O‘zbekiston | 16:46 / 02.07.2021
15891
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Twitter va TikTok'ning ishlashi sekinlashdi. Avvalroq “O‘zkomnazorat” ularni ogohlantirgan edi

Bugun, 2 iyul kuni ertalabdan o‘zbekistonliklar Twitter va TikTok platformalariga kirishda muammolarga duch kelmoqda.

Bu ikki tarmoqni O‘zbekistondan turib ochish sekinlashgani haqida ko‘plab ijtimoiy tarmoq faollari yozmoqda. Shuningdek, Kun.uz sayti administratorlari ham saytning Twitter va TikTok platformalariga yangilik yuklashda qiyinchilikka duch kelmoqda.

Kun.uz gaplashgan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) matbuot kotibi TikTok ijtimoiy tarmog‘ida “nimadir bo‘layotgani”ni rad etmadi va bir necha soatlarda bu haqda rasmiy ma'lumot berilishini bildirdi.

Downdetector ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Twitter va TikTok ishlashida global muammolar kuzatilmayapti.

Ta'kidlash kerak, 16 apreldan boshlab “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1 modda kuchga kirgan. Bu moddaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlar jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishi talab qilinmoqda.

Qonun kuchga kirgach, “O‘zkomnazorat” Google, Facebook, TikTok, Telegram va boshqalar doxil O‘zbekistondagi ommabop internet-servislar ma'muriyatiga ogohlantirish xatlari yuborgan. Ulardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni respublikaga olib kelib saqlash talab qilinyapti.

Talab bajarilmagan taqdirda, bu servislar O‘zbekiston hududida bloklanishi ehtimoldan soqit qilinmayapti.

Malayziyadagi o‘zbekistonlik fan doktori, axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevning Kun.uz'ga tushuntirishicha, odatda ma'lumotlar bazalari yaxlit tizimda shakllantiriladi, ularning bir qismini ajratib olib, boshqa joyga ko‘chirish texnik muammolarga sabab bo‘ladi.

“Katta kompaniyalar o‘zining ijtimoiy tarmoqlarini yaratganda minglab maxsus dizayner va arxitektorlar ma'lumotlar bazasini optimallashtirib, tezroq ishlashiga urg‘u berib ushbu bazani yaratadi. Lekin, hozir O‘zbekistondan chiqib: “Bu dasturga qancha pul sarflaganinglar bizga qiziq emas, bazaning mana bu qismini olasizlar-da, O‘zbekistonga joylab qo‘yasizlar”, deyilyapti. Bu – kompaniyalar uchun texnik tarafdan ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklar va iqtisodiy xarajatlar tug‘diradi.

Ma'lumotlar bazasini yaxlitligicha tasavvur qilishimiz va qabul qilishimiz kerak, uning bir qismini ajratib O‘zbekistonga qo‘yib qo‘ya olmaysiz. Bu – butun tizimning ishlashiga ta'sir qiladi. Bu qonunning xorijiy mulkdorlarga qiyinchiliklari ko‘p”, – deydi mutaxassis.

  • Kecha, 1 iyul – Yoshlar kunida Toshkentdagi Botanika bog‘ida yoshlar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonish uchun nomunosib harakatlar qilayotgan yoshlarni tanqid qilib, mutasaddilarga buni nazoratga olish kerakligini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid