O‘zbekiston | 12:22 / 12.07.2021
2996
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs ushlandi

Termiz shahrida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Illyustrativ foto/RIA Novosti

Ma'lum qilinishicha, IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha bo‘limining tezkor ma'lumotiga asosan, viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda, 2021 yilning 9 iyul kuni soat 9:00 lar chamasida Termiz shahri Do‘stlik mahallasi hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, ushbu mahallada vaqtincha yashab kelayotgan A.Rustamning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, hojatxonadan 2 dona sellofan paketga o‘ralgan jami 138.55 gramm bo‘lgan o‘tkir hidli giyohvand moddaga o‘xshash modda topilgan. Holat xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib, ushbu moddaning tarkibini aniqlash yuzasidan kimyoviy ekspertiza tayinlangan.

Qayd etilishicha, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘limining 2021 yil 9 iyul kuni bergan xulosasiga ko‘ra, A.Rustamning yashash uyidan olingan modda, sof vazni 78,18 gramm bo‘lgan gashish hamda 58,10 gramm opiy giyohvand moddalari ekani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda, Termiz shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 10 iyul kuni A.Rustamga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 hamda 273-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid