O‘zbekiston | 21:05 / 05.07.2021
14676
5 daqiqa o‘qiladi

“Senzuraga xohish borligining belgisi” - ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi haqida internetda nima deyishyapti?

2 iyuldan boshlab, O‘zbekistonda Twitter, TikTok va Vkontakte ijtimoiy tarmoqlari hamda Skype platformasi faoliyati cheklandi. Bu – “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun talabi buzilayotgani bilan izohlanyapti. Hukumatning bu qadami internetdagi o‘zbek auditoriyasida salbiy qarshi olindi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev bu qonun qabul qilinayotganda qarshi ovoz berganini aytadi. Uning fikricha, fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini muhofaza qilish bahonasi bilan internetdagi ommabop tarmoqlarni cheklashga urinishdek ko‘rinayotgan bu ish ko‘proq salbiy oqibatga olib keladi.

“Masalan, foydalanuvchilar ommaviy ravishda cheklovlarni chetlab o‘tuvchi VPN kabi dasturlardan foydalanishni boshlaydi, nazorat butkul yo‘qoladi. Kamiga fuqarolarni qonunbuzarga aylanishga majbur qilamiz.

Tankka qarshi ketmon bilan jang qilishdek “axborot asri”dagi juda kulgili va absurd qaror.

Fuqarolarning mulk huquqi buzilsa jimlik, uyidan haydalsa jimlik, yeri majburan olib qo‘yilsa jimlik, fermer sarson yursa jimlik... Lekin uning shaxsga doir ma’lumotlarini muhofaza qilishga kelganda keskin choralar... G‘alatimasmi?” – deya savol qo‘ygan deputat.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa bu holatni senzuraga moyillik deb atadi.

“Ijtimoiy tarmoqlar ma’lumotlar bazasini O‘zbekistonda ikki dunyoda ham ko‘chirmasligini bila turib ham, shu qonunning qabul qilinishi aslida senzuraga xohish va moyillik haddan ziyod ekanini ko‘rsatadi.

Paydo bo‘lgan fursatdan foydalanish orqali senzura oyboltasining ishga tushirilishi aslida bu”, – deydi u.

Adliya vazirining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova esa hatto maktab bolalari ham cheklovlarni aylanib o‘tish uchun VPN'lardan foydalana boshlaganini yozgan.

Boshqa bir Twitter foydalanuvchisi mas’ullar internet tezligini oshirish ustida emas, uni bloklash ustida izlanishini taxmin qilgan.

Oliy Majlisning yana bir faol deputati Doniyor G‘aniyev qonunni xalq vakillari – deputatlar qabul qilganiga urg‘u bergan.

O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari, bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev mas’ullar Telegram'ni ham bloklab qo‘yishidan xavotirda ekanini bildirgan.

Shuningdek, ko‘plab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan cheklovlarni chetlab o‘tish uchun VPN'lardan foydalanish boshlanganiga urg‘u berishgan.

Shu bilan birga, bir necha tarmoq faollari prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi nutqida “internet yopilmaydi” deya ta’kidlaganini yodga olmoqda.

“O‘zbekiston hozir ochiq, oldingidek yopib qo‘yishga ilojimiz yo‘q. Chegaralarni yopmaymiz endi. Internet yopilmaydi. Ommaviy axborot vositalariga yana bir marta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bilan muloqot qilmagan rahbarlarning kelajagi bo‘lmaydi”, – degandi davlat rahbari 2020 yil kuzidagi nutqlaridan birida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 16 apreldan kuchga kirgan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga yangi qo‘shilgan 27-1 moddaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda saqlanishi talab qilinmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, olib kelinishi talab qilinayotgan shaxsiy ma’lumotlar sirasiga fuqarolar tarmoqda ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatadigan ism-familiya, telefon raqam va pasport ma’lumotlari kabilar kiradi.

“O‘zkomnazorat” boshlig‘i G‘olibsher Ziyoyev Kun.uz savoliga javoban shaxsiy yozishmalarni O‘zbekistonga ko‘chirish shart emasligini aytgan.

Malayziyadagi o‘zbekistonlik fan doktori, axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Anvar Narzullayevning Kun.uz'ga tushuntirishicha, odatda ma’lumotlar bazalari yaxlit tizimda shakllantiriladi, ularning bir qismini ajratib olib, boshqa joyga ko‘chirish texnik va moliyaviy muammolarga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mutaxassis VPN serverlarni ishlatishning katta xavfi – shaxsiy ma’lumotlar emas, balki taqiqlangan veb-saytlarga kirishi oson bo‘lib qolishida ekanligini aytgan.

“Aslida internetda davlat rostdan ham bloklashi kerak bo‘lgan narsalar bor. Masalan, pornografik, terroristik ma’lumotlar va qora bozor kabilar. Odamlar VPN'dan foydalanishni boshlagandan keyin bularning hammasi ochilib ketadi. Davlat mana shu tarafdan keladigan xavfni hisobga olishi kerak.

VPN ishlatish davlatning ziyoniga ishlaydi. Qolaversa, VPN ishlatgandan keyin sizning aloqangiz shifrlangan bo‘ladi, siz qaysi saytga kiryapsiz, umuman bilib bo‘lmaydi, natijada davlat buni nazorat qila olmay qoladi.

Ikkinchidan, bizda ko‘pincha bepul VPN serverdan foydalanishadi. Bilib olish kerakki, internetda bepul xizmat taklif qilinyaptimi, demak siz mahsulot bo‘lib xizmat qilyapsiz. Sizning ma’lumotlaringizdan istalgan yo‘lda foydalanishi, hatto, sizning o‘zingizga «shantaj» qilishi ham mumkin”, – deydi Anvar Narzullayev.

Mavzuga oid