Jamiyat | 14:53 / 05.07.2021
43615
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng novcha melisasi: «Mashhurligim menga zavq va mas'uliyat bag‘ishlaydi»

Farg‘ona shahri ko‘chalarida bo‘yi qariyb ikki yarim metr keladigan ichki ishlar xodimini ko‘rgan odamning yuziga tabassum yuguradi. Novcha xodimni ko‘rganlar u bilan esdalik uchun suratga tushishga oshiqadi.

Kun.uz muxbiri Farg‘onada ko‘pchilik taniydigan, uzun bo‘yi sababli boshqa xodimlardan yaqqol ajralib turadigan mashhur Sherzod Sirojiddinov bilan suhbatlashib, uning bir kunlik hayoti haqida lavha tayyorladi.

Sherzod Sirojiddinov 1981 yilda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, O‘qchi qishlog‘i, Bozorboshi mahallasida tug‘ilgan. Oilada 4 o‘g‘il bo‘lib, u to‘ng‘ich farzand. 3 nafar ukasi bor. Ukalarining ham qad-qomati xuddi unikidek novcha.

Bo‘lajak militsioner 1998 yilda Andijon boks maktabiga borib, sport bilan shug‘ullanadi. 1999 yilda qishlog‘iga qaytib, dehqonchilik qila boshlaydi.

O‘sha paytda Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, hozirda prezident maslahatchisi bo‘lgan general-leytenant Tursunxon Xudoyberganov 2006 yilda Sherzod Sirojiddinovni O‘zbekiston tumani IIB binosi yonida tasodifan uchratib qoladi. U baland bo‘yi sababli mulozimning e'tiboriga tushadi.

Shundan buyon Sherzod Sirojiddinov ichki ishlar organlari xodimlari safida xizmat qilib kelmoqda. Avvaliga u 6 oy muddat Qo‘qon shahrida YPXda faoliyat yuritadi. Hozirda u Farg‘ona viloyati IIB PPX 1-batalon 3-otryadda safdor bo‘lib ishlaydi.

U 2008 yilda oila qurgan, 2011 yilda o‘g‘li Tursunxon Shohiddinov tug‘ilgan.

Sherzod Sirojiddinov ichki ishlar idoralari safiga qanday kelib qolgani haqida hikoya qilib berdi.

«2006 yilda Tursunxon Xudoyberganov meni tasodifan uchratib qolgach, ichki ishlar idoralari safiga qabul qilindim — 1 soatda xizmat formasini kiyganman.

Forma kiyganimdan keyin Qo‘qon shahrida YPXda faoliyat boshladim. Bir muddatdan keyin Farg‘ona shahrida malaka oshirdim. 2006 yildan buyon PPXda ishlab kelmoqdaman».

Sherzod Sirojiddinov uzun bo‘yning ijobiy va salbiy tomonlari haqida ham gapirdi.

«Bo‘yim 2 metr 20 sm, vaznim esa 150 kilo tosh bosadi. Bo‘yimning uzunligi o‘zim uchun ko‘p hollarda yaxshilikka deb bilaman. Baland joylarga bemalol narsamni qo‘ya olaman. Kuyib qolgan lampochkalarni bemalol almashtiraman.

Noqulay tomoni esa ko‘p joylarga sig‘masligimda. Ko‘pincha boshimni eshik kesakisiga urib olaman. Doimiy refleks bo‘lib qolgani — biror joyga kirishda doim enkayib kirishga to‘g‘ri keladi. Uncha-muncha mashinalarga sig‘mayman. Uning ichida arang o‘tiraman», deydi u.

U ustki kiyimlari va poyabzalini faqat buyurtma bo‘yicha tikib berishlari va el orasida bo‘lgan hurmati haqida gapirdi.

«Xizmat kiyimidan tashqari, fuqarolik kiyimlarimni ham «zakaz» qilaman. Mening o‘lchamimni bozorlarda topib bo‘lmaydi. Bozordagi kiyimlar sig‘maydi», deydi u.

Sherzod Sirojiddinovning sevimli mashg‘uloti boks. U bilan birgalikda boks maktabiga bordik. Xodim ish bilan birgalikda boks bilan muntazam ravishda shug‘ullanib turar ekan. Uning o‘g‘li ham boks bilan shug‘ullanadi. Yagona farzandi ham otasi kabi ichki ishlar xodimi bo‘lishini xohlaydi.

«2008 yilda uylanganman. O‘g‘lim bor. Baxtli hayot kechirib kelyapmiz. 2011 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim sportning boks turi bo‘yicha muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda. O‘g‘lim kelajakda ichki ishlar xodimi bo‘ladi.

Boks bilan shug‘ullanishni Andijon olimpiya zaxiralari sport kollejida boshlaganman. U paytda kichik janglar o‘tkazganman. Farg‘onada 15 yildan buyon Hamid aka Tursunov qo‘l ostida shug‘ullanib kelyapman.

Oilada to‘ng‘ich o‘g‘ilman. Mendan keyin 3 ukam bor. Ular ham bo‘ydor. Mening yelkamdan kelishadi. Dadam ham bo‘ydor bo‘lgan. Oilada eng bo‘yi balandi o‘zimman.

Farg‘onaning Qirguli mavzesida faoliyat olib boraman. Asosiy ishimiz jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta'minlashdan iborat.  

Noodatiy bo‘yim sabab ko‘chada yurganimda hamma meni taniydi. Xizmat faoliyatim bo‘yicha qiziq voqealar ko‘p bo‘ladi. Huquqbuzarlik qilgan fuqaro qochadigan bo‘lsa, uni darhol ushlab olaman. Boshqa xodimlar ham meni hurmat qilishadi. Meni juda ko‘pchilik taniydi. Bu esa menga zavq va mas'uliyat bag‘ishlaydi», deydi qahramonimiz.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid