O‘zbekiston | 17:03 / 02.07.2021
49083
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rasmiylari Twitter va TikTok'ka cheklov qo‘ydi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga qonunga zid ravishda ishlov berayotgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklandi, deya bayonot berdi “O‘zkomnazorat”.

Inspeksiya bayonotida qaysi tarmoqlar haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

“O‘zbekiston Respublikasi “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunining 271-moddasi talablariga zid ravishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar 2021 yil 2 iyuldan “Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestri”ga kiritildi va internet tarmog‘ida mazkur resursdan O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish o‘rnatilgan tartibda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar cheklandi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 iyul kuni ertalabdan o‘zbekistonliklar Twitter, TikTok, Skype va Vkontakte platformalariga kirishda muammolarga duch kelmoqda.

16 apreldan boshlab “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1 modda kuchga kirgan. Bu moddaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlar jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishi talab qilinmoqda.

Qonun kuchga kirgach, “O‘zkomnazorat” Google, Facebook, TikTok, Telegram va boshqalar doxil O‘zbekistondagi ommabop internet-servislar ma'muriyatiga ogohlantirish xatlari yuborgan. Ulardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni respublikaga olib kelib saqlash talab qilinyapti.

Rasmiylarga ko‘ra, olib kelinishi talab qilinayotgan shaxsiy ma'lumotlar sirasiga fuqarolar tarmoqda ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatadigan ism-familiya, telefon raqam va pasport ma'lumotlar kabilar kiradi.

“O‘zkomnazorat” boshlig‘i G‘olibsher Ziyoyev Kun.uz savoliga javoban shaxsiy yozishmalarni O‘zbekistonga ko‘chirish shart emasligini aytgan.

O‘zbekiston qonunchiligidagi bu yangilikni Facebook kompaniyasi salbiy qarshi olgan.

“Shaxsiy ma'lumotlarni davlat ichida saqlash iqtisod va inson huquqlari uchun yaxshi emas. Jahon bo‘ylab datani mahalliylashtirish foydalanuvchilarning shaxsiy hayoti, fikr erkinligi, xavfsizlik va inson huquqlariga sezilarli xavf tug‘diradi. Odatda bu hukumatning internet foydalanuvchisining shaxsiy ma'lumotini olish salohiyatini oshiradi”, – degan Facebook vakili aprel oyida BBC bilan suhbatda.

Malayziyadagi o‘zbekistonlik fan doktori, axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevning Kun.uz'ga tushuntirishicha, odatda ma'lumotlar bazalari yaxlit tizimda shakllantiriladi, ularning bir qismini ajratib olib, boshqa joyga ko‘chirish texnik va moliyaviy muammolarga sabab bo‘ladi.

“Katta kompaniyalar o‘zining ijtimoiy tarmoqlarini yaratganda minglab maxsus dizayner va arxitektorlar ma'lumotlar bazasini optimallashtirib, tezroq ishlashiga urg‘u berib ushbu bazani yaratadi. Lekin, hozir O‘zbekistondan chiqib: “Bu dasturga qancha pul sarflaganinglar bizga qiziq emas, bazaning mana bu qismini olasizlar-da, O‘zbekistonga joylab qo‘yasizlar”, deyilyapti. Bu – kompaniyalar uchun texnik tarafdan ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar va iqtisodiy xarajatlar tug‘diradi.

Ma'lumotlar bazasini yaxlitligicha tasavvur qilishimiz va qabul qilishimiz kerak, uning bir qismini ajratib O‘zbekistonga qo‘yib qo‘ya olmaysiz. Bu – butun tizimning ishlashiga ta'sir qiladi. Bu qonunning xorijiy mulkdorlarga qiyinchiliklari ko‘p”, – deydi mutaxassis.

Mavzuga oid