Jamiyat | 15:13 / 30.06.2021
8314
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryodagi Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘simlik dunyosiga 272 million so‘m zarar yetkazilgan

Surxondaryo viloyatida joylashgan Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘simlik dunyosiga 272 million so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi Hazratbobo o‘rmon bo‘limi 4-aylanma 7-kvartal hududidan 1812 tup, Hazratbobo o‘rmon bo‘limi 2-aylanma 3-kvartal hududidan 409 tup kovrak o‘simligining ildizini o‘rtacha 1-2 marotaba kesib, shirasi olingan.

Odamlar kovrak o‘simligi shirasini olish maqsadida uning ildizini kesib shikastlantirgan. Ushbu harakat oqibatida o‘simlik dunyosiga salmoqli zarar yetkazilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 36-moddasi talablari buzilgan.

Qayd etilishicha, Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi Hazratbobo o‘rmon bo‘limi hududida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori jami 272 million so‘mni tashkil etgan. Qonunbuzarlar tomonidan yig‘ib qo‘yilgan karton qog‘ozlar shu joyning o‘zida yo‘q qilingan.

Ta'kidlanishicha, hozirda qonuniy javobgarlik masalasini hal qilish va tabiatga yetkazilgan zararni undirishda amaliy yordam berish uchun to‘plangan materiallarni viloyat prokuraturasiga taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Mavzuga oid