O‘zbekiston | 22:13 / 05.07.2021
10143
3 daqiqa o‘qiladi

“Yozda daraxt ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilmaydi” - Ekoqo‘mita raisi o‘rinbosari

Yozda daraxt ko‘chirib o‘tkazishga hech qanday ruxsat bo‘lmaydi, sababi ko‘chirilgan daraxt yashab ketmasligi aniq, dedi Islombek Boqijonov Yashnoboddagi "daraxtlar qabristoni" masalasida Kun.uz'ga bergan izohida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sergeli–Qo‘yliq metro yo‘lini qurishda 700dan ortiq daraxtni kesish yoki ko‘chirish bo‘yicha hali ruxsat berilmagan.

Kun.uz 23 iyun kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “daraxtlar qabristoni” haqida ko‘rsatuv e'lon qilgandi. Unda tumanning Alimkent ko‘chasi bo‘ylab ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlar suvsizlikdan qurib borayotgani haqida so‘z boradi.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Behro‘z Ucharovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, bu holat uchun mutasaddilarga chora ko‘riladi.

“Mutaxassislarning bergan xulosasi asosida tegishli tashkilotlar va mas'ul xodimlarga nisbatan tabiatga yetkazilgan zararni qoplash chorasi qo‘llaniladi”, – dedi u.

Kun.uz “daraxtlar qabristoni” masalasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonovga ham yuzlandi. Boqijonov holatni joyiga borib ko‘rgani, bu yerdagi daraxtlar – 2020 yil oxirida, Yunusoboddagi Abay ko‘chasi kengaytirilishi munosabati bilan ko‘chirilgan daraxtlar ekanini aytdi.

“Daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazgach, ikki yil parvarish qilish majburiyati o‘tgan yili yo‘q edi, bu tartib mexanizm 2021 yildan boshlab amal qila boshladi. O‘tgan yilgi moratoriyda bu jihat ko‘zda tutilmagandi. Natijada ko‘chirib o‘tkazilganidan keyin ularni parvarish qilish e'tiborsiz qoldirilgan.

O‘sha joydagi ayrim daraxtlar yashab ketgan, ayrimlari yashamagan. Aksariyat yoshi katta daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishning o‘zi noto‘g‘ri. Uni ko‘chirib o‘tkazamiz deganda ham daraxtning yashash imkoniyati 50/50 bo‘lib qoladi. Shu sababli iloji boricha daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishda yoshiga qarash zarur. 5 yashargacha bo‘lgan daraxtlarni ko‘chirsa bo‘ladi.

Yozda daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha hech qanday ruxsat bo‘lmaydi, sababi u yashamasligi aniq», – ta'kidladi Ekoqo‘mita rahbariyati rasmiysi.

Boqijonovga ko‘ra, Sergeli-Qo‘yliq yerusti metrosi qurilishi sabab yo kesish, yoki boshqa joyga ko‘chirish uchun xatlangan 700dan ortiq daraxtlarni kesish yoki ko‘chirib o‘tkazishga hali ruxsat berilmagan.

Mavzuga oid