O‘zbekiston | 11:15 / 12.07.2021
2357
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda kuchli ta'sir qiluvchi dorilarni sotayotgan shaxslar ushlandi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sayxunobod tuman bo‘limi, Sirdaryo viloyati DXX hamda bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.Q. xaridor F.ga 150 dona kuchli ta'sir qiluvchi «Tropikamid» dori vositasini 12 million so‘mga sotgan vaqtda ushlangan.

Qayd etilishicha, uning ko‘rsatmalariga asosan davom ettirilgan tadbirda, M.Q.ga dori vositalarini yetkazib beruvchi sherigi A.X. 600 dona «Tropikamid» dori vositasini 30 million so‘mga o‘tkazish uchun olib kelgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta'sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid