Jamiyat | 19:04 / 30.06.2021
4616
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar» global tashabbusiga rasman qo‘shildi

«Yuksalish» umummilliy harakati BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda «Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar» global tashabbusini amalga oshiradi. 

«Respublikamiz aholisining 55 foizini yoshlar tashkil etadi va ular yurtimiz kelajagi va salohiyatidir. 20 yildan so‘ng bugungi bolalar va yoshlar O‘zbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Bugun yosh avlodning salohiyatini oshirishga (ta'lim, malaka, sog‘liqni saqlash) kiritilayotgan investitsiya ertaga meva bera boshlaydi, ya'ni aynan shu bolalar va yoshlar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Hukumatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, yoshlar bilan ishlash siyosatini takomillashtirishga davlatning ustuvor yo‘nalishi sifatida eng yuqori darajada e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlar uy-joyga ega bo‘lishiga, ta'lim olishiga, bandligiga, ijtimoiy himoyalanishiga katta mablag‘lar ajratilmoqda. Davlat rahbari yoshlar bilan muntazam muloqotda bo‘lish zarurligini ta'kidlaydi. Bu borada «Hokim va yoshlar» uchrashuvlari, Yoshlar parlamentlari muloqot uchun maydonga aylanib ulgurdi. Vazirlar, Yoshlar ishlari agentligi va prezidentning o‘zi yoshlar bilan tez-tez uchrashmoqda. 

Ushbu ishlarning mantiqiy davomi va yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuvlar taklifi sifatida «Yuksalish» umummilliy harakati BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda «Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar» global tashabbusini amalga oshiradi. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, har bir bola va yosh yigit-qiz ular uchun xavfsiz bo‘lgan, asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalana oladigan hamda ularning ovozlariga quloq tutib, fikr-mulohazalari e'tiborga olinadigan muhitda o‘sish va rivojlanish huquqiga ega. 

Tashabbus mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida e'tibor qaratishga hizmat qiladi, shuningdek, bolalarning fikri va ehtiyojlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi bo‘lgan jamoatchilikni shakllantirishga yordam beradi.  

Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va tegishli ravishda joylarda harakat dasturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yo‘naltirilgan tizimli yondashuvni qo‘llashdir», deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida. 

«O‘zbekiston hukumati yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, ularning boshqaruvdagi ishtirokini oshirish masalalarini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. YuNISEFning "Bolalar va yoshlarga do‘stona shahar" global tashabbusi mahalliy darajada mavjud yoshlar dasturlariga tizimli yondashishga, samarali amalga oshirish va baholashga yordam beradi. 2021 yil O‘zbekistonda "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deya e'lon qilingan. Men, aynan shu yilda O‘zbekistonning ushbu tashabbusga qo‘shilayotganini ma'lum qilishdan juda mamnunman», deydi YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. 

Tashabbus doirasida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:  

  • yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish;
  • qo‘shimcha ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • yoshlar madaniyatini rivojlantirish;
  • xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;
  • sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish. 

 

«YUNISEF bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus muhim bo‘lgan yana bir masalani qamrab oladi. Bu — yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, muhim qarorlar qabul qilinishida ularning ishtirokini kengaytirish, yoshlarning ovozini eshitish. Bizning vazifamiz bu borada tizim yaratish, tadqiqotlar o‘tkazish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etishga qaratiladi. Tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirgan shaharlarga aynan yoshlar takliflarini, muammolarini hal etish uchun qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratish ham ko‘zda tutilgan», deydi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

O‘zbekistonda «Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar» dastlab turli viloyatlardagi 5ta shaharda amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy ko‘mak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish bo‘yicha dasturlar shahar hokimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Ma'lumot uchun: «Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar» global tashabbusi YUNISEF tomonidan 1996 yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi rezolyutsiyasi doirasida ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyo bo‘ylab 3 000ta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlarni qamrab olgan.

Tashabbusni amalga oshirishda, shuningdek, Oliy Majlis Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirligi, mahalliy hokimliklar hamkorlik qiladi.

Mazkur tashabbusni har ikki yilda bir marta shaharlar va tuman markazlari o‘rtasida ham o‘tkazish taklif qilindi.

Mavzuga oid