalens, Trauko, Arauxo, Kueva (Valera, 82), Yotun, Karrilo (Kartaxena, 73), Tapiya (Garsiya, 73), Penya, Lapadula (Ormeno, 83).
Ogohlantirish: Ernandes, 21.
27 iyun. Brazilia. Milliy stadioni.

Peruliklar ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish orqali pley-offda kuchli raqibdan qochishdi - agar ular uchinchi o‘rinda qolishganida A guruhda ikkinchi o‘rinni egallaydigan Urugvay bilan to‘qnashgan bo‘lardi.

Argentinaliklar Amerika Kubogida guruh bosqichini ishonchli g‘alaba bilan yakunladi

Amerika Kubogi. A guruhi
Boliviya — Argentina — 1:4 (0:3)
Gollar: Gomes, 6 (0:1). Messi, 33 — penaltidan (0:2). Messi, 42 (0:3). Saavedra, 60 (1:3). L.X.Martines, 65 (1:4).
Boliviya: Lampe, Bexarano, Akim, Xusino, Fernandes (Vayyar, 81), Saavedra (Vilyarroel, 85), Xustiniano, R.Vaka, Sespedes (Sagredo, 61), X.Alvares (Ramalo, 61), Chura (X.Vaka, 61).
Argentina: Armani, Petssela, Akunya, Montiel, L.Martines, Gomes (X.Alvares, 56), Palasios (Paredes, 71), Rodriges (Dominges, 71), Messi, Aguero (L.X.Martines, 63), Korrea (Lo Selso, 64).
Ogohlantirishlar: Ramalo, 86. Akunya, 90.
29 iyun. Kuyaba. «Arena Pantanal» stadioni.

Oldindan birinchi o‘rinni naqd qilib qo‘ygan brazillar so‘nggi turda qator yetakchilariga dam bergan bo‘lsa, Messi xotirjam bo‘la olmasdi. Hatto o‘yinda oldin hech qanday motivatsiyasi qolmagan, pley-offga chiqish imkonini yo‘qotgan Boliviyaga qarshi o‘yinda Leo terma jamoadagi rekord qayd etish (148-o‘yin) va jamoa guruhni birinchi o‘rinda yakunlashi uchun maydonga tushishi kerak edi. Ikkinchi o‘rin Kolumbiyani raqib qilardi - bu jamoa yaqinda JCh-2022 saralashida Lionel Skaloni shogirdlariga ikki gol urgandi (2:2). Boshqa tomondan Braziliya bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatgan Ekvador ham sovg‘a emas. 

Argentina uchun ikkinchi raqamli vazifa markaziy forvard kim bo‘lishini aniqlab olish edi. Dastlabki ikki turda kutilmaganda Lautaro Martines muvaffaqiyatsiz o‘ynadi, uchinchi turda esa Aguero «Manchester Siti»dagi so‘nggi mavsumidagi kabi ko‘rindi. Ya'ni jamoaga samara keltira olmadi. Ammo Skaloni yana Kunga ishonch bildirdi, u esa o‘yinning ilk daqiqalarida bir necha metr masofada turib boliviyaliklar safida bu turnirda yorqin o‘yin namoyish etgan darvozabon Lampega gol ura olmadi.

Ammo Lampe uzoq vaqt o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab tura olmadi, besh daqiqa o‘tib Messi dohiyona pas bilan to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi va Papu Gomes to‘pni to‘xtatmay zarba berdi - to‘p avval darvoza to‘siniga tegib to‘rga tushdi. 2017 yil oktyabridan buyon terma jamoa uchun bir o‘yinda bittadan ortiq gol urmagan Leo uchun bu o‘yin benefisga aylandi, dastlab penaltini aniq amalga oshirdi, keyin Kunning uzatmasini parashyut uslubida darvozabon ustidan oshirib yo‘naltirdi.

Golli pasidan keyin Aguero o‘rnini Lautaro Martinesga bo‘shatib berdi, Martines esa to‘pga birinchi teginishidayoq to‘pni darvozaga joyladi. «Inter» forvardi yana gollar urishi mumkin edi, ammo Lampe uni bir necha bor to‘xtatdi, yana bir gol esa ofsayd tufayli bekor qilindi.

Nima bo‘lganda ham 17 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan Skaloni uchun kimni markaziy hujumchi qilib tanlash borasida muammo ochiq qolmoqda. Yana bir muhim jihati — guruh g‘oliblari bo‘lgan Argentina va Braziliya — endi faqat finalda o‘zaro to‘qnashishi mumkin.

Urugvay — Paragvay — 1:0 (1:0)
Gol: Kavani, 21 — penaltidan.
Urugvay: Muslera, Godin (Koates, 46), X.Ximenes, Vinya, Vesino (Kaseres, 58), De Arraskaeta (Torres, 67), Nandes, De la Krus, Valverde (Torreyra, 76), Bentankur, Kavani (Suares, 68).
Paragvay: Silva, Alonso, Roxas, Alderete, Espinola (Martines, 57), G.Ximenes (Kubas, 74), Vilyasanti, An.Romero, Almiron (O.Romero, 33), Samudio (Sanches, 74), Avalos (K.Gonsales, 57).
Ogohlantirish: Alderete, 43. Alonso, 81.
29 iyun. Rio-de-Janeyro. Nilton Santos» stadioni.

Bu guruhda keyingi bosqichda Peruga tushish uchun uchinchi o‘rinni egallash ma'qulroq edi. Ammo paragvayliklar xursand bo‘lishga shoshilmasliklari kerak — ular birinchi bo‘limdayo asosiy yulduzlari Almirondan ayrilishdi. Urugvay g‘alaba qozonib, to‘rtinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi va Braziliyadan qutildi, ammo Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ham jamoani favorit deb bo‘lmaydi. Oskar Tabares bu o‘yinda aql bilan o‘yin vaqtini Suares va Kavaniga teng taqsimladi, shuningdek, pley-offda samarali qurolga aylanishi mumkin bo‘lgan 4-3-2-1 sxemasini sinab ko‘rdi.

Chorak finaldagi juftliklar

3 iyul. Peru — Paragvay (2.00)

3 iyul. Braziliya — Chili. (5.00)

4 iyul. Urugvay — Kolumbiya. (3.00)

4 iyul. Argentina — Ekvador. (6.00)

Mavzuga oid