O‘zbekiston | 19:18 / 05.07.2021
20785
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 6–8 iyul kunlari termik depressiya ta'siri ostida bo‘lishi kutilmoqda

O‘zbekiston hududlari 6-8 iyul kunlari termik depressiya sinoptik jarayoni ta'siri ostida bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 6-8 iyun kunlari havo harorati keskin ko‘tarilishi va ayrim hududlarda kunduzi +47...+48 darajagacha chiqishi prognoz qilingan. «O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, bu Markaziy Osiyo hududlari ustida termik depressiya kuzatilishi hisobiga yuz beradi.

«Meteorologiyada termik depressiya bu — sinoptik jarayon bo‘lib, unda Yer yuzasida past fronsiz bosim maydoni hosil bo‘ladi, o‘rta troposferada esa iliq balandlik o‘rkachi (yopiq izobaralarga ega bo‘lmagan katta bosimli joy yoki mintaqa) rivojlanadi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, termik depressiya sinoptik holatning yaqqol ifoda etilgan yozgi turidir, u faqat iyun oyidan avgust oyigacha rivojlanadi va odatda 2-3 kun kuzatiladi, 4-7 kun davomiyligidagi vaziyatlari kamroq davom etadi. Lekin oxirgi paytlarda iqlim o‘zgarishi tufayli termik depressiyaning davomiyligi ortmoqda.

Termik depressiyaning to‘lishi sovuq kirib kelishi natijasida vujudga keladi. Yoz oylarida sovuq frontlarning kirib kelishi odatda yog‘ingarchiliksiz, bulutsiz bo‘ladi. Biroq front o‘tishi tez-tez changli bo‘ronlar bilan kuchli shamollarni hosil qiladi.

  • Bundan oldinroq O‘zbekistonda 6–8 iyul kunlari Eron hududlaridan issiq havo massalarining kirib kelishi tufayli jazirama issiq kuchayishi kutilayotgani, ushbu kunlarda havo harorati iqlimiy me'yorlardan 5-8 darajaga yuqori bo‘lishi ma'lum qilingandi. 
  • Prezident Administratsiyasi hukumat va viloyat hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga havo harorati keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni yuborgan. Fuqarolarga kunning issiq vaqtida zarurat bo‘lmaganda uydan chiqmaslik tavsiya etilgan.

Mavzuga oid