Sport | 17:32 / 12.07.2021
12841
8 daqiqa o‘qiladi

Sautgeyt aybdormi? Inglizlar murabbiyining penaltilar seriyasi bo‘yicha qarorlari haqida

Overtaymlar yakunidagi ikkita almashtirish – mutlaqo mantiqiy yurish bo‘lgandi.

Foto: LAURENCE GRIFFITHS/GETTY IMAGES

Angliya Yevropa chempionati finalida Italiyaga penaltilar seriyasida yutqazdi va uzoq vaqt kutilgan xalqaro sovrindan yana benasib qoldi. 11 metrlik zarbalar seriyasi juda hayajonli va noodatiy kechdi: Sautgeyt 120-daqiqa arafasida ikki o‘zgarish amalga oshirdi, Henderson va Uoker o‘rniga Rashford va Sancho tushirildi, ammo bu ikki yangi kuchning ikkisi ham o‘z imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi. Hal qiluvchi zarbani berishda esa Saka xatoga yo‘l qo‘ydi, u ham ikkinchi bo‘lim davomida maydonga tushgandi. Ko‘pchilik bunday muhim pallada nega bu 19 yoshli futbolchi nuqtaga yaqinlashganini tushunmayapti.

Endi Sautgeytni o‘zining xato qarorlari bilan g‘alabani raqibga taqdim etgan landovur deb atashmoqda. Lekin bu fikrlar obektiv emas, balki hissiyotga asoslangan, natijadan kelib chiqqan holda aytilgan bahodir. Ro‘y bergan hodisani yaxshiroq tushunish uchun o‘yinning 117-daqiqasiga, penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ketayotgan pallaga qaytish kerak.

Angliyaning azaliy muammosi
Angliyaliklarda hamisha penaltilar seriyasida g‘alaba qozonish muammo bo‘lib kelgan. Milliy jamoaning shtatdagi penaltichisi Keyn edi: faqat u bu ishni klubda ham terma jamoada ham barqaror ravishda amalga oshirib kelgan (faoliyatida jami 52 urinish, 88 foizlik muvaffaqiyat). Quyidagi suratda 2015 yildan boshlab final o‘yinidagi natijalar ham qo‘shib hisoblangan.

Undan keyingi ko‘rsatkich Rashfordniki, qolgan futbolchilar esa – o‘yinlarda 11 metrdan 10 martadan ortiq zarba bermagan. Overtaymlar oxirigacha maydonda qolgan ayrim futbolchilarda esa bu boradagi tajriba juda yomon edi. Grilishda – ikki zarba, Shou va Stounzda – bittadan, Uokerda – nol (u so‘nggi marta 2013 yilda «Tottenhem»da ekanida Angliya Ligasi kubogida penalti tepishiga to‘g‘ri kelgan), Hendersonda – ikki, ammo ikki urinishda ham xato qilgan. Henderson JCh-2018da Kolumbiyaga qarshi o‘yinda xato qilgan, Yevro-2020 arafasida Ruminiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham 11 metrdan gol urolmagandi.

Bu esa Italiya termasidagi penaltichilarning natijalari. O‘yin davomida almashtirib yuborilgan Immobile va Insinesiz ham ro‘yxatdagilarning tajribasi kattaligini ko‘rish mumkin.

Angliya darvozasi tomon Berardi, Belotti, Bonuchchi, Bernardeski va Jorjino tepishdi. Ulardan faqat Bernardeski va Bonuchchi faoliyati davomida o‘yinlarda 11 metrlik nuqtadan 10 martadan kamroq zarba berishgan, ammo ularning ikkisining ko‘rsatkichlari inglizlarnikidan yaxshiroq: Bernardeski – 2015 yildan buyon 9 urinishdan 7tasida aniq harakat qilgan, Bonuchchi – 6tadan 5tasida. Bonuchchi doimiy ravishda penaltilar seriyasida ishtirok etib keladi va deyarli har safar ishonchni oqlagan. U faqat bir bor xato qilgan – Yevro-2016 chorakfinalida Germaniyaga qarshi o‘yinda ham u yomon zarba bermagan, shunchaki Noyyer murakkab yo‘llagan to‘pga yeta olgandi (o‘sha o‘yinning asosiy vaqtida u Noyyerni dog‘da qoldira olgandi, penaltilar seriyasida esa Germaniya 6:5 hisobida ustun kelgan).

Sautgeyt nima uchun penaltilar seriyasi uchun ikki futbolchi tushirdi
Barchasi oddiy: murabbiylar shtabiga penalti tepishda tajribasi bor futbolchilar kerak edi. Shu tufayli overtaymlar oxirida Reshford va Sancho maydon chetida paydo bo‘ldi. Yuqoridagi suratda ko‘rsatilganidek, ular terma jamoada 11 metrlik zarbalarni ijro etish bo‘yicha ikkinchi va uchinchi ko‘rsatkichlarni qayd etib turishgandi.

Reshford – avvaldan «Manchester Yunayted»ning shtatdagi penaltichisi edi, Brunu Fernandesh kelgach, ikkinchi penaltichi. U hamisha o‘ziga xos tarzda penalti ijro etadi: mayda qadamlar tashlab yaqinlashadi, tayyorlanadi, keyin darvozabonning harakatiga qarab zarba beradi. Agar darvozabon o‘ngga yoki chapga harakat boshlab ulgurgan bo‘lsa, Rashford to‘pni qarama-qarshi tomonga yo‘naltiradi. Agar darvozabon joyida turgan bo‘lsa, Reshford burchaklardan biri tomon kuchli zarba yo‘llashga harakat qiladi. Donnarummaga qarshi duelda hujumchi barchasini to‘g‘ri qildi, pauza ushladi va darvozabonni o‘rnidan siljishga majbur qildi, ammo uning qarama-qarshi tomonga yo‘naltirgan zarbasi ustunga tegdi.

Sanchoda yakshanba kungi o‘yinga qadar 100 foizlik natija edi - 8 urinishda 8 gol. U so‘nggi ikki zarbasidagi harakatini o‘zgartirmadi, ammo uning darvozaning chap burchagiga yo‘llagan zarbasi yo‘nalishini Donnarumma topa oldi.

Hozirda Reshford va Sancho gol ura olmagani uchun barcha murabbiyni tanqid qilmoqda. Ammo Saugteyt seriyadan oldin ushbu tajribali penaltichilarga ishonch bildirmaganida ham tanqid ostida qolishi tayin edi.

Murabbiy o‘z ixtiyoridagi eng yaxshilarni maydonga tushirgandi. Ammo ular ishonchni oqlay olishmadi.

Nima uchun hal qiluvchi zarbani Saka berdi? Jamoa yetakchisi – Sterling qayerda edi?!
Sterling tepmaganining sabablari bor: penalti – uning kuchli jihati emas. Urinishlarining 44 foizidan foydalana olgan – juda yomon ko‘rsatkich. U so‘nggi ikki mavsumda to‘rtta penaltidan faqat bir gol urgan. Rahim 11 metrlik zarbalarni to‘g‘ri kelgancha tepadi,  murakkab maneralarsiz, bir nuqtaga qattiq tepmasdan. Odatda uning ko‘p zarbalari markazga beriladi, shu tufayli darvozabonlar Sterling nima qilishini oldindan o‘qiy olishadi. Balki Sterling to‘pga oltinchi bo‘lib yaqinlashgan bo‘lardi, lekin u asosiy ro‘yxatga qo‘shilmagani - asosli va mantiqiy edi.

Sakaga ishonch bildirish – bahsli qaror, Sautgeyt buning uchun aybni zimmasiga olib bo‘lgan. Ammo yaqqol nomzodlar ham yo‘q edi. Tarkibda Grilish, Stounz, Fillips kabi tajribali futbolchilar ham bor – lekin ular o‘z klublarida penalti tepib yurishmagan.

Fillips «Lids»da penalti tepganiga ko‘p vaqt bo‘lgan, ammo o‘shanda ham uchta imkoniyatdan faqat ikkita gol urgan. Shouda faqat bir urinish bo‘lgan «Vilyarreal»ga qarshi Yevropa Ligasi finalida — uning zarbasi golga aylangan, lekin darvozabon ochiqchasiga kuchsiz yo‘llangan to‘pni qaytarishiga bir baxya qolgandi.

Saka beshinchi bo‘lib qo‘yilgani u o‘yinni hal qilishi maqsadida qilinmagandi, shunchaki avvalroq zarba bergan to‘rt futbolchi aniq harakat qilishiga va Sakaga ish qoldirilmasligiga umid qilingandi. Lekin fakt shuki, «Arsenal» vingeri katta futbolda hali biror marta 11 metrdan zarba bermagan. Bukayo yoshlar o‘rtasidagi Angliya Kubogida, yoshlar terma jamoasi miqyosidagi o‘rtoqlik uchrashuvida hamda «Real» bilan o‘rtoqlik uchrashuvida penalti tepgan, shunda ham barcha urinishlari muvaffaqiyatli chiqmagan: ikki gol va bir xato.

U Donnarumma qarshisida xuddi Sancho kabi harakat qildi: darvozabon ortiqcha qiyinchiliksiz to‘pni to‘sdi.

Uni butun jamoa kelib yupatdi – Saka zaxiradan o‘yinga qo‘shilgach, maydondagi eng faol futbolchilardan bo‘lgandi.

Sautgeyt statistikaga va muayyan futbolchilarga tayandi, ammo ruhiyat va omad omili uning mantig‘idan ustunroq keldi. Murabbiyni bu qarorlari uchun ayblab bo‘lmaydi. Italiya tajribaliroq jamoa bo‘lib chiqdi va buni kerakli vaziyatda isbotladi.

Mavzuga oid